Breaking News

Olti yoshli qizaloqni zo'rlagan shaxs 9 yilga qamaldi


Terrorchilik va ekstremizmda ayblanayotgan Ruhiddin Fahriddinovning olti yoshli qizi zo`rlanishi bo’yicha sud hukmi chiqarilgan. Zo`rlashda ayblangan Nig`matilla Qalandarov 9 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Fahriddinovning rafiqasiga ko`ra esa, farzandining zo`rlanishi otasiga bo`layotgan tayziqlar bilan bo`gliq bo`lishi mumkin.

Ruhiddin Fahriddinov o`tgan yil noyabr oyida Qozog`istonda ushlanib O`zbekistonga qaytarilgan edi. U Toshkentdagi “Xo`ja Nuriddin” masjidida imomlik qilgan. Uning qizi, 6 yoshli Oysha shu yilning mart oyida 16 yoshli Nig`matilla Qalandarov tomonidan zo`rlangan edi.

Juma kuni mazkur ish bo`yicha o`tgan sud zo`rlashda ayblangan Nig`matilla Qalandarovni 9 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Ruhiddin Fahritddinovning rafiqasi Muhayyo Ibrohimovaning matbuotda chiqqan ma`lumotiga ko`ra, qizining zo`rlanishi otasiga nisbatan tazyiq o`tkazish maqsadida amalga oshirilgan.

Ibrohimovaga ko`ra Qalandarovning hatti-harakatlari, jinoyat sodir etganidan keyin o`zini xotirjam tutishi aynan shundan darak bergan. Milliy xavfsizlik xizmatining matbuot kotibi bunday ma`lumotlardan bexabarligini bildirib o`tgan edi.

Ayni paytda Ruhiddin Fahriddinov ustidan tergov harakatlari yakunlangan, tez kunlarda sud jarayoni boshlanishi kutilmoqda. Uning advokati Irina Mikulinaga ham zo`rlanish holini otasining ishi bilan bo`g'lashga shubha bor, deb hisoblaydi, chunki Fahriddinov ustidan tergov jarayonlari boshlanganda uning kuyovi o`g`irlab ketilgan edi.

“Kuyovi o`g'irlanib Afg`onistonda ekani haqida tilxat yozishga majbur qilingan, keyin esa qizi bilan bu voqea sodir bo`ldi. Shu sababli bu hodisalarda bo`g'liqlik bo`lishi mumkin”, - deydi Fahriddinovning advokati Irina Mikulina.

Advokat 6 yoshli Oyshaning zo`rlanishi haqida matbuotda berilgan ma`lumotlardan so`ng unga Fahriddinov bilan uchrashishga ruxsat berishmaganini, bu ma`lumot yuzasidan raddiya talab qilinganini, Fahriddinovning o`zi esa yordamga muhtojligini ta`kidlaydi.

Advokatga ko`ra, Fahriddinov o`ziga qo`yilgan terrorchilik, qo`poruvchilik, konstitutsion tuzumni zo`rlik bilan ag`darish ayblarini tan olmagan.

Fahriddinovning otasi Fazliddin otaga ko`ra, Ruhiddin bolalarni Qur`on o`qishga o`rgatganini, masjidda imomlik qilganini, tayziqlar kuchaygandan keyin esa qalbaki hujjat bilan mamlakatdan chiqib ketganini tan olmoqda.

“Biroq u boshqa ayblovlar - diniy ekstremizm, davlat to`ntarishi uchun maxfiy tashkilot tuzish, ma'n etilgan kitoblarni odamlarga tarqatish, davlat to`ntarishi haqida odamlar bilan til biriktirgani kabi ayblovlarni tan olayotgani yoq, unga nisbatan tuhmat bo`lyapti, xolos,” – deydi Fazliddin Fahriddinov.

Ruhiddin Fahriddinov O`zbekiston jinoyat kodeksining 13 ta moddasi bo'yicha ayblanmoqda. Rasmiy ayblovga ko`ra, Buxoro va Toshkentda sodir etilgan portlashlarda ham Fahriddinovning ishtroki bor.

XS
SM
MD
LG