Toshkentda Andijon qurbonlarini xotirlashga yo'l berilmadi


Andijon voqealariga bir yil to`lishi rasmiy ma`lumotlarda ko`proq terrorchilik harakati, jamoatchilikni ogohlantirish kabi mavzular bilan ko`zga tashlanadi.

Biroq Andijonda bir yil avval qurbon bo`lganlarni xotirlash haqida matbuotda ham, rasmiy doiralarda ham munosabat aks etmagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko`ra, 2005 yilning 13 mayida Andijonda 187 kishi qurbon bo`lgan.

O`zbekistonda inson huquqlari faollarining Andijon qurbonlarini xotirlashga qaratilgan tashabbuslari keskin bosimga uchragan. Inson huquqlari faoli Yelena Urlayevaga ko`ra, 12 may kuni Toshkentdagi Jasorat maydonida Andijon qurbonlarini xotirlab tilovat o`qishga, qurbon bo`lgan yosh bolalar xotirasiga o`yinchoqlar qo`yishga muvaffaq bo`lishgan.

Biroq Andijon fojealarining mustaqil tergov qilinishi va tinch aholini o`qqa tutishga buyruq bergan O`zbekiston prezidentini jinoiy javobgarlikka tortish talabi yozilgan plakatlar ochilishi bilanoq, marosim qatnashchilariga hujum boshlangan.

Inson huquqlari faollari 13 may kuni ham Jasorat maydonida Andijon qurbonlarini xotirlash, ular ruhiga tilovat qilish marosimini o`tkazishga harakat qilgan, ammo bu harakat ham keskin bosimga uchragan.

Erk Demokratik Partiyasining Bosh kotibi Otanazar Oripovga ko`ra, rasmiy hukumat hozirgacha qurbonlarning ism-sharifini aniqlamagan. Hukumat ularni xotirlamagan bo`lsa-da, O`zbekistondagi jamoatchilik qurbonlarni unutmagan.

Uning aytishicha, 12 may kuni kechqurun soat 21.00 larda 10 daqiqa davomida Andijon qurbonlarini xotirlab O`zbekistonning turli burchaklarida jamoatchilik vakillari chiroqlarni o'chirib, norozilik bildirgan.

Andijon fojealaridan so`ng O`zbekistonda o`nlab sud jarayonlari o`tdi. Ularda O`zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini kuch bilan ag`darishda ayblanib, 200 ga yaqin kishi turli muddatlarga jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bu sud jarayonlarining adolatli ekanligi esa fojealarni mustaqil tergov qilishni talab qilgan xalqaro hamjamiyat tomonidan shubha ostiga qo`yildi.

Rasmiy hukumatga ko`ra, Andijonda diniy ektremistik guruhlar islom davlatini qurish uchun harakat boshlagan.

“Siyosat” axborot tahlil markazi eksperti Sharofiddin To`laganovga ko`ra, jangarilarning qamoqxonani va hokimyat binosini kuch bilan olishgani – e’tiroz talab qilmaydigan fakt. Uning ta’kidlashicha, agar hukumat kuch ishlatishni istaganda edi, boshidanoq jangarilarni yo`q qilishi mumkin edi. Biroq muzokara yo`llari ko`rilishi rejalangan, aholi ko`payib ketgach va jangarilar birinchi bo`lib o`q otgach, hukumat qoshinlari otishga majbur bo`lgan bo`lishi mumkin.

Mahalliy ekspertlardan biri Bahodir Musayevga ko`ra, hukumat Andijondagi namoyishchilarning ekstremistik tashkilotlar bilan hech qanday aloqasi yo`q ekanligini yaxshi bilgan, biroq shunga qaramasadan, boshqa ijtimoiy noroziliklarni oldini olish uchun, ularni qirg`in qilgan.

Andijon fojealaridan bir yil o`tib, hamon bu otishmalarda qancha tinch aholi qurbon bo`lgani haqida aniq ma`lumotlar mavjud emas. Qurbonlar sonini aniqlashtirishga uringan inson huquqlari faollari qamoqqa olingan, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lgan.

Norasmiy mal`umotlar qurbonlar sonining bir necha yuzdan bir necha minggacha borishi haqida dalolat beradi.

XS
SM
MD
LG