Breaking News

O'zbekistonda islom dini "maftunkor" kuchini birmuncha yo'qotgan


Ba’zi mutaxassislar nazarida, mustaqillikning dastlabki yillarida yoshlarni ommaviy ravishda jalb eta olgan islom dini, O’zbekistonda yuz bergan ma’lum noxush voqealar sabab, o’zining maftunkor kuchini birmuncha yo’qotgan ko’rinadi.

Yoshlarning dinga hozirgi munosabati hukumatning bu borada yuritayotgan siyosatiga uzviy ravishda bog’liq, deb hisoblashadi ayrim kuzatuvchilar. Bugungi yoshlar orasida diniy e’tiqodni yagona xaloskor sifatida biluvchilar ham, unga befarq munosabatda bo’luvchilar ham, hattoki dinga sal hayiqib munosabatda bo’layotganlar ham bor.

Islom dini deyarli 10 asr mobaynida o’zbek xalqi turmush tarzining ajralmas qismi bo’lib kelgan. Oktyabr inqilobidan keyin esa keskin qoralangan dindorlik, ayniqsa o’tgan asrning 80-yillarida O’zbekistonda ham qattiq tazyiqqa uchradi.

Sho’ro yoshlari qatori o’zbek yoshlari ham dahriylik ruhida tarbiyalandi. Biroq qayta qurish davri yana diniy erkinlikka yo’l ochdi. Natijada ko’plab yoshlarning ma’n etilgan taom lazzatidan totinishga shoshganlari kuzatildi.

1995-96 yillarda yoshlarning masjidlarga qatnashi maksimum darajaga yetgan bo’lsa, undan keyingi ma’lum voqealardan so’ng, hukumat tomonidan asosiy javobgarlikka tortilganlar yoshlar bo’ldi, deydi jamiyatshunos Komron Aliyev.

“Agarda, hukumat tomonidan rasmiy tan olayotgan 2,000 dan ortiq hizbut-tahrirchilarning so’zsiz ravishda 90 foizga yaqini yoshlardan iborat. Dinga qarshi, yoshlarni masjidlarga faol qatnashishiga qarshi ma’lum kayfiyatlar ham mavjud bo’ldi. Buning natijasida hozirgi vaqtda yoshlarning masjidlarga qatnashishi, din yo’llari bilan qiziqishlari ma’lum darajada, yoki o’sha 95-96 yillarga nisbatan anchagina kamaydi, deb aniq aytish mumkin”, - deydi jamiyatshunos.

Toshkentdagi masjidlarning birida namoz ado etib chiqayotgan 17 yoshlardagi yigitdan uning ko’pgina tengdoshlari qatori ko’ngilochar joylarga emas, masjidga qatnashining boisini so’radim.

“Shu dinga qiziqishim, hayotda bir pokiza inson bo’lib o’tishlik, odamlarga xizmat qilishlik, shu tariqa yaxshilikni yetkazib qo’yishlik uchun mana shu yo’lni tanlaganman. Din faqatgina ezgulik, buni kirgangina, bilgangina, shuni tadbiq qilgan odamgina biladi”, - deydi namozxon yigit.

Muxbir: Masalan, masjidlarga borishda, namoz o’qishlarda biror tazyiqlar bo’ladimi namozxonlarga?

Namozxon: Bizga tazyiq bo’lmaydi-yu, hozirgi turg’un guruhlarga mansub bo’lgan bolalarga bo’lishi mumkin. Albatta bularning holatlaridan yoki yurish-turishlaridan davlatga, kostitutsion tuzumga, odamlarga nisbatan qanaqadir yot qarashlar bilan qarashlari ochiq-oydin bilinib turganligi uchun, odamlar ulardan nafratlanadi, yoki yotsirash bilan qarashlar qilinadi. Cho’ntaklari titiladigan yoshlar yoki odamlar yotsirash bilan qaraydigan yoshlar – ularning hammasi ajralib turishadi.

