Breaking News

Toshkentda Akromiya oqimi tahlil ostida


Yaqinda Toshkent Davlat Islom Unversitetida o`tgan anjumanda “Akromiylar” oqimi ekstremistik tashkilot ekani, so’nggi paytlarda O`zbekistonda ektremizm tahdidi kuchayayotgani qayd etilgan. Kuzatuvchilarga ko`ra esa O`zbekistonga diniy ektremizm emas, ijtimoiy portlash xavf solmoqda.

O`zbekiston Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi, Musulmonlar Idorasi va boshqa idora vakillari ishtirok etgan “Akromiylar afsonami – haqiqat” nomli anjumanda O`zbekistonga nisbatan diniy ekstremizm xafvi tobora ortib borayotgani ta`kidlangan. Anjumanda ishtirok etgan mutaxassilar “Akromiylar” diniy gurihi O`zbekistonda xalifat qurishga intilayotgani, terrorchilik harakatlari uyushtirganini ta`kidlagan.

Islom unversiteti ekspertlaridan biri Nurimon Abdulhasan, matbuotda ko`rsatilishicha, anjumanda O`zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgan tashqi kuchlar borligi va ular o`z siyosiy maqsadslariga erishish uchun mamlakatda ekstremizm tahdidi kuchayishidan, vaziyatning izdan chiqishidan manfaatdorligi haqida gapirgan. Uning fikricha, ayni paytda ektremistik tashkilotlarning faolligi oshgan va tahdid kuchaygan.

Mahalliy kuzatuvchilarning ta`kidlashlaricha esa O`zbekistondagi hozirgi paytdagi eng katta xavf ijtimoiy hayotdagi qiyinchiliklardir hamda xalqning ishsizlik va iqtisodiy sharoitdan noroziligidir.

Farg`ona vodiysidagi kuzatuvchilardan biri Abdusalom Ergashevga ko`ra O`zbekiston uchun diniy ekstremizm xavfi yo`q, ishsizlikdan va iqtisodiy vaziyatdan qiynalayotgan aholining ijtimoiy portlash xavfi reallashib bormoqda.

“Farg`ona vodiysidan o`n minglab ayollar, aholi tirikchilik, bola boqish maqsadida chetga chiqib ketishayapti, meva-cheva, tomorqa bilan tirikchilik qilayotganlar yaqindan o`z mahsulotlarini chetga chiqara olmay qoshimcha qiyinchiliklarga uchramoqda. Chetga mahsulot chiqarishga ham nazorat o`rnatilmoqda. Bularning hammasi ijtimoiy portlash xavfini yanada reallashtiradi” , - deydi Abdusalom Ergashev.

Abdusalom Ergashevga ko`ra “Akromiylar” hukumat tomonidan ko`tarilayotgan soxta shiordir. Uningcha, hanafiylik maktabiga rioya qiluvchi Markaziy Osiyoda aholining boshqa bir oqimni qo`llashi murakkab. “Akromiylar ” hukumat tomonidan soxtalashtirilgan harakat, deydi u.

Islom Universitetidagi anjumanda qatnashgan talabaga ko`ra, huquq tartibot organi noziri “Akromiylar” ni odamlarni ongini zaharlab, hukumatni egallashga intuluvchi, qurollangan guruh sifatida tasvirlovchi ma’lumotlar bergan.

Mahalliy ekspertlardan biri Bahodir Musayevga ko`ra, O`zbekistondagi avtoritar rejim siyosiy bo`shliqni yuzaga keltirgan va muxolif partiyalarni tayziq ostida qolmoqda. Iitimoiy – iqtisodiy jihatdan nochor aholining hukumatga nisbatan har qanday noroziligi ekstremistik harakat sifatida talqin qilinadi, deydi u. Bahodir Musayevga ko’ra, yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan Andijon voqealari ham hukumat tomonidan shu tarzda talqin qilingan.

XS
SM
MD
LG