Qirg'iziston qochqinlarni O'zbekistonga topshirishi mumkin


Qirg’iziston Bosh prokuraturasi O’sh shahar tergov izolyatorida saqlanayotgan to’rt nafar o’zbekistonlik qochqinni O’zbekistonga topshirishni rejalashtirmoqda. Qochqinlar O’zbekiston hukumati tomonidan 2005 yil 13 may kuni Andijon shahar prokurori G’anijon Abdurahimovni o’ldirganlikda ayblanmoqda.

Bir yildan buyon O’sh shahar tergov izolyatorida qolayotgan andijonlik qochqinlar huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanayotgan huquqshunos Solijon Moitovning aytishicha, Qirg’iziston hukumati xalqaro jamoatchilik guvohligida o’z zimmasiga olgan majburiyatlarga rioya qilishi kerak.

“Prezident Bakiyev BMT xalqaro sammitida xalqaro me’yorlarga rioya qilishga va’da bergan. Men Qirg’iziston hukumati qochqinlar ishi bo’yicha BMT Inson Huquqlari bo’yicha qo’mitasi qarorini kutishi kerak, deb hisoblayman. Andijonlik to'rt qochqinning ishi bo’yicha shikoyatlar BMT qo’mitasiga jo’natilgan. Qo’mita bu shikoyatlarga javob bergandan keyin siyosiy yoki yana boshqa qaror qabul qilinishi zarur. Qirg’iziston hukumati qochqinlar ishi bo’yicha shikoyat natijasini kutishi kerak,” – deydi huquqshunos Solijon Moitov.

O’sh shahar tergov izolayorida saqlanayotgan qochqin Odiljon Rahimovning aytishicha, andijonliklar Qirg’iziston hukumati o’zlarini O’zbekiston rasmiylariga topshirmaydi, deya umid qilmoqdalar.

“Qiyin-qistov, o’lim kutadigan davlatga qaytarib yuborishlari bizni hayron qoldiryapti. Qirg’iziston prezidentidan bizning taqdirimizni adolat bilan, qonun asosida hal qilishini iltimos qilamiz. Axir biz siyosiy boshpana so’radik,” – deydi Odiljon Rahimov.

BMT Qochqinlar ishi bo’yicha Oliy Komissariati Qirg’iziston rasmiylariga murojaat qilib, andijonlik qochqinlarni O’zbekistonga topshirmaslikka chaqirdi. Rasuljon Pirmatov, Jahongir Maqsudov, Odiljon Rahimov va Yoqub Toshboyevga BMT agentligi tomonidan qochqin maqomi berilgan.

XS
SM
MD
LG