Muxbir: Nimasi bilan ajralib turadi ular? Bir ko’rganda bilish mumkinmi shunaqa kishilarni?

Namozxon: O’sha qilayotgan amallaridan yoki gapirayotgan gaplaridan, birdaniga reaksion fikr bildirishligidan, hozirgi odamlarga nisbatan, davlatga nisbatan deylik, shulardan bilish mumkin ularni”, - deb hisoblaydi namozxon yigit.

Imom Al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti sinflarining birida Hadis ilmidan dars o’tilmoqda. Men talabalarning tanaffusga chiqish paytini kutdim. Tanaffus payti esa, meni qurshab olgan talabalardan nega aynan imom bo’lishni istashgani-yu, yosh dindorlarga nisbatan ularning tengdoshlari, oila a’zolari, mahalla ko’yning munosabati qay darajadaligini so’radim.

“Bismillahir rahmanir rahim, mana shu dargohga kelib ilm olishdan asosiy maqsadimiz shu bo’ldi-ki, hozirgi kunda diniy jihatdan ilmiy saviyasi past bo’lib ketdi O’zbekistondagi yoshlarni. Va ularga to’g’ri dinni, sof e’tiqodni, islom dinining go’zalligini namoyon etish uchun ham mana shu dargohga kelib biz ilm istayapmiz-ki, kelajakda shu mustaqil O’zbekistonimiz uchun xizmat qilib, shu yoshlarni diniy tashnalikdan xalos etib, ularga to’g’ri ilmni yetkazib berishlik uchun”, - deydi dindor talabalardan biri.

Muxbir: Sizlarni Islom institutida o’qishingizni bilgan tengdoshlaringiz diniy bilimlaringiz bilan qiziqishadimi?

Talabalar: “Hozirgi vaqtda har xil oqimlar bo’lganligi sababli, islom dini haqida har xil tushunchalar hosil bo’lib qolgan-da. Asl islom mohiyatini bilish uchun so’rashadi, yoki ba’zilarining fikricha, islom har qanday buzg’unchilik dini deb hisoblaydiganlar ham bor. Asosiysi, islom haqiqatan mana shunday dinmi, deb so’raydiganlari ham bor. Yoki islomni yaxshi tushungan yoshlar ham bor, islom dinida bu narsa bormi-yo’qmi, shu narsalarni ko’proq hozir so’raydigan yoshlar ko’p”.

“Yoshlar bizga savol berishadi. Shundoq savollar berishganda, biz ustozlarimizdan eshitgan, o’qiganlarimizni shu darajada islomni tiniq yetkazib bersak, bizga ular masxara emas, bizga yana ham yaqinroq bo’lib, yana ham tushuntirib berishimizni so’rashadi. Gapirayotgan gaplarimizning har birini hujjat bilan aytamiz-da. Keyin biz davlat tasarrufidagi Islom institutida o’qiyotganimiz ham yana bir bor bizga dalda bo’lib turadi, hujjatimiz bor. Lekin to o’shani bilguncha har xil xayollarga borib turishlari mumkin”, - deyishadi bo’lgusi imomlar.

Bo’lgusi imomlar fikricha, dinning asl mohiyatini bilmaslik oqibatida yoshlar turli noxush oqimlarga qo’shilib ketishmoqda.

“Asl o’sha dinni tushunmasligidan, dinning aslini bilgan odan hech qanday oqim-tuzumlarga qo’shilib ketmaydi. Sababi, sof islomni bilganingizdan keyin, nimaga e’tiqod qilasiz, maqsadingiz nima, ertangi kunda xalqqa nimani yetkazish kerak, nimani gapirishingiz kerakligini bilganingizdan keyin har qanday oqimlarga qo’shilib ketmaysiz”, - deydi talaba yigitlardan yana biri.

Ba’zi talabalarga ko’ra, diniy ilmni dars sifatida maktab dasturiga kiritish lozim. Shundagina islom dini va umuman dinning faqat tarbiya vositasi ekani, uning jamiyat taraqqiyoti uchun foydadan xoli emasligini ko’rish mumkin bo’ladi, deyishadi talabalar.

