Breaking News

Tuhmatda ayblangan keksa jurnalist ustidan tergov kechiktirildi


O`z tanqidiy maqolalarida O`zbekiston prezidentiga tajovuz, haqorat va tuhmat qilganlikda ayblanayotgan keksa jurnalist Yodgor Turlibekov ustidan tergov jarayonlari noma`lum muddatga qoldirilgan.

Bu haqda sud-tergov jarayonlari boshlanishi kutilgan Qarshi shahriga borgan Turlibekovning advokati Rustam To`laganovga ko`ra, tergovchi ularni seshanba kuniga taklif qilgan, biroq ma’lum bo`lishicha tergovchi Toshkentga ketib qolgan.

Advokatga ko`ra, Turlibekov o`z tanqidiy maqolalari bilan prezidentni haqorat qilganligi haqidagi arizaning o`zi yo`q. Mazkur ariza advokatga haqoratlangan yoki tajovuz qilingan odam, ayni holatda O`zbekiston prezidenti tomonidan berilishi kerak. Bunday ariza yo`q ekan, jurnalistning bunday ayblov bilan hibsda ushlab turilishi noqonuniydir, deydi advokat Rustam To`laganov.

Yodgor Turlibekov hozirda Buxorodagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Qarindoshlari va advokati hozirgacha u bilan ko`rishishga muvaffaq bo`lishgani yoq.

Inson huquqlari himoyachilariga ko`ra, 70 yoshli Turlibekov aynan tanqidiy maqolalari uchun tazyiqqa olinmoqda.

“Bugun biz xalq deb atayotgan 26 milliondan 22 millioni o`n yillar bo'yi juda kam kaloriyali ovqatlanib, uning qiltiriqday kelinlari kamqonligidan tug`olmay o`lib, yoki mayib-majruh, aqlan zaif chaqaloqlar tu`gilishining sovetlar davridagidan 20 marta ko`pligini ham... siz bilmas ekansiz”, - deb yozadi jurnalist Yodgor Turlibekov o`zining so`nggi maqolalaridan birida.

Jurnalistga ko`ra, bu holat xalqning kelajak zurriyotiga tajovuz. Bunga, deya yozadi u, O`zbekiston prezidentining beparvoligi ham sababdir.

O`tgan oyda Qarshida o'z uyida hibsga olingan Yodgor Turlibekov O`zbekiston jinoyat kodeksining to`rtta moddasi bilan ayblanmoqda. Bular O`zbekiston prezidentiga tajovuz qilish, tuhmat, haqoratlash va jamoat xavfsizligiga ta'sir qiluvchi materiallar tarqatishdir.

Yodgor Turlibekov keyinchalik Qarshidan Buxorodagi izolyatorga ko`chirilgan edi. Tergov ishlarini boshlash uchun esa u Qarshiga olib kelingan.

Inson huquqlari himoyachilariga ko`ra jazirama issiqda Buxoro va Qarshi o`rtasida qatnov, yetmish yoshli Turlibekovning so`glig`iga jiddiy ta`sir qilishi mumkin.

Advokat Rustam To`laganovga ko`ra, u prokuraturaga ehtiyot chorasini o`zgartirish haqida ariza bilan murojat qilgan. Yodgor Turlibekov yurak xastaligi, qon bosimi kabi kasalliklardan azob chekadi.

“Bundan tashqari Turlibekovning yoshi yetmishda, O`zbekiston qonunchiliklariga ko`ra bu yoshdagi odamlarni qamoqda saqlash mumkin emas, oltmishdan oshgan kishilar qariyalar hisoblanadi. Shularni hisobga olganda ariza inobatga olinishi kerak”, - deydi To`laganov.

Yodgor Turlibekovga advokat O`zbekiston inson huquqlari Tashabbus guruhi tomonidan yollangan. Tashabbus guruhi raisi Surat Ikromovga ko`ra, Yodgor Turlibekov tomonidan tarqatilgani taxmin qilinayotgan maqolalar, asosan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid tanqidiy maqolalardir.

“Masalan, fermerlar ahvoli, inson huquqlari ahvoli keltiriladi; prezidentning aytgan gaplari, lekin haqiqatda mutlaqo boshqacha bo`layotgani kabi tanqidlar bor. Umuman bu maqolalarning qanchalik tarqatilgani va undagi tanqidlarning tuhmatligi, haqoratlash ekanligi yoki O`zbekiston prezidentiga tajovuzligi isbotlanishi kerak”, - deydi Surat Ikromov.

Yodgor Turlibekov o`tgan oy 30 ga yaqin huquq-tartibot xodimlari tomonidan hibsga olingan, bir muncha vaqt unga nisbatan ayblov e`lon qilinmay kelinayotgan edi.

Jurnalist bir qator turkum maqolalar yozgan. Bu maqolalar asosan O`zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, hukumat qarorlarining oddiy aholiga ta'siri, qishloq aholisining hayoti haqida.

XS
SM
MD
LG