Komila Jalil: Erimni Xitoyga ellik ming dollarga pullashdi


O’zbekiston kanadalik uyg’ur faoli Husayn Jalilni Xitoyga ektraditsiya qilgan.

Kanadada chop etiluvchi Toronto Star gazetasiga ko'ra, O’zbekiston hukumati bu haqda Kanada rasmiylariga ma’lum qilgan.

Bundan 26 iyun kuni xabar topgan Husayn Jalil oila a’zolari uning hayotidan qattiq tashvishda. Husayn Jalilning rafiqasi Komila Amerika Ovozi radiosiga bergan intervyusida turmush o’rtog’i haqida bir oydan beri xabar bo’lmaganini aytgan.

"Xo'jayinimni Qo'yliqdagi turmadan SNB [Milliy Xavfsizlik Xizmati] xodimlari olib chiqib ketgan. Hech kim uning qayerda ekanini bilmaydi. U yerdagilar dadam va ukamga Jalilni qayerga ketganini bilmaymiz, ammo qaytib kelmaydi, deyishgan", - deydi Komila.

"Biz juda xavotirdamiz. Kanada hukumati qanchalik so'ramasin, O'zbekiston hech narsa demayapti", - deydi Komila Jalil. "Kanada hukumati O'zbekiston tutayotgan yo'ldan hayron va nima bo'layotganini tushuna olmayapti."

Komila Jalil O'zbekistonni Xitoyning "nog'orasiga o'ynayotganlikda" ayblaydi. Uni boshqa uyg'urlarning o'limida ayblayotgan Qirg'iziston ham, uni terrorda ayblovchi Xitoy nima desa shunga ko'nayotgan O'zbekiston ham rasmiy Pekin chizgan chiziqdan ketmoqda, dedi Komila Jalil Amerika Ovozi bilan suhbatda.

Husayn Jalil uyg’ur milliy harakati doirasida siyosiy faoliyat yuritgani bois, Xitoy unga o’lim jazosi belgilashi mumkin. Shuningdek, deya xavotir bildiradi Jalilning oilasi, imom Xitoy qamoqxonasida qiynoqqa solinishi va azob ostida aybni bo'yniga olishga majbur etilishi mumkin.

28 iyun kuni Kanada bosh vaziri yordamchisi Jeyson Kenni, u boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga safar qilib, Husayn Jalilning ozod etilishi bo’yicha muzokara qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Jalilning Xitoyga berib yuborilgani haqida rafiqasi Komila Jalil, O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan telefon orqali bilganini aytadi.

"Erimni hibsga olgan SNB xodimi menga qong'iroq qilib, eringga hech kim ega chiqmagani uchun uni Xitoyga berib yubordik, dedi. Sabab, Xitoy uni talab qilib, O'zbekistonga 50,000 dollar berdi", - deydi Komila Jalil.

Jalil xonimga ko'ra, Kanada hukumati O'zbekiston qanday qilib boshqa mamlakat fuqarosini hech qanday ogohlantirishsiz uchinchi mamlakatga sotib yuborishi mumkinligidan hayron.

XS
SM
MD
LG