Breaking News

Qo'yliq dahasida portlash - o'lganlar, jarohatlanganlar bor


Bugun Toshkentning Qo’yliq dahasida joylashgan yonilg’i shahobchasida portlash ro’y bergan.

Qo’yliq bozori yaqinida joylashgan shahobchadagi portlash shu darajada kuchli bo`lgan-ki, suyuq gaz joylashtirilgan bir necha tonnali sisterna 200 metrlar chamasi nariga, aholi yashaydigan ko`p qavatli uylar yoniga borib tushgan.

Hozircha portlash natijasida halok bo`lganlar va yong`in kelib chiqishiga nima sabab bo`lgani haqida aniq ma`lumotlar yo`q.

Voqea guvohlarining aytishlariga qaraganda, o’lganlar soni bir qadar ko`p bo`lishi mumkin.

Guvohlar yonayotgan odamlarning daryo tomonga qarab chopganini ko`rishganini ta`kidlashadi. Ularga ko`ra, yonilg`i shahobchasida ishlayotgan xodimlarning bunday kuchli portlash natijasida omon qolishgani shubhali.

Bundan tashqari yonilg`i shahobchasining Farg`ona vodiysiga ketadigan halqa yo`lda joylashgani, uning yaqinida mardikorlar bozori joylashgani hisobga olinadigan bo`lsa, halok bo’lganlar soni bir qadar ko`p bo`lishi mumkinligi aytilmoqda.

Guvohlarga ko`ra, sisterna baxtli tasodif tufayligina ko`p qavatli uylarning biriga urilmagan.

Voqea guvohlaridan biri yosh bolalar ham jarohatlanganini, kamida yetti-sakkiz kishi o`lgnini, bir qancha kishilar kasalxonaga olib ketilganini aytadi.

Ma’lumotlarga ko`ra, yong`in ertalab soat 11.00 atrofida sodir bo`lgan. Soat 15.00 ga borib, Farg`ona vodiysiga ketuvchi katta yo’lda qatnov tiklandi, yonib ketgan mashinalar olib ketildi. Yong`in o`chirildi. Voqea joyi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan o`rganilmoqda.

Yonilg`i shahobchasi Qo’yliq bozori yaqinida joylashgan. Mahalla vakillariga ko`ra, bundan avval ham shahobchada portlash holatlari bo`lgan, biroq bu qadar kuchli portlash hali kuzatilmagan.

Ularga ko`ra, aholi ko`p to`planadigan va yashaydigan joyda bu kabi shahobchalarning joylashtirilishi aholi hayotini xavf ostiga qo`ymoqda. Bir necha kunlar avval Namanganda ham yonilg`i shahobchasida portlash kuzatilgan edi.

Hozircha bo`lib o`tgan yong`in oqibatidagi qurbonlar, jarohatlanganlar, shuningdek, portlashga nima sabab bo`lgani haqida rasmiy ma`lumotlar e`lon qilinganicha yo`q.

XS
SM
MD
LG