Andijonlik havaskor rejissyor AQShda ikkinchi filmini yaratmoqda


Amerikani “keng imkoniyatlar mamlakati” deb bejiz aytishmagan. Iqtidorli, g’oyaga boy, chaqqon odamlar bu yerdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanib o’z hayotlarini, yaxshilashga, reja va orzularni amalga oshirishga intiladilar, ayniqsa muhojir bo’lsalar. Ana shunday yoshlardan biri, asli andijonlik Farrux Nunuzovdir.

Farrux Nunuzov AQShga to’rt yil ilgari kelgan. Asli andijonlik 29 yoshli bu yigit yoshligidan kinoga qiziqqan, biroq taqdir taqozosi bilan teatr va rassomchilik emas, xalq xo’jaligi institutiga kirgan. Qishloq xo’jaligi sohasidagi bilimlari uni xalqaro dasturlarning biri bo’yicha AQShning Meyn shtatiga yetakladi. Farrux Nunuzov hozir ham o’z mutaxassisligi bo’yicha Manchester shahridagi teplitsalarning birida ishlaydi. Biroq uning kinoga bo’lgan muxabbati va intilishi AQShda mavjud imkoniyatlardan foydalanishga undadi va natijada kinorejissyorlikka va aktyorlikka o’qimagan o’zbek yigiti AQShda o’zining ilk badiiy filmini yaratdi. Lekin bunga yetishish oson bo’lmagan.

"Avvaliga kichikroq teatrlarda o'ynadim, keyin esa universitet talabalari uchun turli filmlarni suratga olishga yordam berdim. Moliyaviy tomondan, tilni yaxshi bilmaganim uchun juda qiynaldim," - deydi Farrux.

“Hammasi bekorga” deb nomlangan filmni olish uchun Farrux katta qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Aktyorlarning mahorati past edi. Xarajatlar Farruxning shaxsiy hisobidan va bir necha homiylar tomonidan qoplandi.

Film Internet orqali bir qiz bilan tanishib AQShga yo’l olgan o’zbek yigiti haqida. Farrux yoshligidan karatega qiziqib, shug’ullangani uchun filmdan ur-yiqit, sharqona jang sahnalari keng o’rin olgan.

Film ikki yil burun olingan bo'lib, Farruxga ko'ra, yaxshi chiqqan. "Premyeraga kelgan ko'plab odamlarni va ularning film davomidagi hissiyotlarini ko'rganimda, film nihoyasidagi qarsaklarini eshitganimda, mehnatimning zoye ketmaganini tushundim," - deydi yosh rejissyor.

Farrux Nunuzov ayni damda ikkinchi film ustida ish olib bormoqda. Film “O’q-17” deb nomlanadi va Farruxga ko’ra, birinchi filmga qaraganda ancha jiddiyroqdir.

Film AQShga kelgan sobiq KGB ofitseri haqida. Sovet Ittifoqi davrida KGBning maxsus guruhi tarkibida turli xil qotilliklar bilan shug’ullangan film qahramoni Ittifoq qulagach, AQShga keladi. Kunduz kuni u duradgorlik bilan shug’ullanadi, kechasi esa yana qotillikka qo’l uradi. Film shu odamning ikkilamchi hayoti va kechinmalari haqidadir. Farruxga ko’ra, filmni suratga olish avgust oyida yakunlanadi.

Farruxning aytishicha, u AQShga kelayotgan muhojirlarga o’rnak bo’lmoqchi. U o’z misolida AQShga kelib hayotda o’z o’rnini topib ketish, orzu-umidlarni ro’yobga chiqarish mumkinligini ko’rsatib, O’zbekistondan kelib bu yerda yashayotganlarni ruhlantirmoqchi.

XS
SM
MD
LG