Breaking News

O'zbekiston Human Rights Watch idorasini yopish harakatida


O`zbekiston Adliya vazirligi inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) vakolatxonasi faoliyatini tugatish harakatida.

Human Rights Watch vakolatxonasi O`zbekistonda inson huquqlarining ta`minlanishiga e`tibor jalb etib kelayotgan so`nggi xalqaro tashkilotdir.

Bundan bir necha oy avval O`zbekiston Adliya vazirligi tashkilot faoliyatini tekshirishni boshlagan edi. Inson huquqlarini himoyalovchi xalqaro tashkilotning O`zbekistondagi vakili Andre Berkliga ko`ra, vazirlik tomonidan bildirilgan e’tirozlar shu yilning aprel oyida o`tkazilgan tekshiruvlar natijasida bildirilmoqda.

"Bu hujjatni olganimizdan so’ng, 30 kun mobaynida biz undagi e’tirozlarga o`z munosabatimizni bildirishimiz kerak. Agar biz hujjatda keltirilgan talablarni qanoatlantirmasak, O`zbekiston Adliya vazirligi qonunchilikda ko`rsatilgan boshqa choralarni qo’llashi mumkin. Adliya vazirligi xatini biz bugun oldik, hozircha bu haqda biror izoh bildira olmayman, bu xat bilan avval markaziy ofis, advokatlarimiz tanishib chiqishi kerak”, - deydi Andre Berkli.

Adliya vazirligining xalqaro tashkilotga e`tirozi O`zbekiston qonunchiligining buzilishi bilan bo`gliq.

Adliya vazirligidagi manbaning “Press-uz.info” axborot saytiga ma`lumot berishicha, e`tirozlar O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni noxolis yoritish, inson huquqlari buzulishini ko`rsatuvchi hujjatlar yo’qligi, tashkilot ramzidan noqonuniy foydalanish kabilardan iborat.

Andre Berkli bu e’tirozlar bugun olingani uchun izohlay olmasligini bildirar ekan, Adliya vazirligidan ishxonasiga kelishga ulgurmasdanoq axborot saytida chop etilganidan ajablanadi. Shuningdek, unga ko`ra axborot saytida Human Rights Watch AQShga qarashli tashkilot sifatida keltirilishi noto’g’ri:

“Ular bizni AQShga qarshli tashkilot deb ko`rsatishyapti, bu noto’g’ri. Tashkilotimiz xalqaro miqyosdagi tashkilot. Biz biror davlat yoki hukumat bilan aloqada emasmiz, ulardan mablag` olmaymiz. Biz xalqaro toifadagi mustaqil tashkilotmiz”, - deydi Andre Berkli.

Human Rights Watch O`zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyatni o`rganib boradi. Tashkilot Andijon fojiasi chog`ida inson huquqlari qo`pol ravishda buzilgani haqida to`liq hisobot chiqargan.

Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekiston Adliya vazirligining xalqaro tashkilotga boshlangan bosimi aynan shu hisobotning chiqishi bilan bog`liq.

Xalqaro tashkilot dunyoning ko`pgina mamlakatlarida inson huquqlariga oid vaziyatni o`rganadi; bu borada o`z hisobotlarini e`lon qiladi.

Human Rights Watch tomonidan bu yil e`lon qilingan hisobotda O`zbekistonda, va shu bilan birga AQSh tomonidan ham xususan Iroqda inson huquqlari qo`pol buzilayotgani haqidagi ma`lumotlar xalqaro jamoatchilikka taqdim etilgan edi.

XS
SM
MD
LG