Muxolifatchiga ozodlik 120 million so'mga tushdi


Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi koordinatori, yaqinda moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, 10 yilga qamalgan Nodira Hidoyatova sud zalida ozodlikka chiqarilgan.

Jinoiy ishlar bo`yicha Toshkent shahar sudining muxolifat vakili Nodira Hidoyatova jinoiy ishini shikoyat tartibida qayta ko`rishi natijasida, iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan Hidoyatovaga uch yil shartli qamoq jazosini berish haqida qarorga kelingan.

Jarayonda qatnashgan inson huquqlari himoyachisi Adham Shoimardonovga ko`ra, sud qarorining chiqarilishida Nodira Hidoyatova tomonidan davlat hisobiga 120 million so`mga yaqin mablag`ning davlatga to`lanishi, shuningdek, insonparvarlik tomonidan qo`llaniladigan boshqa yumashatuvchi holatlar inobatga olingan.

Shoimardonovning aytishicha, siyosiy mahbus bo`lgan Hidoyatovaning ozod etilishi kutilmagan holat bo`lgan.

Sud Nodira Hidoyatovani avval dastaklangan “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi raisi Sanjar Umarov bilan jinoiy sheriklik qilgani haqidagi ayblovlarni o`z kuchida qoldirgan.

Inson huquqlari himoyachilarining bildirishicha, sudning bunday qarorga kelishida Nodira Hidoyatovaning himoyasi uchun amalga oshirilgan aksiyalar va xalqaro tashkilotlarning harakatlari natija bergan.

Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi koordinatori Nodira Hidoyatova koalitsiya rahbari Sanjar Umarovga nisbatan jinoiy ish qo`zgatilgach hibsga olingan, keyinchalik 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Sanjar Umarov ustidan o`tgan apellyatsiya jarayoni unga nisbatan belgilangan jazoni yetti yilga tushirgan edi.

Rasmiy ayblovlar muxolifat vakillari davlat mulkini talon-taroj qilishgani, noqonuniy ravishda mablag` o`zlashtirishganidan iborat.

Kuzatuvchilarga ko`ra esa, “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi yetakchilarining qamoqqa tashlanishi ularning hukumatni tanqidga olgan siyosiy faoliyati bilan bo`gliq.

XS
SM
MD
LG