O'zbekistonning "faol" ayollari qanday kun kechirmoqda?


Rasmiy raqamlarda O’zbekiston ayollarining 50 foizdan ziyodi ijtimoiy-siyosiy sohalarda faol deb qaralayotgan bo’lsa-da, ayollarning faqat uch foizga yaqinigina davlatning yuqori lavozimlarida faoliyat yuritadi.

O’zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat ishidagi faolligini oshirish zarurligi e’tirof etilarkan, ayollarning siyosiy, intellektual salohiyatini ro’yobga chiqarishga to’sqinlik qiluvchi omillar ham talaygina ekani aytiladi.

Nodavlat Ayollar resurs markazi rahbari Marfua To’xtaxo’jayevaga ko’ra, respublikadagi ishsizlik va qashshoqlik, oiladagi zo’ravonliklar ham xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini cheklab qo’yayotgan omillardandir.

“Qanday qilib u faol bo’lishi mumkin? Butun mehnatning tagidaku u. Sigirning tagida, dalada, uy yumushi bilan band. Albatta, bu ishlarni ham qilishi kerak-ku, ammo hamma narsa unga yuklansa, qanday qilib uning sog’ligi yaxshi bo’lishi mumkin?”,- deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

Ayni paytda dindor ayollarning ko’pchiligi oily ma’lumotli, yaxshi bir mutaxassis bo’lishiga qaramay, ro’mol o’rab, namoz o’qiganliklari uchun ham ularga nisbatan tazyiqlar mavjud, mana bu muslima ayol. Uning fikricha, dindorlarga qo’yilayotgan cheklovlar muslimalarning jamiyatning faol a’zosi bo’lishiga to’sqinlik qilayotir.

“Dindor ayollar uchun yurgani-turgani hammasi tazyiq. Hozirgi kunda dindor ayollarni na ishga qabul qilayotgani yo’q. O’ralgam muslima ayollar yaxshi ishlarga kirib ishlolmaydi. Masalan, o’zini kasbi bo’yicha ishlayotgani yo’q, oily o’quv yurtlarida o’qiy olayotgani yo’q. Hamma tazyiq ularga. Hattoki o’rta maktabda ham cen ro’molingni yechsang o’tirasan, deydigan gaplar bilan shunaqa tazyiqlar ham bo’ldi. Erkinlik berish kerak. Demokratiya, deyaptimi, o’sha demokratiyasi qayerda bor? Hammasi chekli-chegaraloqli”, deb fikr bildiradi ismini bildirishni istamagan muslima ayol."

O’zbekistondagi og’ir iqtisodiy ahvol ayollarning oila tebratish ilinjida turli yumushlar bilan mashg’ul bo’lishga majbur etayotir. Respublika bozorlarida savdo bilan shug’ullanayotgan, hatto mardikor bozoriga chiqib qora yumushlar bilan band bo’layotgan ayollar buning boisini ro’zg’or tebratish, bolalarni och qolishdan saqlash deb tushuntirishadi. Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha, mamlakatda ishchi o’rinlari yaratilmas, aholining iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli yaxcshilanmas ekan, ayollarning ro’zg’or tebratish ilinjida xorij davlatlariga chiqib ketishi ko’payaveradi.

“Chet ellarga ketayotgan ayollar ham nihoyatda ko’p. Bular avval birinchi galda birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt, tayland va boshqa mamlakatlarga ko’proq yengilroq ishlar bilan shug’ullanish uchun ketishdan boshlandi. Keyingi gallarda ayollarning ommaviy ravishda ko’chishi natijasida hozir asosiy ko’pchilik odam Qozoqiston va Rossiya tomomga borayapti deb aytishimiz mumkin. Rossiyaga borayotgan vaqtida va qisman Yevropa mamlakatlari, Amerika, Kanadaga ham ketayotganlari ham bor. O’zbek ayollari asosan uy yumushlarini qilishga, to’q oilalarda uylarni yig’ishtirish, ovqatlar tayyorlash, yoki bolalarga qarash, birga shug’ullanish uchun ketayapti. Shuning bilan birga bir qator u yerlarga bozorlarda savdo qilish bilan shug’ullanish uchun ham ketayotganlar bor”, - deb aytadi Komron Aliyev.

