Breaking News

Yevrosiyo iqtisodiy tashkiloti doirasida markazlashgan siyosat yuritiladi


Kuzatuvchilarga ko`ra, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatining Minskda o`tgan navbatdagi sammiti mintaqa davlatlarining xalqaro aloqalarini markazlashtirishga intilmoqda.

Minskda o`tgan sammitda Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga a`zo davlatlarning Jahon Savdo tashkilotiga kirish jarayoni, shuningdek, bojxona ittifoqini tuzish haqidagi kelishuv masalasi muhokama qilingan.

O`zbekiston prezidenti sammitga jo`nab ketishidan avval ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida bu jarayon o`ta murakkab ekanligini bildirgan. O`zbekiston prezidentiga ko`ra, bu borada 2006 yilning oxirigacha kelishuvga kelinmagan taqdirda ham, muzokaralar jarayoni davom etishi kerak.

Shuningdek, O`zbekiston prezidenti Jahon Savdo tashkilotiga a`zolik masalasi ham Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati doirasidagi bojxona ittifoqi tuzilishini murakkablashtirishini ur`gulab o`tgan.

Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga kiruvchi Qirg`iziston Jahon Savdo tashkilotiga a`zo. Rossiya va Qozog`iston a`zo bo`lish bo`sag`asida turishibdi.

Mutaxassislarga ko`ra, O`zbekistonning Jahon Savdo tashkilotiga a`zolik harakati 10 yillar avval boshlangan. Hozirgacha bu masala rasmiy Toshkent tomonidan o`tkazilishi lozim bo`lgan va orqaga tashlab kelinayotgan islohotlarga bog’liq bo’lib qolmoqda.

Kuzatuvchilar rasmiy Toshkentning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati doirasidagi harakatlari ham aynan mavjud iqtisodiy siyosat tufayli oqsoqlanmoqda. Hukumatning iqtisod nazoratini bo`shashtirish, shuningdek, savdo aloqalari uchun o`z chegaralarini ochishga bormasligi ta`kidlanmoqda.

Siyosatshunos Maryam Ibrohimovaning bildirishicha, O`zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga qo`shilishi ko`proq siyosiy maqsadlarni, ya`ni Rossiya boshchiligidagi ittifoq tarkibida bo`lishni anglatadi. Iqtisodiy talablar bo`yicha esa rasmiy Toshkentning aniq qadamlar qo’yishi gumon ostida.

“Bu jarayonlar haqida asosan Rossiya axborot vositalari o`ziga ma`qul tarzda xabar beradi. T`oliq, xolis axborot olish imkoniyati yo`q. Bu Putin tomonidan amalga oshirilayotgan harakat, deb o`ylayman. U AQShni mintaqadan siqib chiqarish siyosatini olib bormoqda”, – deb ta`kidlab o`tadi Maryam Ibrohimova.

Shuningdek, ekspertlar O`zbekistonning qo`shni davlatlar bilan chegara aloqalari yangi keskinliklar bilan yuzlashayotganini ta`kidlashadi. Bu jarayonlar rasmiy Toshkentning siyosati o`zgarishi qiyinligini ko`rsatmoqda ekan.

Minskdagi sammit ko`rgan masalalardan biri - Markaziy Osiyo Hamkorligi tashkilotining Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga qoshilishinining huquqiy jihatdan yakunlanishidir. Mintaqa davlatlarining hamkorligini ifodalovchi bu tashkilotga keyinchalik Rossiya a`zo bo`lib kirgan. Shundan so`ng, tashkilot tugatilib, uning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga uy`gunlashgani e`lon qilingan edi.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini rasman bir doirada yiqqan bu tashkilotga Rossiyaning qo’shilishi va oqibatda tashkilotning tugatilishi, mintaqa davlatlarini geosiyosiy jihatdan mustaqil siyosat yuritishlarini cheklagan. Ularni Rossiya yetakchiligidagi tashkilotning ikkinchi darajali a`zolariga aylantirgan.

“Bunday sharoitda mintaqadagi strategik muhim bo`lgan qarorlarni qabul qilish, tashkilotga a`zo bo`lgan qudratli davlatlar - Xitoy va Rossiya tomonidan amalga oshiriladi”, - deydi Farhod Tolipov.

Minskda Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati sammiti bilan bir qatorda, bundan bir qancha vaqt avval O`zbekiston tark etgan harbiy tashkilot - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi sammiti ham o`tdi. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga Armaniston, Belarus, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari a`zo.

Rossiya yetakchiligida birlashtirilgan bu tashkilotlar sammiti mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi aloqalarini markazlashtirishga qaratilgani ta`kidlanmoqda.

Jumladan NATOga va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga nisbatan markazlashgan munosabatni shakllantirish haqida muhokama borishi urg`ulanadi.

Bu esa Qozog`iston, Qirg`iziston tomonidan yuritilayotgan ko`p-tomonlama aloqalarga nisbatan o`ziga xos bosim keltirib chiqarishini nazarda tutishi aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, bunday vaziyatda xalqaro maydonda avtoritar tuzum ekanligi uchun sanksiyalarga uchragan, Rossiya tomonidan esa qo`llab-quvvatlangan O`zbekiston tashabbuschi darajasiga chiqarib qo'yiladi.

Minsk sammiti Rossiyada o`tishi kutilayotgan Katta Sakkizlik davlat rahbarlari uchrashuvidan oldin o`tmoqda. Bu uchrashuvga Qozog`iston prezidenti ham taklif etilgan.

XS
SM
MD
LG