Tojikistonda o'zbekistonliklar josuslikda ayblanib, sudga tortilgan


Keyingi vaqtlarda Rossiya bilan hamkorlikda “Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati” va “Shanxay Hamkorligi Tashkiloti” singari jadal rivojlanayotgan tashkilotlar tarkibiga kiriuvchi Tojikiston va O’zbekiston aloqalarida iliqlik o’rniga tobora sovuqlik shabadasi esmoqda.

Bir necha kun burun Tojikiston shimolida O’zbekiston foydasiga josuslik qilishda ayblangan to’rt kishi sud qilindi va 13 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

Iyun oyi boshidan beri So’gd viloyat markazi Xo’jand shahrida viloyat sudi tomonidan Tojikistonda tugilib-o’sgan ammo O’zbekistonda yshagan va ishlagan to’rt kishi ustidan Tojikiston jinoiy kodeksining 308-moddasi asosida hukm chiqarilgan.

Dastlab Tojikistonning Istravshan shahridan bo’lgan ammo Toshkentda istiqomat qilgan Ibrohim Yo’ldoshev O’zbekiston foydasiga josuslikda ayblanib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Oradan ikki hafta o’tar-o’tmas yana shu Istravshan nohiyasidan bo’lgan va Toshkent shahrida yashab yurgan 1956 yilda tug’ilgan Abdujalil Qodirovga ham josuslik aybi qo’yilib, 13 yilga qamaldi.

Bu mahkama jarayonlari haqida birorta tegishli tashkilot xodimlari izoh berishni istamagan bo’lsa-da, tojikistonlik tahlilchi bu amaliyotlar ortida haqiqat borligini va O’zbekiston maxsus xizmati anchadan beri Tojikistonda, xususan So’gd viloyatida josuslik amaliyotlari olib borayotganligini aytadi.

“Bunday sud jarayonlari ko’plab bo’lgan. Bu mahkama jarayonlarining aynan SHOS [Shanxay Hamkorlik Tashkiloti] sammiti oldidan to’planib qolganligi va ochilganligi kishi e’tiborini tortadi”, - deydi Jo’ra Yusufiy.

G’afurov nohiyasidan bo’lgan oliy ma’lumotli Hoji Sharif Nuriddinov Tojikistonda O’zbekiston josuslari ustidan o’tkazilgan mahkama jarayonlariga ikki xalq munosabatlari tahlili tomondan yondashadi. Bu sud jarayonlarini ham ma’lum doiradagi kishilarning siyosati deb biladi va ikki xalq o’rtasidagi munosabatlarga rahna soladi deb hisoblaydi.

“Ikki davlat kelishib, orada yo’l ochilishi kerak bo’lgan paytda josuslik, o’zaro kamchilik qidirish davlat siyosatiga ham, xalq manfaatiga ham mos kelmaydi. Bu narsa davlat ishini olib borayotgan manfaatdor odamlarning ta’siri tufayli sodir bo’lmoqda. Xalqni kundalik turmushi, bir-biriga bo’lgan mehr-muhabbati davlat siyosatida yorqin ko’rinmaydi.Bu esa odamlarni kelajak to’grisida xavotirga soladi”, - deydi Hoji Sharif Nuriddinov.

Uning fikricha, har qanday sharoitda ham bugungi kunda o’rtadagi sovuq munosabatlarni yo’qotishga intilish zarur. Bu o’rinda Nuriddinov el orasida bo’lgan “Do’stingni yaxshisini oshirib, yomonini yashirasan” degan maqolni eslatadi.

Xo’jandda yaqinda yana bir o’zbekistonlik josus ustidan o’tgan besh oylik mahkama jarayoni yakunlandi. Jinoiy ishni ko’rib chiqqanlarning aytishlaricha, Andijon viloyatining Jalolquduq nohiyasi sobiq boshlig’i, 51 yoshli podpolkovnik Abdukarim G’afforov Tojikistonnning Bobojon G’afurov nohiyasida xavfsizlik vazirligi xodimlari tomonidan qo’lga olingan.

Tojikistonning Xo’jand nohiyasida tug’ilib-o’sgan sobiq komissar ham 308-modda bo’yicha josuslikda ayblanib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Manbalarning bildirishicha, mahkamaga tortilganlar sud davomida chegarani noqonuniy kesib o’tganlari va O’zbekiston maxsus tashkilotlariga xizmat qilganlarini tan olishgan. Jinoiy ishlar maxfiy hisoblangani uchun barcha sud jarayonlari yopiq holda o’tkazilgan.

Tojikistonning Bobojon G’afurov nohiyasidan bo’lgan o’qituvchi Alimamat Shodiyev o’tgan sud jarayonlariga daxl qilmagan holda o’zbegu-tojik munosabatlari haqida fikr bildirar ekan, xalqlar o’rtasidagi bugungi holatni juda taranglashgan deb hisoblaydi va bundan boshqa davlatlar manfaatdor bo’lishini ta’kidlaydi.

“Tojik bilan o’zbek yovdek. Kolxozchi bilan o’tirsangiz ham O’zbekistonni yomonlab qoladi, olim bilan o’tirsangiz ham. Radioda tojik shoiri Buxoro bilan Samarqandni yuragimizdagi dog’ deydi. Bunday da’volar haligacha bor. Lekin bu katta alanga olib ketmasin deb sekin aytilmoqda-yu, aslida g’ubor katta. Chegara masalasida ham. Nazarimda Rossiya ham, G’arb davlatlari ham shunday holatdan manfaat ko’radi, bir-biriga gijgijlamoq yoki o’zi tomon tortmoq uchun. Bizning bir bo’lmaganimiz ularga ham juda qo’l keladi”, - deydi Alimamat Shodiyev.

Mustaqil tahlilchi Jo’ra Yusufning ta’kidlashicha, qo’shnichilik munosabatlaridagi bunday amaliyotlar O’zbekiston amaldorlarining so’zlariga ishonch qoldirmaydi.

“O’zbekiston rahbarlari qarib har bir-ikki yilda goh G’arb, goh Sharq tarafga qarab siyosatini o’zgartirib qolishadi. Bunday holatda, meni fikrimcha Shanxay Hamkorligi Tashkiloti a’zolari ham bugungi O’zbekiston hukumati rahbarlari samimiyatiga ishonmaydilar”, - deydi tahlilchi Jo’ra Yusuf.

Ishonchli manbaning bildirishicha, o’tgan yilning kuzida ham O’zbekistonning ikki fuqarosi - bir fan nomzodi va bir general - So’gd viloyatida josuslikda ayblanib, qo’lga olingan edi. Bu manbaning aytishicha, o’tgan bir yilda milliy-mahzablararo nizolar tug’dirish va chet-ellarga josuslikda ayblanib, 15 dan ortiq kishi turli yillarga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG