"Markaziy Osiyoda musulmonlar o'zlik izlamoqda"


Oxirgi yillarda islom dunyosida obro’si pasayib ketgan AQSh keyingi paytlarda musulmon xalqlar bilan bog’lanishga urinmoqda. AQSh xalq diplomati Karen Xyuzning aytishicha, Amerika musulmonlar dardiga quloq solishga, ularning tanqididan to’g’ri xulosa chiqarishga harakat qilmoqda.

AQSh Davlat departamenti yaqinda o’zining musulmon vakilini Tojikiston, Turkmaniston va Qirg’izistonga yubordi. Amerika Musulmon Jamoatchiligi Kengashi direktori Ahmad Yunusning aytishicha, uning mintaqaga safaridan maqsad Markaziy Osiyo musulmonlari, ayniqsa, dindorlari bilan jonli muloqotni vujudga keltirish, ularning bugungi ahvoli haqida bafurja ma’lumotga ega bo’lish.

“Musulmonlar haqida gap ketganda, Markaziy Osiyo hamisha chetda qolib ketadi. Shu bois biz mintaqaga, jumladan Tojikiston, Turkmaniston va Qirg’izistonga safar qilib, u yerdagi musulmonlar hayoti bilan tanishishga va ular bilan bog’lanishga urindik, jamoatchilikdan tortib, hukumatgacha, madrasalardan universitetlargacha”, - deydi u.

Amerika va Markaziy Osiyo musulmon hayotini taqqoslash qiyin. Qolaversa, mintaqaning turli burchagida musulmonlar turlicha sharoit ostida. Masalan, Tojikistonda musulmonlar siyosiy kuchga egalar. Parlamentda Islomiy partiya a’zolari o’tiradi. Qirg’izistonda esa diniy erkinlik va e’tiqod borasida nisbatan ochiqcha fikr yuritiladi. Turkmanistonda esa diniy e’tiqod haqida prezident Saparmurat Niyozovni qo’shmasdan gapirish deyarli mumkin emas. Ruhnoma Turkmaniston xalqining Qur’oniga aylangan.

“Islom tarixida, Makka davrida, masalan, musulmonlar zulmga berilgan, ilm esa chetga surilgan. Markaziy Osiyoda hozir shu narsa ko’zga tashlanadi. Yana bir muhim omil - musulmonlarning o’zlik izlayotgani. Mustaqilikka erishgach, mintaqa musulmonlari o’z o’rinlariga ega bo’lishga intilmoqdalar. Turkmaniston rahbari, Turkmanboshi, Ruhnoma orqali turkman tarixi va e’tiqodini qayta bitishga urinmoqda. Turkmaniston masjidlari ustunlariga Ruhnoma deb yozilgani, Turkmanboshiga sig’inilayotgani bizning nazarimizda juda salbiy hol”,- deydi Ahmad Yunus.

Uchinchi omil, deydi Ahmad Yunus, musulmon jamiyatlari qanday boshqarilishi haqida ketayotgan bahs. Markaziy Osiyoda bu bahs uncha ko’zga tashlanmasa-da, katta ta’sirga ega jarayon.

“Tojikistonda Islomiy Tiklanish Partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy bilan suhbatlashdim. U menda katta tassurot qoldirdi. Kabiriy o’z jamiyatiga xos, ham mo’tadillikni, ham iymonni targ’ib qiluvchi demokratik tuzum kerakligi haqida gapirdi. Uning gaplari menga Amerika musulmonlari orasidagi munozarani eslatdi. Kabiriy menga, “Amerika musulmonlari bizga erkin va zamonaviy jamiyatda musulmoncha yashash sirlarini o’rgatsin,” deb so’radi”,- deydi Ahmad Yunus.

Amerika musulmon jamoasi vakili nazarida, musulmon jamiyatlarida siyosiy va diniy plyuralizm yetishmaydi, ya’ni ko’p-partiyaviylik va diniy xilma-xillikka nisbatan bag’rikeng munosabat. Masalan, deydi u, Tojikistonda musulmonlarga Amerikada ayollar hijobda rasmga tushadilar, desak juda hayron bo’lishdi. Chunki, erkinlik nima ekani haqida hali ko’pchilik yaxshi tushunmaydi. Ahmad Yunus Qirg’izistonda turli masjidlarda, madrasa va diniy markazlarda bo’ldi, ulamolar bilan muloqot qildi. O’shning Navqat qishlog’ida esa oddiy xalq hayoti bilan yaqindan tanishdim, ichimlik suvi naqadar tanqis ekaniga guvoh bo’ldim, deydi AQSh vakili.

“Qirg’iziston xalqi, menimcha, doimiy izlanishda. O’tgan yilgi inqilob xalqqa umid bag’ishlagan. 1990-yillar boshida janubda qirg’iz-o’zbek mojarolarini boshdan kechirib, etnik birdamlikni qadriga yetgan, hamda o’zligini topish harakatidagi xalq. AQShda musulmon va amerikalik bo’lish o’rtasida deyarli farq yo’q. Qirg’izistonda ham shu ahvol yuzaga kelishi mumkin, ya’ni etnik o’zbek bir paytning o’zida qanday qilib, ham Qirg’iziston fuqarosi, ham mo’tadil musulmon bo’la oladi?”

Ahmad Yunus nazarida Markaziy Osiyoda ko’pchilik o’zini musulmon deb atashdan uyaladi. Chunki, mintaqada islomda harom sanalgan ichimliklar ichiladi, cho’chqa go’shti yeyiladi, qolaversa, ayol-erkak orasida nisbatan erkin munosabat mavjud.

“Islomning shartlariga 100 foiz amal qilmayotgan odam musulmon emas degan tushunchadan qochish kerak, aks holda biz ektremist guruhlarga ergashayotgan bo’lamiz. Ularning musulmon kim degan ta’rifiga bo’ysunayotgan bo’lamiz", - deydi Ahmad Yunus. "Bunda musulmonlar orasida taraqqiyot yuz bermaydi, balki vakuum hosil bo’ladi. Qirg’izistonda ana shu holning oldi olinmoqda, nazarimda. Men Qirg’izistonda 30ga yaqin juda o’qimishli, Misrda Al-Azhar Universitetini yakunlagan dindorlardan iborat Majlisi-Ulamo bilan uchrashdim. Ular mamlakatda islomning mo’tadil shakli ravnaq topishi uchun hissa qo’shmoqda.”

Diniy terrorizm va ektremizmning oldini olishda ana shunday mo’tadil dindorlarga yuzlanish lozim, Qirg’iziston va Tojikistondagi kabi madrasalar dunyoviy qarashdagi musulmon yetakchilarni yetishtira oladi, deydi AQSh musulmon jamoasi vakili Ahmad Yunus.

Ahmad Yunus nazarida Markaziy Osiyoda dindorlar ko’p jihatdan siyosiy tazyiq ostida, ammo din va e’tiqod hukumatga xavf emasligini tushuntira olish, ijtimoiy taraqqiyot yo’lida dinni bo’gmaslik muhim ekanini anglay olish uchun chuqur dunyoviy bilim va sabr-toqat kerak.

XS
SM
MD
LG