Qirg'izistonda o'zbek tiliga rasmiy maqom berilishi talab qilinmoqda


Qirg’iziston janubidagi Jalolobod shahrida o’zbek millatiga mansub aholi Qirg’iziston hukumatidan o’zbek tiliga rasmiy til maqomi berilishi va o’zbek millati vakillarining ishtiroki davlat boshqaruv tizimlarida ta’minlanishini talab qilib namoyish o’tkazgan.

Namoyish Jalolobod viloyati o’zbeklar jamiyati tashabbusi bilan uyushtirilgan. Unda 700 nafar jalolobodlik o’zbek ishtirok etdi.

Jalolobod viloyati o’zbeklar jamiyati raisining o’rinbosari Ulug’bek Abdusalomov so’zga chiqib, hukumat Qirg’iziston aholisining 20 foizini tashkil qiluvchi o’zbeklarning dardiga quloq tutishi kerakligini aytdi.

Qirg’iziston parlamenti deputati Qodirjon Botirovning aytishicha, Qirg’izistondagi o’zbek aholisining muammolari yillar davomida to’planib qolgan. Deputat keyingi paytda o’zbeklarga nisbatan millatchilik, huquqlarini buzish, kamsitish holatlari kuzatilayotganini gapirdi.

Qodirjon Botirovga ko’ra, muammolarning huquqiy asosda hal qilinishini ta’minlashni o’zbek xalqi Qirg’iziston hukumatidan talab qilishi kerak.

Jalolobodlik o’qituvchi Matluba Isoqova o’z nutqida qirg’iz va o’zbeklarning birodar ekanini, agar o’zbek tiliga rasmiy maqom berilsa, o’zbeklarning davlat boshqaruvi tizimidagi ishtiroki ta’minlansa, bundan davlatga faqat manfaat yetishini urg’uladi.

So’zga chiqqan Jalolobod viloyati gubernatori Iskanderbek Aydaraliyev ham, shahar meri Duyshen Mamasaliyev ham o’zbek tiliga rasmiy til maqomi berish masalasi referendum orqali, qonuniy asosda hal qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Namoyish qatnashchilarining boshqa talablari bugun Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida hukumatdan bir qator sohalarda konstitutsion islohotlar talab qilib to’plangan qirg’iz muxolifatchilarining talablari bilan hamohang bo’ldi.

XS
SM
MD
LG