Kuzatuvchilarga ko’ra, erkaklarning ishsizligi, savdo bilan shug’ullanishda turli to’siqlarga uchrashi manzarasida, bola-chaqa boqish zimmasiga tushgan, chet davlatlarga chiqishga majbur bo’layotgan ayollar inson savdosi qurbonlariga ham aylanishayotir. Yozuvchi Zohir A’lam gapiradi:

“Kuchli, baquvvat, ma’lum ma’noda O’rta Osiyoda eng badavlat millatdan shu kunda eng qashshoq, Orta Osiyoda hamma millatlar oyog’ining uchida ko’rsatadigan, mardikor bo’lib qoldi boshqa millatlar uchun. Bularning hammasi qashshoqlikdan. Qashshoq odamda na g’urur qoladi, na millat tuyg’usi qoladi. Shunday yopiq tashkilotlar borki, vodiydan Qirg’izistonga zakaz olib har oyda 20tadan qiz olib ketadi. Keyin qaytarib yuborishadi. Lekin Qozoqistondagi minglab qullar, ular o’zi qul deydi, qozoqiston markazi Ostonada toshkentlik turli millat vakillari borib ishlab, oyiga 300 dollar olib kelib yurishibdi”, - deydi yozuvchi Zohir A’lam.

O’zbekiston ayollari ro’zg’or tebratish ilinjida chet ellarga chiqishi oqibatida turli fojea qurbonlariga ham aylanishayotir. Respublika bosh prokuraturasi mulozimlari fikricha, so’nggi 3 yilda respublikada odam savdosi bo’yicha 120ta jinoiy ish qo’zg’atilgan. Jinoiy javobgarlikka tortilayotganlarning asosiy qismi ayollar ekani urg’ulanadi. Rasmiylarga ko’ra , ayni paytda asosiy qismi ayollardan iborat xorijga chiqib ketganlarning 140 mingdan ortig’I taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Mutaxassislarga ko’ra, mamlakatdagi iqtisodiy ahvolning nochorligi, aholi qashshoqlashuvi mazkur muammo ildizlarini tashkil etuvchi omillar ekani qaydlanadi.

Ishonch markazi direktori muovini Yelenaning aytishicha, ayollar asosan oilaviy muammolar bilan murojaat etishadi. Biroq, men siyosiy faolligimni oshirishni istayman, deb ko’,ak istab kelganlar hali bo’lgan emas, deydi u. Yelenaga ko’ra, o’zbek ayolining davlatning siyosiy-ijtimoiy hayotida naqadar faol ishtirok eta olishi nafaqat shu ayolning xohishiga, uning oila a’zolari, ya’ni eri, qaynona-qaynotasining bu masalaga yondashuviga ham bog’liqdir.

“Ayollarning siyosiy hayotda faol ishtirok etishlari, saylovlarda oz nomzodlarini qo’ya olishlari uchun avvalo bu ayollar o’z huquqlarini, saylov va uning mexanizmlarini yaxshi bilishlari lozim. Ko’pchilik ayollarning huquqiy savodsizligi bois, saylovlarda o’z nomzodini qoygan ayollar juda ozchilikni tashkil etadi. Shuning uchun ham davlatning siyosiy hayotida ishtirok etishni istagan ayollar uchun maxsus kurslar tashkil qilish lozim deb o’ylayman”, - deydi Yelena.

O’zbekistonda Xotin-qizlar qo’mitasi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan maxsus Farmon e’lon etildi. Ushbu hujjatning hayotga tadbiq etilishi mamlakat xotin-qizlarining ijtimoiy-siyosiy hamda davlat va jamiyat qurilishiga doir faolligini oshirishga umid qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG