Mudofaa vazirligi rasmiysi josuslikda ayblanib, 15 yilga qamaldi


O’zbekiston Mudofaa vazirligining xalqaro departamenti bo`limi sobiq rahbari josuslikda ayblanib, 15 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan. Sobiq mudofaa vaziri ustidan esa sud jarayoni davom etmoqda.

O`zbekiston harbiy sudi tomonidan tarqatilgan ma`lumotga ko`ra, Mudofaa vazirligi xalqaro departamenti bo`limining sobiq boshlig’i podpolkovnik Erkin Musayev vatanga xiyonat qilganlikda, harbiy sirlarni sotganlikda aybdor topilgan.

Harbiy sud Erkin Musayevni 15 yil qamoq jazosiga mahkum etgan. Tarqatilgan rasmiy ma`lumotda, Musayevning aybi to`liq isbotini topgani keltiriladi. Ayrim manbalarga ko`ra, Erkin Musayevning o`zi aybini qisman e`tirof etgan.

O`zbekiston harbiy sudida sobiq Mudofaa vaziri Qodir G`ulomov ustidan ham sud jarayoni bormoqda. Avvalroq Mudofaa vazirligidagi bur guruh yuqori martabali amaldorlar ustidan sud jarayonlari boshlangani haqida xabarlar chiqqan edi, biroq bu jarayonlar qanday borayotgani va tafsilotlari haqida ma`lumotlar juda kam.

O`zbekiston Mudofaa vazirligining matbuot xizmati Qodir G`ulomov ishi bo`yicha hech qanday ma`lumotga ega emasligini bildiradi.

Hozirgacha Qodir G`ulomov ustidan sud jarayoni bo`yicha ma`lum bo`lganlari - bu uning xizmat lavozimida iqtisodiy talon-tarojga yo`l qo`ygani, davlat xazinasiga katta miqdorda jarima t`olagani haqidagi tasdiqlanmagan xabarlardir.

Ma`lumotlarga ko`ra, Qodir G`ulomov hibsga olinmagan, biroq uy qamog`ida. Sud jarayoniga qo`riqchilar qurshovida olib boriladi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko`ra, Erkin Musayev ustidan chiqarilgan sud hukmi Qodir G`ulomovga nisbatan ko`rilayotgan sud jarayoni bilan bo`gliq bo`ladi.

Sobiq Mudofaa vaziriga nisbatan qo`yilgan ayblovlar qatorida AQSh harbiy bazasi joylashgan Xonobod aerodromiga tegishli masalalar borligi ta`kidlanadi.

Kuzatuvchilardan biri bildirayotgan mulohazaga ko`ra, sobiq Mudofaa vaziri va boshqa yuqori lavozimdagi harbiylar ustidan boshlangan jarayonlar ko`proq siyosiy ahamiyatga ega.

Misol tariqasida bundan bir necha yil avval O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi harbiy-strategik aloqalarning boshlanish davri eslanadi. O`shanda Rossiya xavfsizlik xizmatlari bilan aloqada ayblangan Mudofaa vazirligining bir necha yuqori martabali amaldorlari ustidan ish qo`zg`atilgan va ular lavozimlaridan chetlatilgan edi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Iskandar Xudoyberganov fikricha, sobiq Mudofaa vazirining nima sababdan sud qilinayotgani jamoatchilikdan yashirilyapti. Bu haqda faqat taxmin qilish mumkin.

“Chunki biron rasmiy ma`lumotlar aniq emas, odamlarni gapiga qaraganda sakkiz million dollarlik talon-tarojga yo`l qo`ygan. Boshqa ma`lumotlarga ko`ra, davlat harbiy sirlarini tarqatgan. Lekin bunga ishonish qiyin, chunki hozirgi vaziyatda O`zbekistonda bunday sir bo`lishiga ishonish qiyin. AQSh, Rossiya texnikasi yaxshi rivojlangan, ularning bu choraga borishi shart emas. Ehtimol davlat to`ntarishi qilib tepaga chiqmoqchi desa, bu sal o`xsharmidi, lekin bu haqda gap yo`q. Shuning uchun ham har xil gaplar bor, shulardan yana biri uni Sanjar Umarov bilan yaqin aloqada ekanligi deyishmoqda”, - degan taxminlarni bildiradi Iskandar Xudoyberganov.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo’lat Yo`ldoshevga ko`ra, harbiylar bilan o`tayotgan jarayonlar O`zbekistondagi siyosatning repressivlashayotgani, bir paytlar Stalin siyosatida kuzatilgan “josuslik maniyasi” rivojlanayotganligi bilan bo`gliq.

“Kimki qachondir chet-elliklar, diplomatlar bilan uchrashgan bo`lsa, sen josussan, ularga davlat sirlari haqida ma`lumot bergansan, deb ko`rsatishga harakat qilishyapti”, - deydi Yo`ldoshev.

Ma`lumotlarga ko`ra, Qodir G’ulomov ustidan o`tayotgan sud jarayoni shu oyda nihoyasiga yetishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG