Andijon bo'yicha O'zbekiston hukumati talqini targ'ib qilinmoqda


Andijonda qonli voqealar yuz berganiga bir yil to’lar ekan, AQSh poytaxtida 2005 yilning 12-13 mayida nima bo’lgani haqida turli tahliliy munozaralar va davra suhbatlari bo’lib o’tmoqda.

Siyosiy tahlil bilan shug’ullanuvchi Xadson institutida 16 may kuni Andijon voqealarini aks ettiruvchi video film namoyish etildi. Video film institutga O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan.

Xadson institutining bildirishicha, video 2005 yilning mayida Akromiya guruhi a’zolari tomonidan suratga olingan. Tashkilot nazarida Andijonda bosh ko’targanlarning tinchliksevar musulmon emasligiga guvoh bo’lasiz. Video film namoyishini O’zbekistonning AQShdagi lobbiychilari deya nom olgan tadqiqotchilar, jumladan Frederik Star, Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz tadqiqot instituti direktori va Zeyno Baran, Xadson institutining Yevrosiyo siyosati markazi rahbari uyushtirgan.

Filmda o’sha kuni Andijon markazining qanchalik gavjum bo’lgani va hukumatga qarshi bosh ko’targanlarning zo’ravonliklari ingliz tilida izohlanadi. Tasvirlar, O’zbekiston hukumatiga ko’ra, Andijon voqealarini tashkillashtirgan va yuzlab odamlar o’limiga sabab bo’lgan terrorchilar tomonidan olingan. Videofilmda tabiiy ovozlarni eshitish mumkin emas, faqat sharhlovchining xulosalari bilan tanishasiz.

O’zbekiston hukumati Andijon voqealarining xalqaro matbuotda qanday yoritilganini qat’iyan qoralab keladi. Xalqaro xavfsizlik bo’yicha izlanuvchi olim Kevin Jouns, Andijon voqealarini shaxsan kuzatmagan bo’lsada, Qirg’izistonda bo’lganligini va u yerda Andijondan kelgan ayrim qochqinlar bilan suhbatlashganini aytadi.

Unga ko’ra voqeaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. 13 may kuni Andijonda ko’p minglab qurollanmagan namoyischilar bilan birga puxta tayyorlangan, qurollangan jangarilar ham bo’lgan va ular hokimiyat binosini ishg’ol qilganlar. Qochqinlarning aksariyati, deydi Kevin Jouns, o’sha kuni Andijonda aslida nima bo’layotganini to’liq anglamaganlar ham. Ular, odamlar iqtisodiy imkoniyatlar talab qilib chiqmoqda, deb o’ylashgan, deydi olim.

Frederik Starning Andijon haqida fikrlari yig’ilganlar qarshiligiga uchrarkan, ular ayni kunda O’zbekistondagi siyosiy beqarorlik ortida g’arbning ham xatolari borligini ta’kidladilar.

Tadqiqotchi Zeyno Baranga ko’ra, AQSh hukumatining O’zbekistonga beparvoligi sabab, ayni kunda diplomatik munosabatlar yomonlashgan. Olima nazarida Akromiya va Hizb-ut-Tahrir oqimining bir-birga o’xshash tomoni shuki, har ikkala oqim ham tinchliksevarligini pesh qilib o’z tarafdorlarini ko’paytirish payida.

Xullas, Toshkentdan jo’natilgan video tasma orqali Vashingtonda biroz bo’lsa-da, O’zbekiston hukumati talqinini yoyish harakatlari ketmoqda. Odatda, AQSh poytaxtida o’tadigan tadbirlarda rasmiy Toshkent siyosati tanqid qilinadi, ammo u tomondan kamdan-kam hollarda munosabat bildiriladi.

Andijonda aslida nima bo’lgani haqida xulosa qilish amerikaliklar uchun mushkul ekani va shu bois ham mustaqil xalqaro tergov olib borish joizligi ta’kidlanadi. Andijonda qurolli qozg’olon bo’lgan deb bong urayotgan ba’zi siyosatshunoslarning fikrlarga nisbatan ba’zi amerikaliklar, nega unda Karimov hukumati buning mustaqil tergov orqali isbotlanishiga yo’l bermayapti, deb ajablanadilar.

XS
SM
MD
LG