Breaking News

AQShning Manasda qolish muddati bitmoqda


AQShning Qirg’izistonda harbiy bazasini saqlashi bo’yicha yangi shartnoma imzolash muddati, rasmiy Bishkekka ko’ra, 1 iyunda tugaydi. Muzokaralarning yakuniy bosqichi, AQSh komissiyasining Bishkekka safari kechiktirilgani bois hali boshlanmadi.

Bishkek shahri yaqinida joylashgan AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterror koalitsiyasi kuchlariga qarashli “Gansi” harbiy bazasining keyingi taqdiri mavhumligicha qolmoqda. Ushbu haftada bazaning ijara haqqi masalasida qirg’iz rasmiylari bilan muzokaralar olib borish uchun AQShdan kelishi kutilayotgan mulozimlarning safari kutilmaganda kechiktirilgan.

O’tgan hafta Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev AQSh harbiy bazasi bo’yicha yakuniy muzokaralar 22 may kuni boshlanishini ma’lum qilgan. Prezident Bakiyev bazaning ijara haqqi bo’yicha amerikaliklar bilan savdolashmasligini aytgan.

“22 may kuni Amerikadan komissiya keladi. Men ochiqcha so’radim, bu komissiyada qanday vakolatlar bor? [Baza bo’yicha] muammoni hal qila oladimi yoki 1 hafta ishlagach, “biz ketdik, boshqa komissiya keladi” deb ketadimi? Yo’q, bu komissiyaga vakolatlar berilgan, bu oxirgi komissiya, deyishdi. Biz qo’ygan narxlarni tekshirib, rozi-rozi emasliklarini aytishlari kerak”, – deya ma’lum qilgan prezident Bakiyev.

Bungacha prezident Bakiev qat’iy ohangda AQSh rasmiylaridan 2006 yilning 1 iyuniga qadar harbiy baza bo’yicha yangi shartnoma tuzishni talab qilgan. Yangi shartnomaga ko’ra, amerikaliklar Qirg’izistonda joylashgan harbiy baza uchun avvalgidek yil sayin 2 million dollar emas, 200 million dollar to’lashlari kerak bo’ladi.

AQSh rasmiylari baza uchun ijara haqqini oshirishga rozi bo’lgan, ammo, 200 million dollar to’lash borasida qirg’iz rasmiylariga aniq javob aytilmagan.

“Gansi” harbiy bazasi Qirg’izistonga 2001 yilning dekabr’ oyida, AQSh bilan xalqaro terrorizmga qarshi hamkorlik doirasida joylashtirilgan. Vashington 2005 yilgacha baza ijarasi uchun Qirg’izistonga yil sayin 2 million dollar miqdorida haq to’lagan.

Ammo 2005 yilda Qirg’izistonda yuz bergan “inqilob”dan keyin yangi hukumat tomonidan AQSh bazasining qolish muddati va ijara haqqini oshirish masalasi ko’tarildi.

Prezident Bakiyev o’tgan yili Ostona shahrida o’tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Rossiya va Xitoyning bosimi ta’sirida AQSh bazasining qolish muddatini aniqlash bo’yicha hujjatni imzolagani aytiladi.

Qirg’iziston Mudofaa vaziri Ismoil Isoqovning aytishicha, harbiy baza bo’yicha muzokaralar davomida umumiy manfaatlar hisobga olingan. Ismoil Isoqov masalaning ijobiy hal bo’lishidan umidvor ekanini aytadi.

“Biz [amerikaliklarga] o’z shartlarimizni aytganmiz. Bu masala hal bo’ladi, Xudo xohlasa. Har ikki tomon rozi bo’ladigan shartlar qo’yilgan”, – deydi vazir Isoqov.

Bishkekdagi AQSh elchixonasidan ma’lum qilishlaricha, komissiyaning Qirg’izistonga safari kelasi haftagacha kechiktirilgan. Qirg’iziston Tashqi Ishlar vazirligi 29 maygacha AQSh bazasi bo’yicha yangi shartnoma imzolanishini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG