Breaking News

Kounterpart Toshkentdan ayblovlarga aniqlik kiritishni so'ramoqda


Keng qamrovli insonparvarlik loyihalari bilan tanilgan Counterpart International (Kounterpart Interneyshnl) nohukumat tashkilotining O’zbekistondagi idorasini yopishni buyurdi.

Yaqinda esa O’zbekiston Adliya vazirligi tashkilotga ishlagan mahalliy fuqarolarga ham ayblar qo’yilayotganini ma’lum qildi.

Tashkilotga Adliya vazirligi tomonidan aynan qanday ayb qo’yilayotgani noaniq. Chunki, Kounterpart prezidentining aytishicha, O’zbekiston Bosh prokuraturasi hali bu borada aniq bir ayblar qo’yilgani va aybning kimga qo’yilayotgani haqida aytmagan.

“Mahalliy xodimlarimizga hozirgacha rasman hech bir ayb qo’yilgani yo’q. To’g’risini aytsam, bu borada Adliya vazirligi tomondan vaziyat ancha noaniq. Ammo, biz Toshkent sudining bizning idoramizni yopish hukmini qayta ko’rib chiqishni so’rayapmiz. Bizningcha, biz O’zbekiston qonunini hech bir jihatdan buzmaganmiz va O’zbekiston bilan imzolagan shartnoma va bitimlarimiz doirasida ishlab kelganmiz”, - deydi tashkilot prezidenti Lelei Lelaulu.

O’zbekiston Adliya vazirligi Kaunterpart tashkilotini mamlakat qonunlarini tinimsiz buzganlikda va o’z nizomiga xilof ish olib borganlikda ayblagan edi.

Kounterpart bundan 40 yil avval Tinch okeanining janubiy qismlarida, jumladan Fiji, Polineziya, Mikroneziya va Tonga kabi orollarda insonparvarlik tashkiloti sifatida ish boshlagan va hozirda 60 mamlakatda faoliyat ko’rsatadi.

Tashkilotning O’zbekistonda xodimlari ko’p, chunki Kounterpart ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va insonparvarlik sohasida ishlaydi.

“Biz mahalliy xodimlarimiz taqdiridan xavotirdamiz, deydi Kounterpart rahbari. Biz ularni qadrlaymiz va mehnatining qadriga yetamiz. Adliya vazirligi bilan ishlashga urinar ekanmiz, xodimlarimizni har qanday xavfdan asrashga bel bog’laganmiz”,- deydi prezident Lelei Lelaulu.

Nega endi hukumat Kouterpartni shuncha yillik faoliyatdan keyin nishonga olyapti? “Sababini bilmaymiz”,- deydi tashkilot rahbari.

“Tashkilotimiz hukumat bilan yaqindan ishlab kelgan. Biz taraqqiyot masalalari bilan shug’ullanamiz. Biz insonparvarlik ishlari bilan bandmiz. Hukumat bilan ishlamasdan iloji yo’q. Fuqarolarga ularning huquqlari haqida bilim beruvchi dasturlarimizni hukumat bilan hamkorlikda amalga oshiramiz. Xalq hayotini yaxshilash uchun, ham markaziy hukumat, ham mahalliy hokimiyatlar, ham jamoatchilik bilan ishlash kerak. Ularni bir-biridan ajratib bo’lmaydi. Insoniyatni qadrlovchi muhitni ular ishtirokisiz vujudga keltira olmaysiz”,- deydi Kounterpart rahbari.

Lelei Lelauluning aytishicha, Kounterpart O’zbekistonda hukumat taklifi bilan ish boshlagan. “Hukumat xush ko’rmasa, hech bir mamlakatda ishlay olmaysiz”,- deydi u.

“Umid qilamizki, bir kun kelib, O’zbekiston xalqi farovon hayot uchun zarur barcha vositalarga ega bo’lib, iqtisodiy jihatdan kuchli va faol demokratik jamiyatda kun ko’ra boshlaydi. O’shanda, balki bizga mamlakatda ehtiyoj sezilmas. Buni bizga xalqning o’zi aytadi va biz o’sha kunni kutyapmiz”.

O’zbekiston hukumati vakillaridan, bosh prokuraturadan Kounterpart ishi haqida ma’lumot olishga yo’l yo’q. Rasmiylar bu borada gapirishni ma’qul ko’rmaydilar. O’zbekistonda AQShga qarshi ommaviy kampaniya avjga chiqayotgan bir paytda Amerika hukumati bu tashkilotga hamdard ekanini bildirmoqda. AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi Kounterpartni mablag’ bilan ta’minlovchi boshqarmalardan biridir.

“Biz Markaziy Osiyo bo’ylab, juda do’stona muhitda ishlaymiz. Biz boshlab bergan dasturlar hozirda mustaqil tashkilotlarga aylangan. Dasturlarni keyinchalik mahalliy xodimlar qo’liga topshiramiz. Taraqqiyot ishlari bilan o’sha mamlakat fuqarolari shug’ullanadi. Masalan, Qozog’istonda Argo degan nohukumat tashkiloti ishimizni davom ettiryapti. 100 dan ortiq hamkorlari bor. Shu kabi holni Qirg’izistonda, fuqaro jamiyatini quvvatlovchi markazlar misolida ko’rasiz”, - deydi janob Lelaulu.

Kounterpart O’zbekistonda ishini davom ettirish umidida, ammo hukumat uni mamlakatda ishlashga noloyiq deb topsa, dasturlarini to’xtatishga majbur bo’lishini ham yashirmaydi. “Qonun bu qonun, unga bosh egmasdan iloji yo’q”, - deydi prezident Lelei Lelaulu.

XS
SM
MD
LG