Qirg'izistonda o'zbek tili qanday maqomga ega bo'lsin?


Qirg’iziston janubidagi o’zbeklarning o’zbek tiliga rasmiy maqom berilishi haqidagi talablari Qirg’iziston rasmiy doiralarida qizg’in munozaraga sabab bo’lmoqda.

Munozara 27 may kuni Jalolobod viloyati o’zbeklar jamiyati Qirg’iziston hukumatidan o’zbek tiliga rasmiy maqom berishni va davlat boshqaruv idoralari faoliyatida o’zbek millatiga mansub aholi vakillarining ishtirokini talab qilib, namoyish o’tkazgandan keyin boshlandi.

Qamchibek Tashiyev, Qirg’iziston parlamenti deputati:

"Bu muammo hal qilinmaydi va biz hal qilmaymiz. O’zbek tiliga rasmiy maqom berilmaydi. Buni yaxshi tushunish kerak. Qirg’izistonda qirg’iz tili davlat tili, rus tili rasmiy til hisoblanadi. Biz ana shu qonunlar asosida yashashimiz lozim. O’zbek tili, tatar tili yoki dungan tiliga maqom berilishiga Qirg’iziston fuqarolari, rahbarlar va deputatlar yo’l qo’ymaydi, deb o’ylayman."

Davron Sobirov, Qirg’iziston parlamenti deputati:

"Bu masalani bugungi kunda namoyishlar yo’li bilan emas, parlamentda, konstitutsiyaviy kengashda, prezident bilan majlislar zalida hal qilish zarur. Masalani bosim o’tkazish orqali hal qilishga urinishimiz unchalik to’g’ri emas. O’zbek tiliga rasmiy maqom berish eng birinchi masala, agar bu masala hal qilinmasa, qornimiz och qoladi, sulayib yiqilamiz degan fikrga kelmasligimiz lozim. Vaqt-soati keladi, shuning uchun til masalasini kun tartibidan tushirmasdan ishlayverish zarur."

Yoqubbek Ahmedov, Qirg’iziston prezidenti maslahatchisi:

"Germaniyada turklar juda ko’p, lekin ular turk tiliga rasmiy til maqomi berilishini talab qilmayapti. O’zbekistondagi qirg’izlar ham bunday masalani ko’tarmayapti. Hukumatdan o’zbek tiliga rasmiy maqom berilishi masalasini qat’iy ohangda talab qilishning keragi yo’q."

Qurmanbek Bakiyev, Qirg’iziston prezidenti:

"Bu masalani ko’tarmang. O’zbek tiliga rasmiy maqom bermaymiz. Qirg’izistonda saksondan ortiq millat yashagani uchun rus tiliga rasmiy maqom berilgan. Barcha millatlar rus tilida so’zlashishi kerak. Nima, endi biz koreys tilini, yoki dungan tilini o’rganishimiz kerakmi? Rus va ingliz tilini o’zlashtira olmayapmiz. Boshqa millat vakillari to’g’ri tushuning: maktablar bor, gazeta va televideniye bor. Minnatdor bo’lish kerak va prezidentning aytganiga quloq solish lozim."

Qodirjon Botirov, Qirg’iziston parlamenti deputati:

"Prezident minbardan turib, o’zbek tiliga nisbatan o’z munosabatini qo’pol shaklda bildirishini o’zbek xalqiga nisbatan hurmatsizlik deya qabul qilaman.

Saksondan ortiq millat vakillari yashaydigan Qirg’izistonda prezidentning bunday deyishga haqqi yo’q, biz uni buning uchun saylamaganmiz.

Qirg’iz xalqida qanday vakolat, qanday haq-huquq bo’lsa, biz ham o’sha vakolatga, o’sha haq-huquqqa egamiz, hech qanday kam joyimiz yo’q. O’zbek tiliga rasmiy maqom berilishi kerak."

Alisher Hamidov, “Qirg’izistonlik O’zbeklar” yoshlar jamoasi muvofiqlashtiruvchisi:

"O’zbek tiliga rasmiy maqom berish talabi jamiyatimizda turli fikrlarga sabab bo’lmoqda. Qirg’iz birodarlarimiz bu tashabbusga nisbatan qarshilik qilmoqdalar. Qirg’izlar o’zbeklarga qarshi, o’zbeklar qirg’izlarga qarshi keskin fikr bildirmoqda. Vaziyat ozgina taranglashdi. Lekin xavotirga o’rin yo’q, deb o’ylayman. Chunki bizning jamiyatimizda 15 yil davomida bundan ham keskin mavzular muhokama qilingan. Bu gaplar 15 yildan beri bor. Lekin o’zgarish bo’lmayapti. Davlat boshqaruv idoralarida ishlaydigan o’zbeklar soni kamaymoqda. Bu muammoni hozir hal qilish zarur, sud, militsiya, davlat idoralarida o’zbeklarning ishtirokini ta’minlash kerak. Tilga maqom berish u qadar muhim masala emas, shuning uchun asosiy muammolarni hal qilishga e’tibor qaratish zarur."


XS
SM
MD
LG