Yevropa Rossiya neftiga tayanmaslikka chaqirilmoqda


"Freedom House" (Fridom Xaus) inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilotning bayon qilishicha, Yevropa Ittifoqi sharqidagi neftga boy davlatlarda demokratiya va javobgarlik kabi tushunchalar tanazzulga yuz tutmoqda.

Budapesht va Berlinda chiqargan tahlilnomasida, Fridom Xaus G’arbni Rossiyadek davlatlarning energetik resurslariga kamroq tayanishga chaqirdi.

"O’tish Davridagi Davlatlar" deb nomlangan tahlilnomaga ko’ra, Ozarbayjon, Qozog’iston, Rossiya va Turkmaniston energetik boyliklari hisobiga iqtisodiyotini kuchaytirgan bo’lsa-da, ularda demokratik institutlarning sustligi, avtoritar boshqaruv uslubi, erkinliklarning cheklanayotgani va korrupsiyaning kuchayayotgani kuzatilmoqda.

Tahlilnoma muharriri Janet Goringning ta’kidlashicha, Rossiya va Markaziy Osiyoning neftga boy davlatlarida demokratik qadriyatlar xavf ostida. Ular, masalan, ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish haqida o’ylamayapti ham, deydi Goring xonim.

"Demokratiyaga O’tish" xalqaro markazi xodimi Anita Orban Yevropa Ittifoqini muqobil dasturlar ishlab chiqib, Rossiya gaziga kamroq tobe bo’lishga undadi. Unga ko’ra, shunda Yevropa Rossiyada demokratik o’zgarishlarni joriy qilishda ko’proq ta’sir kuchiga ega bo’ladi.

Fridom Xaus tahlilnomasi har yili Yevropa Ittifoqi va uning qo’shnilarini o’z ichiga olgan 25 davlatda boshqaruv usullari, ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyat yurita olishi, saylov jarayonlari, fuqaro jamiyati va korrupsiya suratiga baho beradi.

XS
SM
MD
LG