Breaking News

Mavhum kelajak oldida turgan qochqinlar bir kunga bo'lsa-da e'zozlandi


BMT Qochqinlar agentligi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonasi, AQShning Bishkekdagi elchixonasi hamkorligida O’sh va Bishkekda 20 iyun, Butunjahon qochqinlar kunini nishonladi.

Qochqinlar kuniga bag’ishlab o’tkazilgan musiqiy kechani ochar ekan, BMT Qochqinlar agentligining O’sh idorasi boshlig’i Mulus’yu Mamo yig’ilgan mehmonlarga murojaat qildi:

“Qochqin bo’lish qanaqa ekanini tasavvur qiling: ta’qib, zo’ravonlik va fuqarolar urushidan qochib, uy-joy, oila va do’stlardan ajralish qanday bo’lishini tasavvur qiling. Kutilmaganda notanish davlatga kelib qolasan, boshqalarning himoyasi va yordamiga muhtojlik sezasiz... Ammo barcha yo’qotishlarga qaramay, qochqinlarni vatanga, xotirjam turmushga qaytish umidi tark qilmaydi”.

Kechada O’shdagi xorijiy va nodavlat tashkilotlar vakillari, talabalar, jurnalistlar va albatta qochqinlar qatnashdi. Aksariyati o’zbekistonlik bo’lgan qochqinlar mehmonlarni o’zlari pishirgan shirinliklar, tansiq taomlar bilan siyladilar.

O’zbekistonlik 20 yoshli Suhrob mehmonlarga O’shga kelib chizgan rasmlarini ko’rsatdi. Suhrob havaskor rassom, u diniy e’tiqodi uchun tazyiq ostida qolgach, ota-onasi va ukalari bilan Qirg’izistonga qochishga majbur bo’lgan. Suhrob “umid suvrati”ni chizayotganini aytadi.

O’tgan yilning 13 may kuni yuz bergan Andijon voqealaridan keyin minglab qochqinlar O’zbekistondan Qirg’izistonga qochdi. Qochqinlarning aksariyati BMT Qochqinlar agentligi ko’magida Qirg’iziston muhojirot idoralari tomonidan uchinchi davlatlarga ko’chirildi. Ammo, O’zbekistondan kelayotgan qochqinlar oqimi to’xtagani yo’q.

O’sh viloyat muhojirot qo’mitasi boshlig’i Nuriyla Jo’ldo’sheva o’zbekistonlik qochqinlarning irodasi mustahkam ekanidan hayratlanishini aytdi:

“Turli sabablar bilan Qirg’izistonga kelgan qochqinlardan ayrimlari hozir oramizda o’tiribdi. Bor-yo’gidan ajralganiga, Vatandan quvilganiga qaramay, bu yerda ishtiyoq bilan yangi hayot boshlayotgan bu insonlarning mardligiga qoyil qolish kerak. Nima bo’lishiga qaramasdan, biz Siz bilanmiz”, – dedi Nuriyla Jo’ldo’sheva o’zbekistonlik qochqinlarga murojaat qilarkan.

XS
SM
MD
LG