Breaking News

AQSh: O'zbekistonda senzura kuchaymoqda


Jurnalistlarni himoya qilish bo’yicha xalqaro qo’mitaning yaqinda chiqargan hisobotiga ko’ra, O’zbekiston senzurani kuchaytirayotgan davlatlarning o’ntaligidan joy olgan.

Hisobotda aytilishicha, prezident Islom Karimov Sovet davridagi diktaturani qaytadan o’rnatgan. Bunday diktatura jurnalistlar, inson huquqlari faollari va siyosiy muxolifatning ovozini yopish uchun ashaddiy siyosiy ta’qibga asoslanadi. O’zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan qiynoqlarni ishga solishi, mamlakatdagi nochorlik va islomiy muxolif harakat haqidagi xabarlarning tarqalmasligi uchun senzuraga qo’l urgan. Hisobot jurnalistlarni qamoqqa tashlash bo’yicha O‘zbekistonni yetakchi davlatlar qatoriga qo’shdi. 2005 yilda jami olti jurnalist panjara ortiga tashlangan.

2005 yil 13 may qonli voqealardan so’ng, O’zbekistonda chet-el va mustaqil ommaviy axborot vositalariga qarshi tayziq kuchaygan. Xabarlarga ko’ra, Andijonda yuzlab fuqarolar, shu jumladan ayol va bolalar ham, hukumat qo’shinlari tomonidan otib o’ldirilgan. O’shandan buyon Bi-Bi-Si, “Ozodlik” radiosi va Urush va tinchlikni yoritish instituti o’zlarining Toshkentdagi vakolatxonalarini yopishga majbur bo’lganlar. Bir necha xorijiy va chet-el matbuotiga ishlaydigan mahalliy jurnalistlar mamlakatni tark etgan.

Nosir Zokirov Andijondagi voqealarni yoritgani uchun qamoqqa tashlangan jurnalistlardan biridir. “Ozodlik” radiosining O’zbek xizmatida ishlagan Nosir Zokirov hukumatning Andijondagi harakatlarini qoralagan mahalliy shoir Haydarali Komilov bilan intervyu o’tkazgan edi. 2005 yil avgustida uni advokat bilan ham uchrashtirmay sud qilganlar. Zokirov aybdor deb topilib, olti oylik qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. Fevral oyida Nosir Zokirov ozodlikka chiqdi.

Prezident Karimov hukumati Gruziya, Ukraina va boshqa joylarda sodir bo’lgan demokratik harakatlardan cho’chigan holda matbuot va nodavlat tashkilotlarga tayziqini o’tkazayotgan bo’lishi mumkin. Biroq tarix sabog’i aniq: demokratik islohot haqiqiy va davomiy barqarorlikka olib keladi. Shu bois ham Qo’shma Shtatlar, deydi Davlat kotibi Kondoliza Rays, "O’zbekiston hozirgi yo’lidan qaytib o’z strategik qarorini islohotlar foydasiga chiqaradi, deb umid qilishda davom etmoqda."

XS
SM
MD
LG