Tojikistonda qishloq oilalarini ayollar boqmoqda


Markaziy Osiyodagi boshqa respublikalar singari Tojikistonda ham xotin-qizlar aholining yarmidan ko’pini tashkil etadi. Respublikadagi mavjud ishchi kuchining 80 foizga yaqinini ayollar ta’minlaydi.

Nohukumat tashkilotlar bergan ma’lumotlarga qaraganda bugunga kelib qishloq oilalarining 90 foizdan ortig’ini ayollar boqmoqda va boshqarmoqda.

Tojikistonda tirikchilik o’tkazish tashvishlari asosan ayollar zimmasida qolmoqda. Kunini bozorda o’tkazayotgan xotin-qizlar o’z hayotlari bozorga bog'lanib qolganini ta’kidlashadi.

“Ayollarimiz juda og'ir ahvolda. Ular farzandlarini tashlab ko’cha-ko'yda yurishga majbur. Bolamni to’yg'azaman deb qo’lida xalta, bo’ynida xalta, yugur-yugur bilan kun o’tkazadilar. Turmush o’rtoqlari Rossiyada, tokaygacha bizning kunimiz chetdan kelayotgan ko’maklarga bog'liq bo’larkin? Oz vatanimizda turib, shu yerda yashab oilamizni tebrata olarmikanmiz? Bu muammo bizni doim qiynab keladi ”, - deyishadi ular.

Respublikada ayollarning bu qadar tashvishda qolishlari sababini o’qituvchi Zulayho Madrahimova erkaklarning nouddaburroligidan ko’radi.

“Ayollarimizning bu qadar azob chekishlariga, xotinlarning ham chetga chiqib ketayotganiga ro’zg'orboshimiz aybdor bo’lmoqda. Oilani tebratish erkaklarimiz zimmasida bolishi kerak. Bunday holatga birinchi navbatda erkaklar sababchi ”, - deydi Zulaiho Madrahimova.

O’qituvchilikni tashlab savdo bilan shug'ullanayotgan oliy ma’lumotli opa-singil Karomat va Oyniso Valiyevalar hamkasblari fikrini tasdiqlar ekan oila ta’minotida Tojikiston ayollari erkaklardan oldinga o’tib ketganini ta’kidlaydilar.

“Oilada hozir pulni xotinlar topmoqda, erkaklar esa uyda bolaga qarab o'tirishga majbur. Hamma ishni xotinlar qilishmoqda. Huquq ham xotinlar qo’lida. Pulni xotin topgandan keyin ishni ham, gapni ham xotin olib boradi. Erkak - xotin uchun qul! ”, - deydi Karomat Valiyeva.

Islom qoidalari ustuvor qolayotgan o’lkada oiladagi musulmonchilik an'analari nima bo’ladi?

“Bizda musulmonchilik qolmadi. Bu haqda hozir gapirib bo’ladimi? Hozir zamon zo’rniki. Ayol ishlab topgandan keyin u xo’jayinlik qiladi”, - deb javob qiladi Karomat.

Uning opasi Oyniso singlisining so’zini tasdiqlar ekan, “pul topish uchun boshqa respublikalarga xotinlar ham ketmoqda. Erkaklar borsa, yo’lda ushlab qolishadi, pullarini tortib olishadi. Sotuvga tovarni ham olib kelolmaydilar”, - deydi.

Uning aytishicha, turmush o’rtog'i Rossiyadan qaytishida Qozog'iston cho’llarida ishlab topgan pul va mollarini olib qo’yishgan.

Ammalariga haydovchilik qilib oila tebratayotgan oliy ma’lumotli iqtisodchi Muzaffar Ikromov Tojikistonda ayollarning oila boshqaruvida o'zib ketganini ularning sharoitga tezroq moslasha bilishida deb biladi.

“Chunki ayollar erkaklarga nisbatan tezroq va yaxshiroq tushunishadi. Hozirgi erkaklar harakatchan emas. Buning ustiga ularning aksariyatiga davlat ish topib berolmaydi. Men ham davlat ishida ishladim, ammo maoshim ro’zg'or tebratishga yetmadi”, - deydi Muzaffar.

Lekin ko'plab oliy ma’lumotlilar singari o’qituvchilik bilan birga bozorni ham eplayotgan Zalyho Madrahimova kelajakka ishonchini yo'qotmagan.

“Tirikchilikning aybi yoq. Ammo Olloh barchamizni shunday bahona sabab qalloblik, o'g'irlik va fahsh ishlardan asrasin. Vaqti kelib bularning barchasi barham topar. O’qituvchi faqatgina maktab bilan shug'ullanadigan vaqt ham kelar. Ta’lim-tarbiya bilan shug'ullanadigan davr ham keladi deb o’ylayman”, - deb umid qiladi muallima.

XS
SM
MD
LG