Breaking News

O'zbekistonga qarshi qonun loyihalari Kongressda ko'rilmoqda


11 may kuni AQSh Kongressining Vakillar Palatasi va Senatiga O’zbekiston hukumatiga sanksiyalar qo’yishni nazarda tutgan bir-biriga o’xshash ikkita qonun loyihasi kiritildi.

Qonun loyihalarining Andijon voqealari bir yilligi munosabati bilan Kongressga kiritilgani bejiz emas. AQSh siyosatchilari nazarida, O’zbekiston hukumatining aynan Andijon voqealaridagi ishtiroki ikki tomonlama aloqalarning salbiylashishiga hamda O’zbekistondagi tuzumning islohotlar yo’lidan chekinishiga sabab bo’lgan.

Qonun loyihasini Senatga arizonalik respublikachi senator Jon MakKeyn taqdim etgan. 2002 yil yanvar oyidagi tashrifidan farqli o’laroq o’tgan yil may oxirida Toshkentga safar qilgan Jon MakKeyn bilan O’zbekiston hukumatidan hech kim uchrashmagan. Ikki tashrif o’rtasidagi uch yil ichida aloqalar 180 darajaga o’zgardi. Andijon voqealari ushbu jarayonni tezlashtirib yubordi.

"Endilikda O’zbekiston Amerikaga do’st mamlakat yoki mintaqaviy hamkor emasdir," - deydi senator. "Uning hukumati manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga qarama-qarshi siyosat yurgizmoqda. O’zbekiston na koalitsiyamiz a’zosi va na AQShning hamkori. Bundan keyingi siyosatimiz ushbu voqelikni nazarda tutmog’i darkor."

Jon MakKeyn tomonidan taklif etilayotgan qonun loyihasida Andijon voqealariga aloqador O’zbekiston hukumati vakillari va oila a’zolariga qarshi moliyaviy, viza va iqtisodiy sanksiyalar ko’zda tutilgan.

"Amaldagi O’zbekiston hukumatini islohotlarga unday olamizmi, yo’qmi, bilmayman. Biroq shu narsani yaxshi bilamanki, jahon Qo’shma Shtatlarning har oyda siyosati salbilashayotgan bu kabi repressiv hukumatdan o’zini uzoqroq tutishini istaydi. Tarix 2005 yil mayidagi Andijon qirg’inini, O’zbekistonda inson huquqlarining poy-mol etilishini esdan chiqarmaydi. Va Qo’shma Shtatlar tarixda ushbu siyosatga qarshi faol harakat qilgan davlat sifatida qoladi," - deydi senator MakKeyn.

Vakillar Palatasiga taqdim etilayotgan qonun loyihasi ham shu kabi sanksiyalarni o’z ichiga olgan. Bundan tashqari loyihaga ko’ra, Andijon voqealariga aloqador shaxslar va oila a’zolarining AQShdagi mulklari va hisob raqamlari muzlatiladi. Ushbu qonun loyihasi mazmun jihatdan keng qamrovli bo’lib, butun boshli Markaziy Osiyodagi demokratiyalashtirish jarayonini hisobga oladi. Uning muallifi Nyu Jersi shtatidan Kongressga saylangan qonun chiqaruvchi Kristofer Smit.

"70 yillik kommunizm asoratidan qutilgan davlatlarda qonun ustuvorligini ta’minlashning oson kechmasligi ajablanarli hol emas," - deya ta'kidlaydi kongressmen. "Biroq so’nggi 15 yil ichida hokimiyat tarmoqlarining bir-biridan mustaqilligini va kuchli fuqarolik jamiyatini oz bo’lsa-da ko’rishimiz kerak edi. Aslida esa biz qonun chiqaruvchi va adliya organlari ustidan o’z nazoratini kuchaytirgan super-prezidentlarni ko’rib turibmiz. Ularning ba’zilari soxtalashtirilgan va bekor qilingan saylovlar orqali 20 yildan buyon hokimiyat tepasida turibdi."

Yana olti nafar kongressmen ushbu qonun loyihasiga ham-muallifdir. Prezident Karimovning ashaddiy tanqidchisi hisoblangan kongressmen Smitga ko’ra, qonun kuchga kirgan taqdirda, Markaziy Osiyoda demokratiyalashtirish jarayonlariga Kongress tomonidan 118 million dollar ajratiladi. Pul mintaqada erkin saylovlarni targ’ib qilish, AQSh demokratiyasini mintaqa aholisiga tushuntirish maqsadida maxsus kutubxonalar ochish, fuqarolik tashkilotlarini yaratish, mustaqil matbuotni rivojlantirish, mintaqaga ham ichkaridan, ham tashqaridan radio va televideniye orqali axborot berishni ta’minlash, sud, adliya va huquq-tartibot organlari tizimlarini tayyorgarlikdan o’tkazish va boshqa dasturlar uchun ishlatiladi.

XS
SM
MD
LG