G'arbda Andijon video-lavhasi ko'rsatildi, O'zbekiston matbuoti jimjit


So`nggi paytda bir qator mamlakatlarning ommaviy axborot vositalarida faol muhokama qilingan mavzu - Andijon voqealari tushirilgan yangi video-lavha namoyishi - haqida O`zbekiston matbuotida, internet saytlarida ma`lumot berilmadi, muhokama yuritilmadi. Bu video-lavhaga nisbatan rasmiy munosabat ham kuzatilgani yo’q.

Bundan tashqari, ekspertlar ham asosan bevosita video tasvir haqida emas, u haqda berilgan ma`lumotlar, mushohadalar bilan tanish ekanliklarini bildirishadi.

Ekspert Bahodir Musayevga ko`ra, 70 minutlik to`liq video-lavha haqida o`zbek jamoatchiligiga ma`lumot berilmasligi tabiiy, chunki hukumat Andijonda nima bo`lgani haqida aniq ma`lumot beruvchi har qanday manbalarni yo`qotish harakatida.

Musayevning aytishicha, o`zbek jamoatchiligida tabiiy tushuniladigan ayrim vaziyatlar, g`arb jamoatchiligida biroz ehtiroslar bilan qabul qilinishi mumkin.

“O`zbekistonda jamoatchilik hukumat tabiatini juda yaxshi biladi, shuning uchun ham bu lavha bilan hukumat jamoatchilikni aldayotganligi aniq ko`rinib qolardi. G’arblik odamni tasvirda keltirilgan “Ollohu akbar” chaqirig`i cho`chitib qoyishi mumkin, degan qarash nazarga olingan bo`lishi mumkin”, - deydi u.

Shu bilan bir qatorda, Bahodir Musayevga ko`ra tasvirda ijtimoiy noroziliklarni ifodalovchi so`zlar tarjimasi berilmagan. Masalan tinch aholining o`z muammolari haqida gapirishi, yoki “Ollohu akbar”dan tashqari “Ozodlik” berilishi haqidagi chaqiriqlar e’tibordan chetda qoldirilgan.

Ekspertga ko`ra, bu lavhaning chetda namoyish qilinishi, shuningdek, taqdimot o`tkazgan mutaxassis Baxtiyor Bobojonovning yo`nalishidan qat’iy nazar, Andijondagi qonli voqealarni xotirlash, hukumatning ayovsiz va asossiz ravishda kuch ishlatganini ochib beradi.

“Siyosat” axborot tahlil markazi eksperti Sharofiddin To`laganovga ko`ra, lavha kim tomonidan olinishiga va unga munosabatdan qat`iy nazar, Andijon voqealarida jangarilarning o`rni borligi aniq.

“Chet elda ko`rsatilayotgan ekan, unda o’sha paytdagi olomon ko`rsatilayotgan bo`lsa kerak, lekin kim ko`rsatishidan qat’iy nazar, O`zbekiston hukumatimi, AQSh maxsus xizmatimi, u yerda jangarilarni basharisini ochib berish kerak” – deb hisoblaydi Sharofiddin To`laganov.

Sharofiddin To`laganov nega mazkur lenta O`zbekistonda ko`rsatilmagani va bu haqda munosabatlarning o`zi yo`qligi haqidagi savolga shunday javob beradi:

“Chunki o`zbekistonliklar hammasi biladi-ku jangarilarni qo`li borligini, shuning uchun ularga yana ko`rsatishni hojati yoq, deb o`ylayman. Hukumatni asosiy manbasi bu jangarilarni hukumat idoralariga bostirib kirgani. Masalan, AQShda oddiy bir politsiya xodimini o`ldirgan odam umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi” – deydi To’laganov.

Ta`kidlab o`tish lozim, mazkur video lavha namoyishi bir qator davlatlarning ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilingan. AQShlik jurnalistlar xulosasiga ko`ra, 70 minutlik video tasvir O`zbekiston hukumatining Andijonda ekstremistik guruhlarning xuruji bostirildi, degan qarashini isbotlamaydi. Tasvirda ko`proq ijtimoiy holatdan norozi tinch aholi aks etadi.

Moskvaning “Kommersant” nashri yozishicha, video tasvirda ijtimoiy norozilikni beruvchi o`rinlar ahamiyatsiz qoldirilgan, jumladan aholining “Ozodlik” haqidagi chaqiriqlari, shuningdek namoyish ishtirokchilaridan birining hukumat askarlari tinch aholiga qarata o`q otmasliklari kabi ogohlantirishining tarjimasi berilmagan.

Qozog`istonning “Delovaya Nedelya” internet gazetasining yozishicha, O`zbekiston hukumatining bilvosita ishtirokida ta`minlangan va kengaytirilgan video-lavha namoyishi hukumat tomonidan ilgarilangan ekstremistik xurujni isbotlamaydi. Shu ma`noda video-lavhaning avval xorijlik diplomatlar uchun montaj qilingan va hozirgi, nisbatan to`liq taqdimoti ham hukumat uchun muvaffaqiyatsiz tugagan.

Tashqaridagi munozara va muhokamalardan farqli o`zbek matbuoti Andijon fojiasi tasvirlangan yangi video-lavha namoyishi haqida biror munosabat bildirmagan.

XS
SM
MD
LG