Breaking News

O'zbekistonlik inson huquqlari himoyachisiga xalqaro sovrin berildi


Irlandiya poytaxti Dublinda farg’onalik inson huquqlari himoyachisi Ahmadjon Madumarovga Front Line (Front Layn) xalqaro tashkilotining yillik sovrini topshirildi.

Front Line tashkiloti 2001 yildan beri faoliyat ko’rsatadi va uning asosiy vazifasi – dunyo bo’ylab inson huquqlarini himoya qilayotgan faollarning o’zini himoya qilish. Front Line yillik sovrini ularning eng jonkuyarlarini rag’batlantirish maqsadida ikki yil ilgari ta’sis etilgan va hakamlar hay’ati o’zbekistonlik inson huquqlari himoyachisi Ahmadjon Madumarovni bu yilgi sovringa loyiq deb topdi.

30 yildan beri inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanib kelgan Ahmadjon Madumarovga sovrinni BMT Bosh kotibining maxsus vakili Piter Saterlend 16 iyun kuni Dublinda maxsus marosim paytida topshirdi. Tashkilot vakili Meri Lolorning aytishicha, g’olibni aniqlashda jiddiy hay’at faoliyat ko’rsatgan.

"Hay’atga Irlandiya qonun chiqaruvchilari hamda Yevropa Parlamentining a’zolari kirgan," - deydi u.

Ahmadjon Madumarov O’zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbarining o’rinbosari. Tashkilot 2002 yili prezident Karimovning AQShga safari oldidan ro'yxatdan o'tgan, biroq 2004 yili hukumat uni qayta ro'yxatdan o'tkazmagan.

1999 yildan beri Ahmadjon Madumarovning uch o’g’li va ikki jiyani Hizb-ut-Tahrir guruhiga aloqadorlikda ayblanib, qamoqqa tashlangan. Yana bir o’g’li mamlakatni vaqtida tark etishga ulgurgan. Katta qiyinchiliklar bilan Dublinga sovrinni olish uchun kelgan Ahmadjon Madumarovning o’zi ham O’zbekistonga qaytganda tazyiqqa uchrashi mumkinligidan xavotirda.

Ahmadjon Madumarov bilan birga hamkorlik qilgan Farg’onadagi “O’tyuraklar klubi” rahbari Mo’tabar Tojiboyeva ham o’tgan yili Front Line tashkiloti tomonidan Dublinga taklif etilgan, ammo kela olmagan. Uni avvaliga mamlakatdan chiqarishmagan, keyin hibsga olishgan, so’ng esa qator ayblovlar asosida sakkiz yillik qamoq jazosiga mahkum etishgan. Front Line vakili Meri Lolorning aytishicha, tashkilot Mo’tabar Tojiboyevaga qo’ldan kelgancha yordam qilishga harakat qilmoqda.

"Biz Mutabar Tojiboyevaning ishi bo’yicha Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz va uning ozod etilishi uchun qanday siyosiy bosim kerakligini muhokama qilyapmiz."

XS
SM
MD
LG