Qirg'iziston kelajagi Vashingtonda munozara ostida


24 may kuni Qirg’izistonning Vashingtondagi elchixonasida “O’zgarish uchun imkoniyatlar: Qirg’izistondagi siyosiy jarayon” mavzusida anjuman bo’lib o’tdi. Unda AQShda tahsil olayotgan qirg’izistonlik yoshlar va xalqaro mutaxassislar mamlakat oldida turgan muammolar va Qirg’izistonni taraqqiy ettirish uchun qanday na’munalar mavjudligi haqida fikr almashdilar.

Rivojlanish yo’llari haqida bitilgan ilmiy ish AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti moliyaviy ko’magida ikki qirg’izistonlik hamda Xorvatiya, Frantsiya, Gruziya, Yaponiya, AQShlik talabalar tomonidan yozilgan.

Bu qiyosiy tahlilda Qirg’izistonning hozirgi hukumatiga, aniqrog’i prezident va bosh vazir mahkamalariga effektiv ishlash strategiyalari tavsiya etiladi. Namuna sifatida Frantsiya davlati keltiriladi va undagi prezident boshqaruvi hamda ijroiya hokimiyatning ijobiy va salbiy tomonlariga nazar tashlanadi.

Shunigdek, Gruziya davlati ham misol qilib olingan. U yerda ham rangli inqilob bo’lgan va tadqiqotchilar, inqilobni boshdan kechirgan ikki davlatdagi siyosiy va ijtimoiy jarayonlar rivojini kuzatib, bu borada xulosa qilganlar.

Qirg’izistonlik Maksim Novichenko va Talant Sultonovlar o’z fikrlarini o’rtaga tashlar ekanlar, mamlakat rivojiga to’sqinlik qilayotgan asosiy muammolar sifatida, ma’suliyatsizlik va hukumat ishida oydinlik yo’qligini aytib o ’tdilar. Jumladan, kadrlar siyosatini joriy etishda xatolar bor, dedilar.

Bugungi dolzarb masalalarga kelganda, AQSh-Qirg’iziston aloqalarining kelajagi shu kunlarda xuddi Manasdagi qo’shinlar kelajagi bilan bog’liqdek ko’rinyapti. Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqova bu izohga qo’shilmaydi.

“Hozirda Manas aerodromida AQShning Gansi aviabazasini saqlab qolish bo’yicha Bishkekda AQSh rasmiylari muzokara olib bormoqda”, - deydi Zamira Siddiqova. Uning aytishicha, aviabaza uchun ijara haqining 100 baravarga oshirilishiga, ko’pchilik aytayotganidek, Rossiya va Xitoy bosimi emas, balki iqtisodiy ehtiyoj sababdir.

Qirg’iziston hokimiyatidagi so'nggi o’zgarishlar va mamlakatda o'tayotgan namoyishlarni elchi Sidiqova quyidagicha izohlaydi:

“Qirg’iziston inqilobdan so’ng yangilanyapti. Jarayonda sabr-toqat kerak. Davlat tepasiga kelgach, prezident Bakiyev avvalgi hokimiyatda ishlagan vazirlarni ham ishga olgan. Sabab, o’ziga xos o’tish davrida ularning tajribasi kerak bo’lgan. Endi esa navbat yoshlarga. Fikrimcha, hokimiyatdagi o’zgarishlar hali davom etadi”, - dedi elchi Zamira Sidiqova.

27 may kuni Bishkekda hukumatga qarshi navbatdagi namoyishlar o’tishi kutilmoqda. Bakiyev nazarida namoyishlar xalqqa qimmatga tushmoqda. Elchi Zamira Sidiqovaning aytishicha, namoyishlar orqali xalq norozilgini bildirish va hukumatdan yaxshi hayotni talab qilish bu Qirg’izistonning demokratik rivojlanishidagi o’ziga xos yo’li.

“Biroq prezident Bakiyev bunga qarshi fikr bildirib, muxolifatni cheklamoqchi emas, aksincha hozirda parlamentga muxolifat bo’yicha qonun qabul qilinishini taklif qilgan”, -deydi elchi xonim.

“Namoyishlarni uyushtirayotganlar asosan deputatlar. Muammolar bor ekan, ularni yechish uchun kuchli qonunlar kerak. Biroq deputatlar o’z ishi bilan shug’ullanish o’rniga ko’chaga chiqib hayqirish bilan bandlar”, - deydi elchi Zamira Sidiqova.

XS
SM
MD
LG