Breaking News

O'zbekistonda axborot bozori nima va iste'molchilar kim?


O’zbekiston chet-el axborot vositalarini mamlakat tinchligini va farovonligini ko’ra olmayotganlikda, xalq xotirjamligiga rahna solayotganlikda ayblab kelar ekan, shu kunlarda Toshkentda ommaviy axborot vositalari, axborot xavfsizligi, axborot bozorining shakllanishi haqida xalqaro anjuman tashkil etildi.

Anjuman “Siyosiy tadqiqotlar markazi” tomonidan tashkil etilgan. Markaz direktori Gulnora Karimovaga ko`ra bugun ommaviy axborot vositalari axborot quroliga aylanib bormoqda; undan aniq maqsadlarni ko`zda tutgan holda foydalanilmoqda va buning uchun ulkan mablag’lar ajratilayapti. Global axborot bozori turli yo’llar bilan boshqa mahalliy axborot vositalarining mahsulotlarini yo`qotish harakatida, deydi mutaxassis.

Mazkur fikrlar rossiyalik ekspertlar tomonidan qo`llab-quvvatlandi. Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda turli xalqaro tashkilotlar va jamg’armalarga ahamiyat qaratildi.

G`arb standartlari darajasida targ’ib qilinayotgan axborot vositalari erkinligi jamoatchilik fikrini boshqarishni maqsad qilgani, xorijlik jurnalistlar mintaqa haqida xolis axborot bermayotgani ta’kidlandi.

Konfrensiyada AQSh va Yevropa mamlakatlari vakillari ishtirok etdi. Britaniya harbiy akedemiyasi xodimi Genri Platter – Ziberk ommaviy axborot vositalari maqsadi, yo`nalishlariga to`xtalar ekan, Britaniya matbuotida hukumatga, jumladan mudofaa vazirligiga qarshi maqolalarni izlab bosuvchi nashrlar borligini va bu zamonaviy axborot bozorining rivojlanishidagi tabiiy jarayon ekanligini bildirib o`tdi.

Vashigtondagi Mudofaa axborot markazi rahbari Nikolay Zlobinga ko`ra, ommaviy axborot vositalarining erkinligi faqatgina prezidentni tanqid qilish yoki qila olmaslik huquqi bilan belgilanmaydi, balki aholining turli manbalardan axborot qabul qila olish, tanlash, hukumat tanqid qilinganda ham aynan asosli ravishda tanqid qilish imkoniyati berilishiga qarab belgilanadi.

Germaniyaning Fridrex Ebert jamg’armasining mintaqaviy direktori Raynxard Krumm ommaviy axborot vositalari faoliyatiga baho berar ekan, Germaniyada davom etayotgan futbol bo`yicha Jahon chempionati bahslarini matbuotda yoritilishini misol tariqasida keltiriladi. Unga ko`ra, agar ommaviy axborot vositalariga turli siyosiy masalalarni yoritishda ham hech bo`lmaganda shunday imkoniyat yaratilganda, munozaraga o`rin qolmasdi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biriga ko`ra, O`zbekiston matbuoti va muhokama qilingan muammolar o`rtasida ulkan bo`shliq yotibdi. Bu bo`shliq birinchi navbatda aholining matbuotga nisbatan ishonchsizligi, matbuot imkoniyati hukumat tomonidan cheklangani bilan bo`gliq. Bunday sharoitda O`zbekiston matbuotining axborot maydoni haqida gapirish, haqiqiy vaziyatdan xabarsizlikni yoki bu vaziyatga siyosiy tus berishni anglatadi.

XS
SM
MD
LG