Breaking News

O'quv yili yakunlandi, yoshlarni oldinda nima kutmoqda?


O’zbekiston maktablarida o’quv yili nihoyasiga yetdi. So’nggi qo’ng’iroq jarangladi. Poytaxtning markaziy xiyobonlari quvnoq kayfiyatli bitiruvchilar bilan gavjum bo’ldi. Mazkur o’quv yilida 300 mingga yaqin o’quvchi respublika maktablarining 11-sinfini bitirmoqda.

Katta hayot bo’sag’asida turgan bu yoshlar nelarni orzu qilishayotir? Ular o’z kelajagini qanday tasavvur etadi?

Bitiruvchilar: “Yaxshi o’qishlarga kirishni xohlaymiz, O’zbekistonga nafimiz tegadigan yoshlar bo’lishni xohlaymiz”.

“O’qishga kira olmasligingiz mumkin, kuchingiz yetmasligi mumkin. O’zining muammosini o’zi hal qilish uchun kurashgan odam niyatiga yetadi”.

“Moddiy boylik ham odamga baribir kerak. Yomon emas-da boy bo’lish, hammaning ham shunday niyati bo’lsa kerak”.

Muxbir: Nima qilsa, boy bo’lish mumkin, yaxshi yashash mumkin, deb o’ylaysizlar?

Bitiruvchilar: “Bugun yaxshi savdo qilib turib, ertaga o’shani qilolmay qolishingiz mumkin. O’qisangiz, hunar o’rgansangiz, har doim qo’lingizda hunaringiz bor, bilimingiz bor, harakat qilib o’zingizni-o’zingiz eplab ketasiz. Tijorat bugun bo’lib tursa, ertaga bo’lmay qolsa, keyin undan odam yiqilib, sinadi”.

Muxbir: Hozirgi paytda qanday muammoga yoshlar duch kelishi mumkin deb o’ylaysizlar?

Bitiruvchilar: “Ichkilik, narkotik, shularga yoshlar kirib ketishyapti”.

Muxbir: Bitiruvchilarchi?

Bitiruvchilar: “Pul muammosi. Hamma o’qishlar pulli. Masalan, hozir puli yo’q odam hech qayerga kirolmaydi. Puli bor boyvachchalar mana o’qib yotibdi, puli yo’qlar nima qilsin, dehqonchilik qiladi-da. Boshqa ish ham yo’q ularga. O’qishga mablag’i yetmaydi, kuchi yetsa ham. To’g’ri kelgan joyga borsa ishga olavermaydi. Malakasi bo’lmasa olishi qiyin. Ish kam, qidirish kerak. Juda ish topolmasa, mardikorlik qilishayapti hozir yoshlar ham”.

Respublikada, ayniqsa viloyatlarda o’rta maktabni bitirganlar uchun ishsizlik muammosi mavjudligi ham sir emas. Ba’zi bitiruvchilarning fikricha, ishsiz, bekorchi qolish chorasini hammollikdan izlasa ham bo’ladi.

“Masalan, moyka, aravakashlik bilan ishlasa, ota-onaga qiyin bo’lmasa bo’ldi. O’zi ishlasa, o’zi topib turib o’zi uylansa, o’zi oilasini boqib ketadi”.

“Ko’chada yuradi-yu moyka qilib [mashinalarni yuvishni nazarda tutilyapti], bir xillar yoqtirmaydi-da. Ishlagan-ishlaydi, ishlamagan bekor yurganlar ham bor-ku hozir. Ular pul topyapti, o’zini boqyapti”, - deb fikr bildirishadi yosh bitiruvchilar.

Bitiruvchilar bolaliklari o’tgan maktabni ham tashlab ketish oson kechmayotganini aytisharkan, turli orzu-maqsadlari haqida so’zlashadi.

“Bu yil bitirayapman, orzuyim tarjimon bo’lmoqchiman”.

“Hozir ko’plar medisinaga yugurib ketishyapti. Yo’q, undaymas, odamlar har xil kasbni olishi kerak. Bizda model, dekorativ kosmetikalar uncha urf emas, men o’zim shuni ko’tarmoqchiman, shunga qiziqishim bor”.

“Mening orzum kelajakda jurnalist bo’lish”.

Yoshlar mustaqil hayotga qadam qo’yishayotgan ekan, har kim o’z kelajagini turlicha tasavvur etadi. Bitiruvchi qizlarning aksariyati esa, turmushga chiqib, farovon hayot kechirish istagida ekanini bildirdi.

“Turmushga chiqish niyatim bor, turmush o’rtog’im boy bo’lishini xohlayman, kim xohlamaydi buni. Mashinasi bo’lsin, uchastkasi bo’lsin, hovlisida basseyn bo’lsin, saunasi bo’lsin. Mening kelajakdagi bolalarimga zo’r sharoit bo’lsin”, - deydi bitiruvchi qizlardan biri.

Ayni paytda ba’zi yoshlar ertangi kunlari haqida xavotir ham tuyishlarini aytishadi.

Bitiruvchilar: “Baribir, hayot yaxshi bo’lib ketadi, deb aytib bo’lmaydi. Ertangi kunimizga ham xavotir bilan qarash kerak. Shuning uchun, ertangi kun yaxshi bo’lishi uchun ham hozirdan harakat qilish, birinchi navbatda O’zbekiston tinch bo’lishi kerak. Haqiqat yo’q-da”.

“Pulga borib taqalayapti hozir hamma narsa. Pulingiz bo’lsa, hamma ish bo’ladi, pulingiz bo’lmasa, hozir hech narsa qilolmayapsiz”.

“O’qituvchilarni ham tekshirib, o’sha imtihon olayotganlar halol bo’lishsa, ko’proq bilimli o’quvchilar chet elga chiqadi, boshqa katta universitetlarda, institutlarda o’qiydi. Yaxshi joylarda ishlaydi”.

“Haqiqat yo’q”, - deyishadi yoshlar.

So’nggi qo’ng’iroq – bolalik bilan xayrlashish, o’z taqdirini o’zi qurish yo’lidagi dastlsbki qadam hamdir. Bu qadamning nechog’li dadilligi esa, yoshlar hayot yo’lida duch kelishi mumkin bo’lgan omillarga ham bog’liq.

XS
SM
MD
LG