AQSh: Turkmanistonda so'z erkinligi yo'q


Turkmanistonlik yozuvchi va jurnalist Rahim Esenov AQShning inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi Xalqaro yozuvchilar markazi tomonidan maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Janob Esenov matbuot erkinligi yo’lida kurashgani uchun sovringa loyiq deb topilgan uch yozuvchidan biridir.

2004 yilning fevral oyida Rahim Esenov mamlakatda ma’n etilgan “Tojli Daydi” kitobining 800 ta nusxasini Rossiyadan Turkmanistonga olib kirganlikda ayblanib, qo’lga olingan edi. Keyinchalik esa kitobi vositasida ijtimoiy, milliy va diniy adovatni qo’zg’atishga uringanlikda ayblangan. Roman 16-asrda yashagan turkman shoiri va faylasufi Bayram Xon haqidadir. Unda muallif Bayram Xonni shia musulmon bo’lgan deb yozadi. Shundan so’ng kitob Turkmanistonda ma’n qilingan va prezident Saparmurot Niyozov yozuvchidan romanini qayta ko’rib chiqishni so’ragan. Biroq Rahim Esenov bundan bosh tortdi.

Janob Esenov 2004 yil mart oyidan ozod etilgan va unga chetga chiqish ma’n qilingan. Biroq xalqaro hamjamiyat bosimi ostida Turkmaniston hukumati 79 yoshli yozuvchiga xalqaro sovrinni qabul qilish uchun chetga chiqishga ruxsat berishga majbur bo’ldi.

AQSh Davlat departamenti o’zining 2005 yilda chop etgan inson huquqlari bo’yicha hisobotida Turkmanistonni qattiq tanqid qilgan. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Raysga ko’ra, Qo’shma Shtatlar inson huquqlarini himoya qilish maqsadida boshqa demokratik davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda.

"Mamlakatlar inson huquqlari himoyasi bo’yicha olgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ularni tartibga chaqirmo’gimiz va hamisha jahon bo’ylab qo’rquvda yashab hurriyatni orzu qilayotgan mard insonlarga yordam qo’limizni chozmog’imiz zarur," - dedi Rays xonim.

AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bilan shug’ullanuvchi vakili Richard Baucherning aytishicha, “Siyosiy va iqtisodiy ma’noda Turkmanistonda deyarli yoki butunlay hech qanday erkinlik yo’q.”

XS
SM
MD
LG