Breaking News

Milliy motamni ko'zlab qilingan xalqaro namoyishlar


Andijon fojeasining bir yilligi oldidan dunyoning yirik shaharlarida namoyishlar bo’lib o’tdi. Sir emaski, O’zbekiston va xalqaro hamjamiyat, aniqrog’i G’arb 2005 yilning 13 mayida yuz bergan voqealar haqida turlicha faraz va qarashga ega va o’z xulosasiga kelgan.

Xo’sh, jahon siyosati belgilanadigan shaharlarda kuzatilgan kattayu-kichik namoyishlardan maqsad nima? Yoshu-qari muhojirlar va nohukumat tashkilotlar vakillari qilgan yurishlar nimani ko’zlaydi?

O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi oldida muxolifatchilar va boshqa faollar ishtirokida namoyish bo’ladi degan e’lonlarga qaramasdan, Vashingtonda 12 may kuni kutilgan namoyish bo’lgani yo’q.

Ammo, so’nggi kunlar ichida AQSh poytaxtida Andijon fojeasi xotirlandi, turli munozaralar tashkil etildi. Namoyishlar Moskva, Kiyev, Varshava, London, Bryussel, Nyu-York va boshqa shaharlarda o’tdi. Yevropada o’tgan namoyishlarni Andijon fojeasi haqida hujjatli film ishlagan Shohida Yoqub shunday izohlaydi:

“Bugungi protestlar butun jahonda yashayotgan o’zbeklarni to’plab, Andijon voqealariga, xalqaro hamjamiyatga o’z noroziligini ko’rsatish. Chunki bir yil o’tdi, hech qanday jiddiy choralar ko’rilmadi O’zbekiston hukumatiga qarshi, na Amerika hukumati tomonidan, na Yevropa Ittifoqi tomonidan,” – deydi Shohida Yoqub.

Uning ta’kidlashicha, G’arbning O’zbekistonga Andijon borasida o’tkazayotgan bosimi yetarli emas.

“Masalan, Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan sayohatga qarshi ta’qiq O’zbekiston prezidentini kiritmadi ro’yxatga. O’zbekiston rasmiylarining bank hisoblari Yevropada to’xtatilmadi, AQShning O’zbekiston bilan hamkorligi to’xtatilmadi. Hech qanaqa jiddiy chora ko’rilmadi. Bir yil bo’ldi, O’zbekistonga haligacha mustaqil kuzatuvchilar kiritilgani yo’q. O’zbekiston hukumati bunga ruxsat bermayapti. Shuning uchun, bizning nazarimizda, Yevropa Ittifoqi hamda AQSh O’zbekiston hukumatiga qattiqroq bosim ko’rsatishi kerak,” – deya ta’kidlaydi Londondan Shohida Yoqub.

10 May kuni Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyer O’zbekistonga inson huquqlari ahvoli yaxshilanishi uchun bosim o’tkazishda davom etamiz, dedi.

Nyu Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohi qarshisida o’tgan namoyishda Erk, O’zbekiston Demokratik Kongressi va Birdamlik harakati vakillari, Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti xodimlari, vatanni yaqinda tark etgan o’zbekistonliklar hamda Kolumbiya Universiteti talabalari ishtirok etgan.

Namoyish tashkilotchisi Farhod Inog’omboyev fikricha, o’tgan yilning 13 may kuni Andijonda kimlar halok bo’lganidan qat’iy nazar, milliy fojea ro’y berganini tan olish lozim.

“Qon to’kilishiga kim javobgar, kim uni buyruq bergan – bu bir narsa. Lekin u yerda soldatlar, ichki ishlar xodimlarimi, yoki Andijonlik vatandoshlarimizmi – o’zbeklarning qoni to’kilgan. Kim o’sha qonli voqealarga sababchi bo’lgan bo’lsa, kim o’q uzishga buyruq bergan bo’lsa, ana o’sha shaxslar javobgarlikka tortilishi kerak. Lekin 13 may kuni, mening fikrimcha, bu bir milliy fojea, milliy motam kuni deb e’lon qilinishi kerak,” – deydi Inog’omboyev.

Inog’omboyevning ta’kidlashicha, Andijon yuzasidan o’tgan yildan beri o’tkazilayotgan qator namoyishlarning ta’siri borki, g’arb davlatlari O’zbekistonga bosimni tobora kuchaytirmoqda. Namoyishlardan yana bir maqsad ko’zlangan.

“Aytmoqchimanki, siyosiy ta’sirdan tashqari insonlarning, odamlarning, dunyo hamjamiyatining O’zbekistonda olib borilayotgan mustabid rejimning hozirgi siyosatiga qarshi e’tiborini yanada kuchaytirish,” – deydi Nyu Yorkdan Farhod Inog’omboyev.

O’zbekistonning Moskvadagi elchixonasi qarshisida bugun o’tgan namoyishda 60 ga yaqin kishi ishtirok etgan. Namoyish tashkilotchisi – Bahrom Hamroyevga ko’ra:

“Asosiy malasa – qatag’onlarga uchraganlarni ozod qilish, O’zbekistonda insonlarning ozodlik va erkinligini ta’minlashni talab qilish.”

Hamroyevning bildirishicha, Moskva hokimiyati namoyishda 15 kishining ishtirok etishiga ruxsat bergan. Qolganlar esa unda kuzatuvchi sifatida qatnashgan.

“Rus tilida yozilgan asosiy shiorlar bu “Islom Karimov ubiytsa”, “Islom Karimov shayton” va Andijonda to’kilgan qonga Islom Karimov va O’zbekiston hukumatining Yevropa mamlakatlari va sudlari oldida javob berishini qat’iyan talab qilish,” – deydi Bahrom Hamroyev.

Moskvadan Bahrom Hamroyev, Londondan Shohida Yoqub, qolaversa Nyu-Yorkdan Farhod Inog’omboyev nazarida ham O’zbekiston hukumati Andijon voqealarini qanday ta’riflashidan qat’iy nazar, 2005 yilning 13 mayida aslida nima bo’lgani ustidan mustaqil xalqaro tergov ochish – bugunning asosiy talabi.

(Maqolani tayyorlashda Navbahor Imamova ko'maklashdi)

XS
SM
MD
LG