AQSh: Inson savdosi O'zbekistonda jinoyat emas


Jahon bo’ylab, inson savdosi tobora ildiz otmoqda. Bugungi kunda, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra yer yuzida bir millionga yaqin kishi qullikda umr kechirmoqda.

Inson trafigi deb atalmish bu savdo tizimini kuzatuvchi AQSh rasmiysi Jon Miller (John R. Miller)ning aytishicha, sobiq Sovet davlatlarida zamonaviy qulchilikning har qanday ko’rinishiga guvoh bo’lasiz.

Bolalarni ekspluatatsiya qilish; ularni yoshiga tog’ri kelmaydigan jismoniy mehnatga majburlash; ayollarni jinsiy maqsadda qo’llash, jumladan fohishalikka majbur etish; insonlarni tutqunlikda saqlash; ularni vatanidan aldab, chet-elda turli imkoniyatlar taklif etib, hujjatlarini qo’lga olgach esa, ularning egasi sifatida noqonuniy ishlarga jalb etish... ularni umrbod qarzga botirish..., deydi AQSh Davlat kotibi maslahatchisi Jon Miller.

“Qulchilik uzoq asrlardan beri davom etayotgan tizimdir. Biz endi unga inson trafigi, ya’ni insonlarni majburiy mehnat uchun u mamlakatdan bu mamlakatga ko’chirish tizimi sifatida qaraymiz. Zamonaviy qulchilik qadimiy qulchilikdan biroz farq qilsa-da, maqsad bir va bu tizim azaliy usullar orqali yuritiladi. Zamonaviy qullar hali ham aldanadi, sotiladi, do’pposlanadi, jinsiy zo’rlanadi va ochlikka mahkum etiladi.”

Qaysi mamlakatda qancha odam qullikka sotilayotganini yoki kimning moliyaviy maqsadi uchun qo’llanayotganini aniqlash oson emas. Chunki, davlatlar masalaga qarshi turlicha kurash usuliga ega va unga turlicha munosabatda. Ko’pchilik hukumatlar masalani yashiradi yoki chet-elga qullikka sotilayotgan fuqarolar sonini pasaytirib ko’rsatadi, deydi AQSh Davlat Departamenti inson savdosiga qarshi kurash idora direktori Jon Miller.

“Gap shundaki, qul sifatida ishlatilayotganini bilgan odamlar sizga bu haqda ochiq aytmaydilar. Ular egalaridan qo’rqadilar. Chunki, inson savdosining ildizi uyushgan jinoyatchilikka borib taqaladi. Biz zamonaviy qullar sonini davlatlar va nohukumat tashkilotlar berayotgan raqamlar va taxminlarga asoslaymiz. Qullar esa har yerda bor, hatto Qo’shma shtatlarda.”

Odam savdosi tizimi yuzasidan izlangan diplomatlar va mutaxassislarga ko’ra, gap qullar sonida emas. Masala, insoniyatning hali ham bir-birini kamsitishi, bir-birining erkinligidan mahrum etishga qodirligi va ayniqsa, muhtojlikdan azob chekayotgan xotin-qizlar va bolalarga shavqatsiz munosabatda bo’lishida. Bu yerda hayot, inson qadri qil ustida, deydi masalani yaqindan o’rgangan AQSh vakili Jon Miller.

“Hukumatlar oldida turgan asosiy uch vazifa: inson savdogarlarini tutish va ularni sudga tortish, qullikka mahkum etilganlarni himoya qilish va huquqiy yordam ko’rsatish. Insonlarni qullik to’riga ilintirayotgan iqtisodiy muammolarni bartaraf etish va quldorlar bozorini yo’q qilishga kirishish”,- deydi Jon Miller.

Markaziy Osiyoda, zamonaviy qulchilik asosan ikki ko’rinishda uchraydi - xotin-qizlarning chet-elga fohishabozlik uchun sotilishi, ular ko’p hollarda xorijga ish izlab boradilar, qo’shmachilar qo’liga tushadilar. Shuningdek, markaziy osiyoliklar chet-elda majburiy mehnatga ham jalb etiladilar. Ish topib bergani uchun agentlar ularni qarzga botiradi va topgan puli uchun foiz talab qiladi. O’zbekiston xotin-qizlari Birlashgan Arab Amirliklari, Isroil, Hindiston, Malayziya, Janubiy Koreya, Rossiya, Yaponiya, Tailand va Turkiyaga jinsiy ekspluatatsiya uchun jo’natiladi. Markaziy Osiyoning boshqa chekkalaridan terilgan ayollar ham aynan O’zbekiston orqali chet-elga yo’l oladi. O’zbekistonlik erkaklar esa Ukraina, Rossiya, Qozog’iston va Qirg’iziston dalalarida majburiy mehnat qurbonlari.

O’zbekiston hukumati o’tgan yil nohukumat tashkilotlar bilan xalqni inson trafigi haqida ogohlantirish ishlarini olib borgan. Televideniyelar va radiolar ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda bu borada jamoatchilikka turli e’lonlar va inson savdosi nima ekanini tushuntiruvchi lavhalar havola etgan. Shunga qaramasdan, deydi AQSh diplomati Jon Miller, O’zbekiston inson savdosiga qarshi eng kam chora ko’rayotgan davlatlar qatorida.

“O’zbekistonda inson savdosini jinoyat sifatida qabul qiluvchi qonun yo’q. Odam savdogarlari O’zbekistonda erkin. Hech kim sudga tortilmayapti, jazo olmayapti. Qullikka sotilganlarga huquqiy yordam yoki muhofaza yo’q. AQSh prezidenti har bir davlatga beriladigan moliyaviy yordamni ularning bu muammoga qarshi qanchalik kurashayotganiga qarab belgilaydi.”

AQSh diplomatlari O’zbekistonda kelasi 3-4 oy ichida zamonaviy qullikka qarshi biror chora ko’riladi, deb umid qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG