Breaking News

Tojikistonda matbuot "nisbatan erkin"


Kuzatuvchilar Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikistonda ham matbuot erkinligi baynalmilal talablarga javob bermaydi, deb hisoblashadi. Lekin ularga ko’ra, Tojikiston ommaviy axborot vositalari erkinligi jihatidan Markaziy Osiyoda Turkmaniston va O’zbekistondan ancha oldinda turadi.

Keyingi yillarda Tojikistonda so’z erkinligiga keng yo’l bergan bir qancha gazetalar turli bahonalar bilan berkitib qo’yildi. Mustaqil telestansiyalarda tayyorlangan lavhalar sabab, jurnalistlarga bosim ko’rsatildi.

Tahlilchilarga ko’ra, Tojikistonda hali ham ommaviy axborot vositalari hukumat nazoratida qolmoqda. “Leninobod Haqiqati” nomli hukumat gazetasi xodimi Qahramon Olimov Tojikistonda qo’shni respublikalarga qaraganda matbuot erkinligiga keng yo’l ochilgan, deb hisoblaydi.

“Hozir hukumat gazetalarida ham tanqidiy materiallar uchrab turadi. Muharririyatga kelgan ayrim maktublar jurnalistlar tomonidan o’rganib chiqiladi, mavjud muammolar hal etiladi. So’z erkinligi Tojikistonda u darajada rivojlanmagan bo’lsada, odamlarda Sovet davridagiga qaraganda demokratiya tushunchasi ancha o’rnashgan. Erkin so’z yurita oladigan oddiy odamlarni, dehqonlarni tez-tez uchratib turamiz”, - deydi Qahramon Olimov.

Tojikiston Demokratik partiyasi yetakchilaridan Jumaboy Niyozov respublikada mustaqil ommaviy axborot vositalari mavjud bo’lgani bilan, ularning so’z erkinligi chegaralab qo’yilganini ta’kidlaydi.

“Afsuski, bu matbuotda so’z erkinligi chegaralangan. Matbuotda so’z va fikr erkinligiga yo’l qo’yilgandagina uni ozod va erkin deya olamiz. Tojikistonda esa gazeta-jurnal yoki radio-televideniyeda chegaralab qo’yilgan so’z erkinligidan chiqqanlari hamon daxldor tashkilotlar ularga qarshi tegishli choralarni ko’ra boshlashadi-ki, buni kechirib bo’lmaydi”, - deydi Jumaboy Niyozov.

Tojik gazetxonlari yoki teletomoshabinlari Tojikistonda garchi nisbatan matbuot erkinligi bor bo’lsa-da, asosiy yangiliklarni chet-el ommaviy axborot vositalaridan, asosan Rossiya televideniyesidan olishlarini aytishadi. Ularga ko’ra, agar xalq yangiliklarni, o’zlari istagan mavzularni mahalliy ommaviy axborot vositalaridan ola bilsalar, Tojikistonda chet-el axborot vositalariga ehtiyoj kamroq bo’lar edi.

“Sho’la-i Umed” tojik gazetasi bosh muharriri Mirzoa’zam Maxsumov Tojikistonda matbuotni ozod deb hisoblaydi. Unga ko’ra, mahalliy jurnalistlar so’z erkinligida jiddiy mas’uliyat borligini yodda tutishlari kerak.

“So’z erkinligi der ekanmiz, biz avvalo Markaziy Osiyo xalqlarining o’ziga xos xususiyatlarini inobatga olishimiz kerak. Elimizda "so’zlaganda andisha qil" degan hikmat bor. So’z erkinligi insonni va jamiyatni buzishga olib bormasligi zarur. Matbuotimiz yurtimizdagi mavjud huquq va uslub-u-odob qoidalari me’yorida bo’lishi kerak” - deydi Mirzoa’zam Maxsumov.

Tojik jurnalisti Maxmudi Ashurmuhammad esa matbuotda xolis tanqidiy chiqishlar ayniqsa siyosiy ma’rakalar oldidan ma’n etib qo’yilishini qoralaydi.

“Vatanimizda erkin matbuot bor degan umidda, parlament saylovida bo’lgan adolatsizliklar haqida tahliliy bir maqola yozib, “Aziya Plyus”, “Zindagi”, “Millat” gazetalariga bergan edim. Lekin faqat centrasia.ru saytida chop etilishiga muyassar bo’ldim. Harchandki, matbuot erkinligi haqida yuqorida qancha gapirmasinlar, men uni yo’q hisobida deb o’ylayman”, - deydi jurnalist.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Tojikistonda matbuot erkinligi 2007 yildan boshlab yangi pog’onaga ko’tarilishi mumkin. Chunki bu vaqtda prezident saylovi yakunlangan va cheklovlar olingan bo’ladi.

XS
SM
MD
LG