“Shuni iloji bo’lsa, dinni yoshligidan, maktabdan, bir haftada bir soat bo’lsa ham, harom va halolni yoshlarga tushuntirsak. Mana shu sohada ozgina bo’lsa ham maktablarda darsliklar o’tilsa. Kattalarga, kichkinalarga hurmat-izzatni tushunib, haqiqiy islomni tushunishsa, har xil oqimlarga kirib ketmaslik uchun mana shu ham sabab bo’ladimi, deb o’ylayman”.

O’zbekistonda 1995-96 yillarda namozxon yigit-qizlarning ibrat sifatida ko’rsatila boshlanganidan ayricha, bugun yoshlarning dinga munosabatiga turlicha qarashlar mavjud. Yoshlarning dinga qiziqishi ortgani sayin, ularga nisbatan tazyiqlar ham kuchyganini aytadi mana bu dindor kishi.

“Dinga e’tiqod qo’ygan musulmon yoshlar harom bilan halolning farqiga boradigan, yaxshi bilan yomonni shariat bilan o’lchaydigan darajaga yetib qoldi, inshoolloh. Lekin shunga nisbatan tazyiqlar ham kuchayib bormoqda. Azoblash uslubi, qilinayotgan ishlar bizlarga yetib kelib turibdi. Masjidlarda, tashqarida bo’lgan tazyiqlarni men kuzatayotganim yo’q, inshoolloh”, - deydi suhbatdosh.

Bu kabi tazyiqlar hattoki mamlakatdagi ta’lim muassasalarida ham uchrayotgani aytiladi. Hijobga kirganiga 14 yil bo’lgan Malikaning aytishicha, unga nisbatan qo’llanilgan tazyiqlarni ko’rgan yoshlarda dindan bezish holatlari kuzatilmoqda.

“Xadichayi Kubro nomli o’rta maxsus bilim yurtida o’qirdim. Ko’chada yuzimni yopib yurganim uchun talabalik safidan o’chirildim. Hijobga kirganim uchun tazyiqlar bo’ldi, nimagaki, bittagina shu ro’molim uchun avvalida ro’yxatga olib, chaqir-chaqir qilishdi. Ro’molimni yechmaganim uchun saldan keyin shtraf solishdi. Yana mustahkam shu ro’molimda Ollohga muhabbatimda sodiq qolganim sababli, militsiya xodimi bo’ynimdan bo’g’ib, qo’limga urib-ko’kartirib, uni ekspertizalar qilib, buni bir qancha joylarga arizalar yozdim. Hech qanaqa natijasi bo’lmadi. Undan tashqari, yana saldan keyin o’qishimga telefon qilib, o’qishdan ham otchisleniye qildirishdi [haydashdi]. Mana, meni ko’rib ko’pchilik yoshlar, agar men ham islomga kirsam, shunaqangi tazyiqlar bo’lishi mumkin, degan fikrda bezib qolishyapti”, - deydi Malika.

Toshkentdagi aksariyat yoshlarning sevimli maskani bo’lmish diskotekalardan biridaman. Qiyofasi, kiyinishi-yu yurish-turishi bilan dindor yoshlardan farq qiluvchi bu yigit-qizlarning dinga, namozxon tengdoshlariga munosabati bilan qiziqdim.

“Men dinga ishonaman. Keyin namoz o’qiydiganlarga ham fikrim yaxshi”.

“Xudoga shukur, eto, namoz o’qimayman, no bilaman. Bir dafa, ikki dafa masjidga bordim, og’aynim bilan. Uning aytgan gapini men qildim”.

“Qaytaga, namozxon bolalarga havasimiz keladi, masalan Islom universitetida o’qishiga. Biz ham o’qiymiz, finansoviy [Moliya] institutida, lekin bizlarning ham dilda niyat bor, biz ham dinga yaxshi qaraymiz-da”, - deydi ayrim yoshlar.

