O'zbekiston Rossiyaga qaytdi: kimga maza, kimga aza?


Rossiya ekspertlari O`zbekistonning Rossiya geosiyosati ta’siriga qaytishini rasmiy Moskvaning so’nggi paytlardagi strategik yutuqlaridan biri sifatida ta’kidlashmoqda. Rossiyaning bu geosiyosiy manfaatlaridan O`zbekistonning nima yutishi esa kuzatuvchilarga ko`ra muammoli bo`lib qolmoqda.

O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi hamkorlikka rasmiy Toshkent ko`proq o`z xavfsizligi kafolati sifatida qarayotgan bo`lsa, Rossiya rasmiy doiralari va ekspertlari O`zbekistonning Rossiya doirasiga qaytishini geosiyosiy yo`nalishdagi yutuqlardan biri ekani sifatida e’tirof etmoqdalar.

Ayniqsa, O`zbekistonning Rossiya homiyligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga a`zo bo`lishi va bu shartnoma doirasidagi harbiy mashqlarda ishtiroki Rossiya tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingan.

Kelajakda Kollektiv xavfsizlik doirasidagi harbiy kuchlarning aynan O`zbekistonda, xususan Xonobod bazasida joylashishi mumkinligi haqida ham taxminlar bor.

G`arb bilan geosiyosiy maqsadlari keskinlashayotgan Rossiya uchun mintaqada ittifoqchilar ahamiyati zarurligi qayd etiladi. Bundan, Rossiya geosiyosatiga qo`shilayotgan mintaqa davlatlari, jumladan O`zbekistonning qanday yutuqlarga erishishi, mustaqil ekspertlarga ko`ra, shubhalidir.

Chunki, mintaqa davlatlaridan faqat O`zbekistongina tashqi aloqlarda faqat Rossiya ittifoqchiligiga suyanib qolmoqda.

Kuzatuvchilar nazarida ittifoqchilik aloqalaridan ko`zda tutilayotgan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdorlik asosga ega, faqat buning uchun O`zbekistondagi iqtisodiy siyosat - aholining, tadbirkorlarning bunday imkoniyatlardan foydalanishga to`sqinlik qiladi.

Rasmiy Toshkent nazarida janubdan kutilayotgan xavfni oldini olish esa ko`proq, G`arb bilan yaqinroq bo`lishni talab etishiga urg`u qaratilmoqda.

Demokratik tashabbuslar markazi rahbari Iskandar Xudoyberganovga ko`ra Rossiya geosiysiy yo`nalishining O`zbekistonga mosligi haqiqatdan yiroq.

“Agar Rossiyaning strategik yo`nalishi demokratiyaga asoslanganida edi, bu O`zbekiston uchun foydali bo`lardi, biroq hamma shubha shunda. Bugungi Rossiyaning strategiyasi sovuq urush davri yaqinlashayotganidan dalolat bermoqda”, -deydi Xudoyberganov.

Iskandar Xudoyberganovga ko`ra Rossiya bilan aloqlalarning iqtisodiy vaziyatni yengillashtirishiga umid qilish ham gumon, chunki hozirgi rejimda har qanday davlatdan iqtisodiy sarmoylar kiritilishini kutish samarasizdir.

Unga ko`ra iqtisodiy islohotlar faqat butun xalq ishtirokida amalga oshirilgandagina foyda keltirishi mumkin, O`zbekistonda avj olgan korruptsiya tufayli bunday imkoniyatning o`zi yoq.

Fizika-matemetika fanlari nomzodi Abdujalil Boymatov rasmiy Toshkent va Moskva munosabatlari asosan hukumat doiralarining manfaatlari uchun qurilganini e`tirof etadi.

“Masalan, Mo`g`iliston davlati, o`z aloqalarini qurishda Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan munosabatlarga muhum ahamiyat qaratmoqda, shu bilan bir qatorda Rossiya va Xitoy bilan munosabatlari ham mo`tadil davom etmoqda. O`zbekiston esa G`arb bilan aloqalarini deyarli yo`qqa chiqardi. Mamlakatda ichki siyosatning noto`g’ri olib borilishi tufayli shunday tashqi siyosat yuzaga keldi”, - takidlaydi Boymatov.

Abdujalil Boymatovga ko`ra O`zbekiston xavfsizligini kafolatlash haqidagi rasmiy qarashlar asossiz, xavfsizlikning yechimi tashqarida emas, balki mamlakat ichkarisidadir.

“Odatda, barqarorlik mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatning qandayligiga, inson huquqlariga qanchalik hurmat ko`rsatilayotganiga qarab belgilanadi. O`zbekistonda har yili o`sish bo`layotgani haqida gapiriladi, biroq mamlakat MDHdagi eng qoloq davlatlardan biriga aylandi. Inson huquqlari esa hukumat tomonidan buzilmoqda. Bunday sharoitda asosiy tahdid - mamlakatdagi 80 foizga yaqin qashshoqlar va hukumat yuritayotgan mavjud siyosatdadir”, - deydi Abdujalil Boymatov.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko`ra mintaqa davlatlari, jumladan Qozo`giston va Qirgi`ziston o`z tashqi siyosatlarida milliy manfaatlarni muvofiqlashtirgan tarzda siyosat yuritishmoqda, biroq rasmiy Toshkentning bir tomonlama siyosati O`zbekistonning milliy manfaatlarini ifoda etolmayapti.

XS
SM
MD
LG