Himoyachilar himoya izlab hukumatga murojaat qilmoqdalar


O`zbekiston Advokatlar Uyushmasi kasbiy huquqlari toptalayotganidan shikoyat qilib, prezident Karimov, Senat va Vazirlar Mahkamasiga murojaat qildi. Murojaatga 30 kun mobaynida javob olinishi lozim.

O`zbekiston advokatlarining noroziligi asosan huquq-tartibot organlariga qaratilgan. O`zbekiston Advokatlar Uyushmasining viloyatlarda va Toshkent shahrida o`tgan majlisida uyushmaga kiriuvchi to'rt ming nafarga yaqin advokat hukumatdan o`z huquqlarini kafolatlanishini, advokatlar huquqlarini buzgan huquq-tartibot xodimlarining jinoiy javobgarlikka tortilishini so`ramoqda.

Toshkent shahar advokatlar uyushmasi anjumanida advokatlar chorasiz vaziyatda qolayotganlarini va fuqarolarning ularga nisbatan ishonchlari deyarli yo`qligini aytib o'tdilar.

“Sizlar advokatmi yoki firibgarlarmi, sizni eshitishadimi, qo`lingizdan bir ish keladimi, biz sizlarga nima uchun pul to`laymiz, degan e'tirozlarni mijozlardan eshitish juda og`ir. Qanday ahvolga tushganimizni hamma biladi, lekin jim. Lozim bo`lsa, prezident saroyi oldida o`tov qo`yib o'tirishimiz kerak”, - degan fikrlar bildirildi advokatlar anjumanida.

Advokatlar orasida avval prokuraturada va militsiyada ishlagan sobiq xodimlar ko`p. Ular bugun advokatlar safiga qo`shilib, advokatlarga nisbatan munosabatning qanday tahqirli ekanligiga guvoh bo`lmoqda.

E'tirozlarning asosiysi, advokatlarning o`z himoyalanuvchilari oldiga kirishiga to`sqinlik qilish, advokotlarning tintuv qilinishi, tergovchilar tomonidan qabul qilinmaslik, uchrashuv uchun ruxsatnoma olishning qiyinligi, ba`zi hollarda esa muasssalardan advokatlarning haydab chiqarilishidir. Ba`zan advokatlar hatto kaltaklanadi.

Ayrim advokatlar O`zbekiston prezidenti devoni oldida norozilik o`tkazish yoki ish tashlash kerakligini uqtirdilar. Ammo, bu takilflar anjumanda ovozga qo'yilmadi.

Advokatlar o`z muammolarini keng jamoatchilkka bildirish uchun anjumanga matbuot xodimlarini taklif etganlar, biroq ma`muriyat tomonidan berilgan izohga ko`ra, mahalliy ommaviy axborot vositalari tadbirga kelishni lozim topmagan.

O`zbekiston Advokatlar Uyushmasi raisi Bahrom Salomovga ko`ra, hukumatga murojaat qilishdan tashqari, uyushma vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzish, advokatlarga nisbatan ko`rsatilgan huquqbuzarlik holatlarini o`rganish, natijalarini tegishli idoralarga taqdim qilish qaroriga ham kelingan.

Anjumanda viloyatlarda advokatlarga nisbatan munosabatning Toshkentdagidan tahlikaliroq ekani ta'kidlandi.

Toshkent shahar Advokatlar Uyushmasi rahbari Gulnora Eshonxonovaning aytishicha, ayrim hollarda o`z vazifalarini bajarayotgan advokatlarning kaltaklanish holatlari ham uchramoqda.

Bunga sabab qonunchilikda advokatlar faoliyatiga to`sqinlik qilgan kishilarning javobgarlikka tortilishi aniq ko'rsatilmaganidir, deydi u.

XS
SM
MD
LG