Toshkentda nasroniylar tarixi muzeyi ochiladi


Toshkentda nasroniylik dini tarixiga oid muzey barpo etishga kirishilgan. Biroq mamlakatda nasroniylikning turli ko`rinishlariga qarshi bosim o’tkazilayotgani aytilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekistonda diniy e`tiqod erkinligi, amaldagi hukumat pozitsiyasi qollab-quvvatlanishiga qarab baholanadi.

Toshkentda barpo etilishi mo`ljallangan muzey Markaziy Osyida nasroniylikning rivojlanish tarixini o`z ichiga oladi. Bu haqda rus pravoslav cherkovi rasmiylari ma`lumot tarqatishgan.

Rus pravoslav cherkovi Toshkentda 135 yil muqaddam barpo etilgani urg`ulanadi. Toshkentda Markaziy Osiyodagi provoslav oqimini birlashtiruvchi mitropolit ham faoliyat yuritadi.

Nasroniylikning boshqa ko`rinishlariga nisbatan esa yaqindan boshlab bosim boshlangani haqida ma`lumotlar mavjud. Boshqa mahzabdagi bir necha cherkovlar sud qarori bilan yopilgan. Ayrim xalqaro tashkilotlar aynan missionerlikda, jumladan nasroniylikning protestantlik ko`rinishiga da`vat qilganlikda ayblanib, mamlakatdan chiqarib yuborildi.

O`zbekistonda nasroniylikning pravoslav mahzabidan tashqari boshqa ko`plab oqimlari mavjud. Kuzatuvchilarga ko`ra, bu oqimlar hamisha musulmon dini vakillaridan farqli ravishda, o`z dinlariga da`vat qilishni ochiq ravishda olib borishgan. Hukumat bunga hamisha ko`z yumib kelgan. Bugunga kelib esa bu diniy mahzablar ma`lum qiyinchiliklarga uchrashmoqda.

Kuzatuvchi Baxtiyor Isabek fikricha, O`zbekiston hukumatining pravoslav cherkovi bilan aloqalari doimo o`zaro tashabbuslar darajasida bo`lgan.

“Bundan o`n yillar avval rus pravoslav cherkovi davlat rahbariga orden topshirgan edi. Bu orden topshirilishi pravoslavlikni rivojlantirishdagi xizmatlarni ham ko`zda tutadi. Bu jarayon hozir ham davom etmoqda, O`zbekistonda nasroniylikni aynan pravoslav yo`nalishi uchun hamisha sharoitlar ochiq bo`lgan. Uni targ`ib qilish cheklanmagan. Hozir Toshkentda avval musulmon bo`lgan, ayni paytda pravoslavlikni qabul qilgan bir guruh kishilar bor”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Asosan katoliklardan iborat bo`lgan polyak madaniyat markazi rahbari Nadejda Nikolayevaning bildirishicha, katoliklarga nisbatan bosim bo`lyapti degan qarashlar unchalik tog’ri emas; polyak jamoatchiligi e`tiqodi uchun to`siqlar yo`q.

Toshkentdagi yevangelchilar mahzabidagi “Ibodat Uyi” vakillari berayotgan ma`lumotlarga ko`ra, ayni paytda bu diniy oqimning viloyatlardagi bo`limlari ro`yxatdan o`tkazilmayapti. Biroq ibodatxona vakillari buni hukumat tomonidan ko`rsatilayotgan bosim deb hisoblashmaydi. Ularga ko`ra, qog`ozda qayd etish avvalo hukumat uchun kerak; odamlar e’tiqodi esa qog`ozdagi qaydlar bilan o`lchanmaydi.

Inson huquqlari himoyachisi Marat Zohidovga ko`ra, ayrim xalqaro tashkilotlar faoliyatida haqiqatda missionerlik bilan shug`ullanish holatlari kuzatilgan. Biroq bugunga kelib, missinerlik aybi xalqaro tashkilotlarning ko`pchiligiga - ular bunday faoliyat yuritishgani yoki yuritishmaganidan qat`iy nazar - taqalmoqda.

O`zbekistonda mahalliy aholining boshqa dinga e`tiqod qilish holatlari mavjud. Kuzatuvchilarga ko`ra, bu ko`proq iqtisodiy qiyinchiliklar yoki islom haqidagi bilimlarning yetishmasligi, mamlakatda islom ta`limotining cheklanishi bilan bog’liq.

Biroq missionerlik borasidagi sud jarayonlari hukumatning mahalliy aholi o`z dinini o`zgartirayotganligi uchun tashvishga tushganini anglatmaydi. Aksincha, xalqaro tashkilotlarga qarshi kurashning bir turi sifatida ko’rilayotgani haqida fikrlar bildirilmoqda.

Islom dini vakillarining munosabat bildirishicha, musulmonlarning boshqa dinlarni qabul qilish holatlarida ham islom diniga ko`rsatilayotgan bosim ta`siri bor.

“Allohga intilish odamning dilida bo`ladi. Hadeb musulmonchilik yomon, ekstremist deyavergach, Allohga intilayotgan odam biron tashviqotga uchrasa, o`sha tomonga o`tib ketadi”, - deydi islom dini vakili.

Kuzatuvchi Baxtiyor Isabek fikricha, so`nggi paytda mazkur diniy oqimlarga ko`rsatilayotgan bosimlar ularning nisbatan progressiv ekanligi bilan bog`liq bo`lishi mumkin.

Uning aytishicha, katoliklar va protestantlar pravoslavlarga qaraganda ijtimoiy, shaxsiy erkinlikka ko`proq ahamiyat qaratadi. Pravoslavlik esa ma`lum ma`noda nazoratga moyilroq.

“Shu sabablar bois ham nasroniylikni boshqa ko`rinishlariga nisbatan hukumat bosimi kuzatilmoqda”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Ayrim kuzatuvchilar nasroniylikning boshqa oqimlariga nisbatan munosabatda G`arb va O`zbekiston aloqalari sovuqlashganligi ta’sirini ko`rishadi. Nasroniylikning boshqa mazhablari asosan G`arb davlatlarida e`tiqodda ekanligiga urg’u beriladi.

XS
SM
MD
LG