Qirg'iziston-O'zbekiston viza tartibini bekor qilish talab qilinmoqda


Qirg’iziston janubida qo’shni O’zbekiston bilan aloqalarni qulaylashtirish maqsadida, viza tartibini bekor qilish uchun aholidan imzo to’plash jarayoni boshlangan.

Jarayonga O’shda “Hamdo’stlik” partiyasi boshchilik qilyapti.

Chegara muammolaridan charchagan Farg’ona vodiysining Qirg’iziston qismi aholisi viza tartibini bekor qilish tashabbusini qo’llab-quvvatlamoqda.

Bu haqda “Hamdo’stlik” partiyasining O’sh viloyati bo’yicha raisi Dilmurod G’ulomov bildirgan.

Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida viza tartibi joriy qilinganiga bu yil avgust oyida olti yil to’ladi. 1999-2000 yillarda O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari Qirg’iziston janubiga hujum uyushtirgandan keyin, rasmiy Toshkent 2000 yilning 1 avgustidan e’tiboran qirg’iz-o’zbek chegarasida viza tartibi joriy qilgan.

Ammo kuzatuvchilarga ko’ra, viza tartibi joriy qilinishidan terroristlar emas, oddiy xalq, asosan o’zbekistonlik savdogarlar jabr tortgan.

Dilmurod G’ulomovning aytishicha, Qirg’iziston va O’zbekiston chegarasida viza tartibini bekor qilish bo’yicha boshlangan tashabbusga O’zbekistonning 2006 yil yanvar oyida Evrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotiga a’zolikka qabul qilingani asos bo’lgan.

Ma’lumki, bu tashkilotga a’zo bo’lgan davlatlar hamkorligi fuqarolarning o’zaro vizasiz bordi-keldi munosabatlari to’g’risida bitimga asoslanadi.

O’shdagi “Sarbon” yoshlar siyosiy klubining prezidenti Alisher Mamajonovning aytishicha, viza tartibini bekor qilish masalasini O’zbekiston va Qirg’iziston parlamentlari hal qilishi kerak.

Alisher Mamajonovga ko’ra, “Hamdo’stlik” partiyasi Qirg’iziston parlamentiga qirg’iz-o’zbek chegarasida viza tartibini bekor qilish bo’yicha qonun loyihasini tavsiya qilishi mumkin. Parlament deputatlari agar bu loyihani ma’qullasalar, masala kun tartibiga chiqadi.

Masalaning ijobiy hal bo’lishi ko’proq O’zbekiston parlamenti a’zolariga bog’liq. Sabab, qo’shni davlat deputatlari ikki davlat o’rtasida viza tartibini bekor qilish g’oyasini qo’llamasliklari mumkin.

XS
SM
MD
LG