Eron ShHTdan yordam so'ramoqda


Shanxayda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammit o'z ishini boshladi. Xitoy tashabbusi bilan separatizm, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash uchun tuzilgan tashkilot sammiti kun tartibida energetika xavfsizligi va tashkilotga taklif qilingan Eron masalalari muhim o'rin egallagan.

Shanxayda sammit ishini kuzatayotgan Amerika ovozi muxbiri Luis Ramirezning xabar qilishicha, iqtisodiyoti rivojlanayotgan sari neftga tashna Xitoy tashkilot doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi.

Tashkilotga hali a’zo bo’lmagan va Xitoyni neft bilan ta’minlab turadigan Eron sammit diqqat markazida turibdi. Bugun mamlakat prezidenti Mahmud Ahmadinejod sammit ochilishida nutq so’zlab, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarni Eronni G’arb bosimiga qarshi qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.

Prezident Ahmadinejodga ko’ra, a’zo davlatlar iqtisodiy va boshqa yo’nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish orqali tashkilotni kuchaytirishlari va ularning ichki siyosatiga aralashayotgan yirik davlatlar tahdidining oldini olishlari mumkin.

Eron rahbari Tehronda tashkilotga a’zo davlatlar neft sanoati vazirlari uchrashuvini o’tkazishni taklif qildi.

Tashkilotning asl maqsadi - separatizm, terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurash. Biroq AQSh Eronni terror guruhlarga yordam berayotganlikda ayblashiga qaramay, tashkilot rasmiy Tehronni kuzatuvchi sifatida taklif qilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Lyu Tzyanchaoning aytishicha, Eronga kuzatuvchi maqomi tashkilotga a’zo davlatlar kelishuvi orqali berilgan.

Ayni damda Xitoydan tashqari Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikiston kiradi.

Xitoy ham, Rossiya ham, Eronga qarshi sanksiyalarning qo’llanilishiga qarshi chiqib kelgan. Tahlilchilarga ko’ra, Xitoyning bunday pozitsiyasini Eron neftiga bo’lgan kuchli ehtiyoj bilan tushuntirish mumkin.

Erondan tashqari tashkilotda kuzatuvchi maqomiga Hindiston, Mongoliya va Pokiston ham ega.

Kanadadagi Karlton universiteti tahlilchisi Robert Katlerning aytishicha, Rossiya va Xitoy ushbu tashkilot orqali o’zlarining Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirmoqchi. Ayniqsa, Xitoy, deydi Robert Katler.

"Tashkilot Xitoyning diplomatik va moliyaviy yordamisiz uzoqqa yetmasdi. AQShni mintaqadan siqib chiqarish va o’z iqtisodiy ta’sirini kengaytirish – Xitoy diplomatiyasining azaliy usullaridan biri," - deydi Robert Katler.

Sammitga Pokiston prezidenti Parvez Musharraf va Afg’oniston rahbari Hamid Karzay ham kelgan. Hindistondan neft sanoati vaziri ishtirok etmoqda. Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti 2007 yilda Bishkekda bo’lib o’tadi.

XS
SM
MD
LG