Bu yerdagi yoshlar, besh vaqt namoz o’qimasak ham, xudo ko’nglimizdadir, deb aytishar ekan, ayrim yoshlar namozxonlik bahonasida turli nojo’ya ishlar bilan ham shug’ullanishadi, deb hisoblashadi.

“Men o’ylayman-ki nafaqat masjidlarga borib, xudoga sig’inish, bu hammaning ham qo’lidan kela oladi. Odamlar masjidga bormasdan ham o’zi to’g’ri yo’lda yurib, ko’ngli pok, xudoga ishonib yursa, odamga bu yetarli deb o’ylayman”.

“Shu oqimlarga yoshlarimiz qo’shilib, din orqali ko’p yomon ishlar qilishyapti. Bu mening o’ylashimcha, yomon. Avvalo bor xudo insonning dilida bo’lishi kerak-da”.

Xo’sh, o’yin-kulguni xush ko’radigan bu yigit-qizlarga oilada ota-onalari din va namozxonlik haqida nimalar deyishmoqda?

“Mening ota-onam namoz o’qi, yo o’qima deyishmaydi. Hamma narsa o’zingga bog’liq, deyishadi. Agar o’zingga to’g’ri, pok bo’lib yursang, hijoblarga kirishning hojati ham yo’q-da”.

“Kontrollik qilib, qachon o’qishga bording, qachon kelding deb qarab turishadi, lekin namoz o’qima, unday qilma, degan gaplar yo’q”.

“Ko’p eshitganmiz, namoz o’qima, yomon yo’lga, ekstremistik kuchlar bor-u, shularga qo’shilib ketasan, yoki qo’shilib ketadi, deb ham namoz o’qimagin, deb aytishadi. Menimcha, qo’rqish-da bu”, - deb fikr bildirishadi yoshlar.

Ba’zilarga ko’ra, diskoteka va boshqa ko’ngilochar joylarda bo’lish bu yoshlarning tarbiyasi buzuqligini va yo-da ularning dinga munosabati yomonligini bildirmaydi.

“Avvalambor, har bitta inson o’ziga to’g’ri bo’lishi kerak. Shart emas u diskotekaga borgandan keyin yomon bo’lib ketadi, deyish. Balkim u odam yaxshidir, diskotekaga har bitta yosh har xil xayol, fikr bilan boradi. Bir xilla ko’ngilxushlik uchun, bir xillar yomon niyatlar bilan borishi mumkin. Yoshlar ham har xil o’ynab-kulishga, har xil ko’ngilochar joylarga borishga haqqi bor, lekin me’yorida”.

“O’yin-kulgi joylarga borgan bo’lsak ham, mening yuragimda har doim xudo bo’ladi. Men o’z dinimga o’zim sadoqatliman. Men o’zimni musulmon deb hisoblayman, xudoga shukur”, - deyishadi diskotekadagi yoshlar.

Hizbut-tahrirchi sifatida ayblangan yoki gumon qilinganlarga nisbatan qo’llangan keskin choralar ko’pgina yoshlar qatori ota-onalarni ham dindan hadiksirashga sabab bo’lganini aytadi mana bu ayol:

“Ko’proq namoz o’qishga emas, balki ularni dunyoviy ilmlarni o’rgatishga harakat qilishyapti. Lekin menimcha, bu narsa ikki tomonlama bo’lgani ham yaxshiroq. Chunki namoz o’qish degani – faqat e’tiqod”.

1992 yilning yanvarida mustaqil O’zbekistonning ilk prezidenti Qur’oni Karim ustiga qo’lini qo’yib, qasamyod etishi ham omma o’rtasida diniy e’tiqod erkinligi darakchisidek taassurot uyg’otgandi. So’ngroq esa, noqonuniy diniy oqimlarga qarshi kurash dinga qarshi kurash tusini olgani, bugungi yoshlarda dinga va dindorlarga nisbatan turlicha kayfiyatlarni shakllantirmoqda, deyishadi kuzatuvchilar.

XS
SM
MD
LG