O'zbekistonda ACCELS tashkiloti yopilishi mumkin


O’zbekistonda Amerikaning yana bir tashkiloti yopilish arafasida turibdi. Bugun Adliya vazirligi Toshkent shahar fuqarolik sudidan ACCELS (AKSELZ) tashkilotini yopishni so’ragan.

Vazirlikka ko’ra, tashkilot bayon etilgan vazifalariga zid faoliyat bilan shug’ullangan va O’zbekiston qonunchiligini buzgan. Xabarlarga ko’ra, ACCELSning oldingi rahbari qonunbuzarlikda ayblanib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan edi.

ACCELS - Xalqaro ta’lim bo’yicha Amerika kengashlari bo’lib, so’nggi 13 yil ichida minglab o’zbekistonlik talaba, o’quvchi va mutaxassislarga AQShda ta’lim olish va malaka oshirishga imkoniyat bergan.

Kuzatuvchilarga ko`ra, tashkilot vakolatxonasining faoliyati tugatilish ehtimoli aniq. Bu esa o'z navbatida O`zbekiston yoshlarining chet-elda ta`lim olishi uchun to'g'ridan-to'g'ri to`siq bo`ladi. Kuzatuvchilar yoshlarning tashqariga chiqib ta'lim olish doirasini, avvalgidek, Moskva bilan chegaralanish xavfi mavjudligini ta'kidlashmoqda.

O`zbekiston Demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Xudoyberganovning izoh berishicha, ta`lim sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar sobiq Ittifoqning O`zbekistondan tashqari boshqa barcha davlatlarida ishlab kelmoqda. Bunday tashkilotlarning yopila boshlashiga O`zbekiston hukumatining G'arb bilan aloqalari sovuqlashgani asosiy sabab bo`layotgani yo`q, deydi ekspert. "Yoshlarning demokratiya haqidagi bilimlari o'sib, ular O`zbekistondagi islohotlarga o`z noroziliklarini bildirishlari mumkin."

Ismi oshkor etilishini istamagan bir talabaga ko`ra, ACCELS tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar yaxshi bilimga ega talabalarga bilim va tajribalarini yanada oshirish uchun imkoniyat yaratadi. Tanish-bilishchilik yoki pul orqali amalga oshadigan O`zbekiston sharoitda esa bu kabi xolis xalqaro tashkilotlarning borligi yoshlar uchun muhum tayanchdir, - deydi u.

Adliya vazirligining ACCELS vakolatxonasiga bo`lgan e`tirozlari an'anaviy - nodavlat tashkilot nizomdan tahsqari faoliyat yuritgan.

Mahalliy kuzatuvchilar Adliya vazirligi tomonidan ko`rilayotgan choralarning siyosiy sabablar bilan bog`liqligini, jumladan hukumat tomonidan xalqaro tashkilotlarni mamlakatdan chiqarish haqida berilgan tegishli buyruqqa muvofiq harakat qilayotganini urg'ulashadi.

Hozirgacha O`zbekistonda faoliyati tugatilgan xalqaro tashkilotlar asosan AQShga qarashli bo`lsa, so`nggi paytlarda Adliya vazirligining Fransiya va Vengriya kabi davlatlarga tegishli tashkilotlarga nisbatan ham tekshiruv boshlagani ma`lum bo`lmoqda.

XS
SM
MD
LG