Kambag'al Tojikistonda to'ylar serxarajat


Dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri deb e’tirof etilgan Tojikistonda o’rtacha ish haqi 70 somoni, yani 12-13 dollar atrofida bo’lsa-da, to’y-hashamlarga ketadigan mablag’ 10 ming somoni, ya’ni 3000 dollarga yetadi.

Tojikistonda mahalliy aholi har qancha qiynalmasin va och qolmasin, o’g’il-qizlarining to’yida topganini sochishi odat tusiga kirgan.

Tojikistonda o’tayotgan to’ylar bichimi va xarajatlar haqida so’zlar ekan, Hoji Usta A’zam bir to’yni o’tkazishni “80 kilo guruch, bitta qo’y, 400 ta non, 10 kilo yog’, 10 kilo go’sht, 10 kilo meva - bularning hammasi 2000 somoniga boradi. Bu endi 250-300 kishiga mo’ljallangan ertalabki nahor oshi. Kechqurungi bazm ham 1000 somoniga boradi. Bu ayollarga, kelinga ketgan liboslar xarajatidan tashqari” - deb baholaydi.

Hoji Solijon esa badavlatroq odamlar to’y qilganda xizmatga qimmatroq san’atkorlarni keltirishlarini, faqat karnayning o’zi sakkiztaga yetishini aytadi. Unga ko’ra, kambag’al kishilar oshga “atigi” 60 kilogram guruch damlaydilar. Kelin uchun liboslarni “o’nta quda tomon qilsa, o’nta o’zlari qilishadi. Ko’rpa-yostiq shunga yarasha bo’ladi. Albatta sandiq va sandiqcha qiladi. Shunga qarab ikkinchi tomon ham ortiqroq, boyroq qilishga harakat qiladi” - deydi Hoji Solijon.

Garchi Tojikiston hukumati to’y-ma’rakalarda aholi sarf-xarajatlarini cheklash ushun ko’plab qarorlar chiqargan bo’lsa-da, odamlar bunga unchalik ahamiyat berishmaydi. O’qituvchi Abdulla G’oziyev bu haqda so’z yuritar ekan, “bu masalada davlatimizni yaxshi qarorlari bor, ammo xalqimiz qilma degan narsani qilmasligi kerak. To’ylarni yengil o’tkazinglar deyishadi, ammo bu odamlarga yoqmaydi” - deydi.

O’g’lini uylantirishga shaylanayotgan shifokor Mukarram Karimova kelinga olinadigan sarpolar ro’yxatini tuzgan. Uning hisobicha kelinga ming somonlik palto, har biri 100 somonilik liboslardan o’nta xarid qilinadi. Shunga yarasha boshqa xarajatlarning o’zi ming somoniga boradi. Uning aytishicha, kelinni uyiga tushirib olgancha kamida olti ming somon sarflanadi.

Mukarram Karimovaning qo’shnisi Dilfuza Ortiqova esa, hamsoyasi to’yga chaqiriladigan san’atkorlar-u qilinadigan ko’rpa-to’shaklarni hisobga kiritmaganini eslatadi. Dilfuzaning ta’kidlashicha, o’g’lini uylantirishga kamida 10 ming somon pul sarflanadi. Ana shu pulni yig’a olmayotgani uchun o’ttizni qoralab borayotgan o’glini uylantira olmayotganidan zorlanadi.

Qo’shnilarning aytishicha, yigitlarning uylanishi uchun na pul, na yoshlarning yashashi uchun alohida uy bor. Dilfuzaning o’g’li Akram pul topilmayotgani uchun butun oila bir uyda tiqilab yashayotganligini aytib, “pul ishlashga Rossiyaga ketishga yo’l-kiramiz yo’q, bilmadim endi, xotinsiz o’tadimi umrimiz” - deb ma’yus tortadi.

Yaqinda to’y qilgan boshga bir otaxon esa kelinga olingan paltoga yarasha xarid qilingan kuzgi-bahorgi jemper 250 dollarga tushganini aytadi. “Bu hali o’rtacha narxda olingani”- deydi qaynota.

To’y ko’rayotganlarning aytishicha, xuddi mana shunday kiyim-boshlar xaridi vaqtida, ba’zan bozorning o’zidayoq qudalar san-u-manga borib qolishadi va bu majorolar to’yning buzilishigacha borib yetadi.

“Bozorda ba’zan shunday janjallar bo’ladi-ki, xarid qilmasdan qaytib kelishadi. Mana, Normurod, kelinni paltosini ustidan tortishib, qanchalar janjallar bolmadi-yu bozorda, voy-bo’y” - deydi voqeaga guvoh bo’lgan Bahri opa hayratini yashirolmasdan.

Lekin qashshoq bo’lsa-da, kim o’zarga bel bog’layotgandek ko’rinayotganlar juda zo’r kelsa, oz qilgandan ko’ra to’y qilmay qo’ya qoladilar. Masalan 75 yoshli Qumri opa xuddi shu sabab, qizi Ra’no nevarasi Barnoni turmushga chiqarmasdan pul ishlagani Rossiyaga ketib qolganini aytadi.

“Nevaram Barnoda o’ziga yetadigani bor edi, sandiqlari bilan. O’nta ko’rpachasi yetmaydi, san gapiraverasan deb xohlamadi. Pulim yetmaydi, qayerdan topaman, deb Rossiyaga ketvordi”, - deb qizidan noliydi Qumri opa.

Mana shunday manzaralar ko’rinishida Tojikiston yoshlari orasida kamxarj bo’lgan islom to’ylari otkazish ko’paymoqda.

XS
SM
MD
LG