Breaking News

Vashingtonda Andijon voqealari xotirlandi


Shu kunlarda Andijonda qonli voqealar yuz berganiga bir yil to’ladi. 2005 yilning 13 mayida Andijonda aslida nima bo’lgani haligacha jumboq bo’lib qolmoqda.

Tortishuvlar davom etar ekan, Vashingtonda xalqaro xavfsizlik masalalari bo’yicha katta tahlilchisi Olga Olikerning fikricha, bir tomondan AQSh o’zini repressiv hukumatlardan uzoqroq tutishi kerak, biroq shu bilan birga bunday davlatlardagi ba’zi institutlarning rivojlanishiga yordam bermog’i lozim.

"Sudya va advokatlarni qayta tayyorgarlikdan o’tkazish kerak. Adliya tizimini isloh qilishda yordamlashish zarur. Dasturlarimizning samaradorligini oshirish yo’llarini o’ylashimiz kerak. Demak, buning uchun repressiv hukumatlar bilan aloqani butunlay uzmaslik kerak",-deydi Oliker xonim.

Anjumanda o’tgan yil 13 may otishmalaridan bir necha kun o’tgach o’zbekistonlik mustaqil jurnalist tomonidan yashirincha suratga tushirilgan hujjatli film namoyish etildi. Unda andijonliklarning otishmalarga munosabati, qabr toshlarda ismlar emas, raqamlar tushirilgan va ommaviy qabr deb hisoblangan joy, Qirg’izistonga qochib o’tgan qochqinlar bilan suhbat ko’rsatildi.

Filmni tomosha qilgan O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakiliga ko’ra, anjumanda faqatgina bir yoqlama munosabat aks ettirilgan.

"Elchixona anjumanda so’zga chiqish uchun rasman taklif etilmagan. Andijondagi qurolli jangarilar tomonidan suratga olingan va ularning hukumat binosini ishg’ol qilganlarini ko’rsatgan film negadir bu yerda ko’rsatilmadi. Agar G’arb davlatlari haqiqatdan ham haqiqatni tagiga yetmoqchi bo’lganlarida, O’zbekiston parlamenti tuzgan taftish komissiyasiga o’z vakillarini yuborgan bo’lardilar",-deydi O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi muovini Baxtiyor Ibragimov.

Anjumanda AQSh Kongressidan ikki vakil ham ishtirok etdi. Ularning biri Nyu-Jersi shtatidan Vakillar Palatasiga saylangan Kristofer Smit (Christopher Smith).

Efiopiya va Xitoyda xalqning hukumat qo’shinlari tomonidan o’qqa tutilganini misol tariqasida keltirib, kongressmen Smit o’z xalqiga tajovuz qilgan tuzumlar odatda jinoyatlar vaqt o’tishi bilan jamoatchilik esidan chiqadi deya umid qiladi, deydi.

"Karimov ham vaqt Andijon voqealarini hammaning esidan chiqaradi, deya umid qilmoqda",- deydi kongressmen Smit.

Arizona shtatidan saylangan ko’p yillik senator Jon MakKeyn (John McCain) AQShda 2008 yili bo’ladigan prezident saylovlariga ehtimoliy nomzodlardan biri hisoblanadi. Uning aytishicha, AQSh O’zbekistonga nisbatan umumiy siyosat ishlab chiqishi zarur.

"Har safar Qo’shma Shtatlar repressiv hukumatlarga yordam berganida, oxir-oqibatda bu siyosat uning o’ziga qimmatga tushgan. Noryega davridagi Panamani oling, Shoh zamonidagi Eronni oling. Ulardan keyin keladigan tuzumlar bundanda yomon bo’ladi. Ulardan biri - Eron bugungi kunda manfaatlarimizga katta xavf tug’dirmoqda",-deydi senator Makkeyn.

Kongressmen Smit va senator MakKeyn Markaziy Osiyoga tegishli qonun loyihasini qaytadan taqdim etayotganlarini ma’lum qildilar. Qonun qabul qilingan taqdirda, Markaziy Osiyoda demokratik loyihalar uchun har yili Kongress tomonidan katta mablag’ ajratiladi.

Mutaxassislarga ko’ra, Andijon voqealari O’zbekiston hukumatining tashqi siyosatiga katta o’zgarishlar kiritgan. Natijada O’zbekiston o’zini G’arb davlatlari va, ayniqsa AQShdan, yiroqlashtirib, Rossiya va Xitoy quchog’iga otgan. Biroq Olga Oliker nazarida, Rossiyaning prezident Karimovga ta’siri ko’pchilik taxmin qilganidek katta emas.

"Rossiya unga ta’sirini o’tkazmoqchi bo’lib, bosimni kuchaytirsa, Karimov o’zini qarama-qarshi tarafga olib qochishi mumkin. Ayniqsa Rossiya o’z odamini Karimovdan so’ng O’zbekistonda hokimiyatga keltirmoqchi bo’lsa. Shu bilan birga Rossiya bunda kuchli ehtiyoj sezmasa, voris bo’yicha qarorni Karimovning o’ziga qoldiradi",-deydi Oliker xonim.

O’zbekistondagi siyosiy muhit va 2007 yilda kutilayotgan prezident saylovlari oqibatida yuz berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlar ehtimoli ham anjumanda muhokama qilindi. O’zbekistonlik huquqshunos Nozima Kamalovaning fikricha, ayni damda Karimovning vorisi yo’q.

"Karimov o’z vakolatlarini shu paytgacha ikki marotaba uzaytirgan. Konstitutsiya bo’yicha bu so’nggi muhlat, biroq uni yana bir bor uzaytirishi ehtimoli ham yo’q emas",-deydi Nozima Kamalova.

Anjumanni kuzatish uchun yaqinda Ruminiyadan AQShga ko’chirilgan andijonlik bir necha qochqinlar ham keldilar. Ulardan birining taxmin qilishicha, prezident Karimov Andijondagi otishmalar va G’arb bilan aloqalarning yomonlashishiga olib kelgan siyosatidan pushaymon yeyayotgan bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG