"Nodavlat tashkilotlarning yopilishi jamiyatga zarar"


So’nggi bir yil ichida O’zbekistonda AQShga tegishli o’ndan ortiq tashkilot hukumat tomonidan turli sabablar bilan yopilgan. Ana shunday tashkilotlarning biri Yevrosiyo Jamg’armasining Markaziy Osiyo bo’yicha vitse-prezidenti Endi Vilson (Andy Wilson) ning aytishicha, O’zbekiston hukumatining bunday siyosati jamiyatga salbiy zarar yetkazmoqda.

Endi Vilson Yevrosiyo Jamg’armasi O’zbekistondagi sudning jamg’arma vakolatxonasini yopish haqidagi qarorini kutmasdanoq mamlakatni tark etishga o’zi qaror qilgan, chunki ish sudga oshirilgan taqdirda ham biz bu ishni yuta olmas edik, deydi.

“Ish sudga oshirilgan taqdirda sudning biz taqdim etgan dalillarga e’tibor bermasligini hisobga olib, idoramizni yopishga qaror qildik,” - deydi Endi Vilson. “Chunki biz buni Yevrosiyo Jamg’armasidan oldin yopilgan tashkilotlar misolida ko’rdik va mahalliy xodimlarimizning keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilishini istamadik.”

Endi Vilsonga ko’ra, Adliya vazirligi Jamg’arma vakolatxonasi 10 punkt bo’yicha qonunni buzgan degan qarorga kelgan bo’lsada, jamg’arma tomonidan yollangan yurist o’zining 40 sahifali tahlilida qonun umuman buzilmagan degan xulosaga kelgan.

AQSh Davlat departamentining FLEKS (FLEX) dasturi rahbari Diana Aronsonning aytishicha, yana bir AQSh tashkiloti ACCELS (AKSELZ) ning yopilgani haqidagi xabar hech kimni taajubga solmagan va bu hamma uchun kutilgan hol bo’lgan. AKSELZ tashkiloti FLEKS dasturi orqali har yili yuzga yaqin o’zbekistonlik o’quvchilarga AQSh o’rta maktablarida tahsil olish imkoniyatini berib kelayotgan edi.

“Bu yili atigi 30 o’quvchi FLEKS dasturi orqali O’zbekistondan tanlab olingan, biroq Aronson xonimning aytishicha, hukumat ularga mamlakatdan chiqish vizalarini bermasligi mumkin,” – deydi Diana Aronson.

Endi Vilsonning aytishicha, xalqaro tashkilotlardan tashqari so’nggi bir yil ichida yuzlab mahalliy nodavlat tashkilotlar ham yopilgan. Janob Vilsonga ko’ra, Adliya vazirligi bunday siyosati bilan jamiyatga katta putur yetkazmoqda.

“Garvard universitetining sotsiologi Robert Patnam o’tkazgan ilmiy tadqiqotga ko’ra, har bir jamiyatning ravnaqi, xavfsizligi va ta’lim darajasi iqtisodiy o’sish imkoniyatlarini ta’minlayotgan va ijtimoiy xizmatlar ko’rsatayotgan fuqarolik tashkilotlari faol bo’lgan mamlakatda yuqori bo’lar ekan,” – deydi u.

XS
SM
MD
LG