Breaking News

Afg'on elchisi: O'zbekiston bizdagi imkoniyatlarni boy bermoqda


Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Rangin Dadfar Spanta Amerika Ovozi yaqinda bilan suhbatda, "O’zbekiston bilan mustaqil, hech kimning aralashuvisiz aloqa qilamiz",- deb ta’kidlagan edi. Afg’onistonning AQShdagi elchisi Said Javod (Said Tayeb Jawad) nazarida esa hozirgi kunda AQSh bilan aloqalari sovuqlashgan O’zbekiston Afg’onistonning eng yaqin iqtisodiy hamkori bo’lish imkoniyatiga ega.

Said Toyib Javod: Iqtisodiy hamkorlik bobida O’zbekiston bilan yanada yaqindan ishlasak bo’ladi. Axir, O’zbekiston mintaqadagi eng yirik, iqtisodiy jihatdan katta kuchga ega. Qarangki, Afg’oniston-O’zbekiston orasidagi yillik savdo 50 million dollarni ham tashkil etmaydi. Vaholanki, narigi qo’shnimiz Pokiston bilan yiliga 1 milliard dollardan oshadi. O’zbekiston yonilg’i boyliklariga ega va bizda bu mahsulotga talab katta. Hozirgi savdo hajmini 10 barobarga ko’paytirish mumkin. O’zbekiston Afg’oniston bozoriga kirishi, biz orqali Sharqiy Osiyo bozoriga chiqishi mumkin."

Amerika Ovozi: Afg’oniston shimolida millionlab o’zbeklar yashaydi va O’zbekiston bu jamoa bilan o’ziga xos madaniy, tarixiy aloqaga ega. Mamlakatingiz shimoli boshqa mintaqalarga qaraganda ancha tinchligini hisobga olib, u yer jamoasi orqali O’zbekiston bilan yaqinlashish mumkin emasmi yoki etnik mojarolar hali ham davom etayotgani uchun bunday yo’l tutishdan xavfsiraysizmi?

Said Toyib Javod: O’zbekiston bilan shubhasiz uzoq asrlik madaniy aloqaga egamiz, bizning tariximiz ham Buxoro, Samarqandga borib taqaladi. Shimoldagi o’zbeklar O’zbekiston bilan aloqalarning kuchayishida muhim rol o’ynashi mumkin, ammo Afg’oniston tashqi siyosati bir etnik guruh orqali emas, umummamlakat manfaatini ko’zlagan holda, markazdan, davlat darajasida olib boriladi.

Amerika Ovozi: Afg’onistonda Tolibon hokimiyati barbod bo’lganiga besh yil bo’lyapti, ammo bu harakat hali ham barham topgani yo’q. Afg’oniston hali ham notinch o’lka. Mamlakatingizda etnik mojarolar, qabilaviy, dala qo’mondonlari o’rtasida kelishmovchiliklar davom etmoqda. Afg’oniston hali ham qoradori manbai. Nima uchun chet davlatlar bunday beqaror mamlakatga o’z moliyalarini olib kirishlari kerak?

Said Toyib Javod: Afg’oniston tarixan savdo yo’li bo’lib kelgan. To’g’ri, mamlakatimiz butunlay tinchigani yo’q. Ammo, iqtisodiy ahvol yaxshilangan sari, ichki tizimlar barpo etilib, ish o’rinlari ko’payib, oddiy xalq uchun imkoniyatlar ko’paygani sari, vaziyat yanada ijobiylashadi. Biz, ham o’z tarixiga, ham bugungi maqsadiga sodiq davlat quryapmiz. Demokratik jamiyat barpo etmoqchimiz. Bizning hayotimiz yaxshilansa, mintaqa yanada xavfsizlanadi. Mintaqa davlatlari uchun keng imkoniyatlar paydo bo’ladi. Xalqimiz yordamga muhtoj. Muammolarni faqatgina bir-birimizga ko’maklashgan holda yengish mumkin.

Amerika Ovozi: AQSh Afg’onistondagi qo’shinlarini kamaytiryapti. Bu yilgi moliyaviy yordam miqdori ham avvalgi yillardagi bir, bir yarim milliard dollardan 700 million dollar atrofiga tushgan. Amerika xalqi bugungi kunda afg’on xalqi haqida yetarlicha biladi, uning dardini tushunadi, deb o’ylaysizmi?

Said Toyib Javod: Afg’oniston Vashingtonga ilk elchisini 1919 yilda tayinlagan. Sovuq urush davrida Sovetlarga qarshi birgalikda kurashganmiz. Afsuski, AQSh bizni uzoq yillar quvvatlamadi va natijada Afg’oniston terror o’chog’iga aylandi. Bu xato Amerikaga qimmatga tushgani sir emas. Shu bois amerikaliklar bizning xalqimiz, uning ko’rguliklari, bugungi kuni, muammolari haqida yaxshi biladi.

Amerika Ovozi: Afg’on diasporasi, ya’ni jamoasi Amerikada chorak million kishini tashkil etadi. Ularning yordami, roli qanday bo’lyapti, ona vatanni qayta qurishda? Bilamizki, afg’on hukumati rasmiylari orasida chetda tug’ilgan, o’qigan, tadbikorlik qilgan kishilar ko’p.

Said Toyib Javod: Afg’on diasporasi mamlakatni tiklashda eng katta hissa qo’shayotgan kuch. Boy afg’onlar bugun o’z kompaniyalarini vatanlariga ko’chirmoqda, asosan telekommunikatsiya bobida; yengil sanoat bobida loyihalar boshlamoqdalar. Bizga puldor, malakali kishilar kerak va chetdagi afg’onlar bu talabni qondira oladi. AQShning Kaliforniya, Nyu-York kabi yirik va boy shtatlarida o’ziga to’q, katta moliyaga ega afg’onlar ko’p. Ular vatanlaridan yordamni ayamaydi.

Amerika Ovozi: Ammo, Afg’onistonda ularga ochko’z, g’arblik olifta va oddiy afg’onlarni elamaydigan texnokratlar, AQSh istagan ishni qilishga kelgan, vatan ravnaqi emas, pul ketidan chopganlar deb ham qarashadi, shunday emasmi?

Said Toyib Javod: Gapingizda jon bor. Afg’on xalqi necha yillardan beri azob-uqubatda yashab kelyapti. Chetdan kelib, ularga tegishli ish joylarini olib qo’yayotgan odamlar hammaga ham yoqavermaydi. Kommunistlar zulmi, Tolibon tig’i ostida yashagan odamlar, nega endi bizdan imkoniyatlarni olib qo’yayapsiz, deyishi tabiiy. Lekin chet-elda yashagan, ulg’aygan afg’onlar vatani uchun jon kuydirmaydi, deyish xato bo’ladi. Biz barchamiz, vatanimiz obod bo’lsin, xalqimiz to’q yashasin, deymiz. Vatanga qaytgan afg’onlar uchun ham oson emas. Vatanda sharoit og’ir. Farzandlarni o’qitish uchun yaxshi maktablar yo’q. Ahvol har ikki tomon uchun birdek murakkab.

Amerika Ovozi: Rahmat sizga, elchi janoblari.

Said Toyib Javod: Bag'oyat mamnunman. Sizga ham tashakkur.

XS
SM
MD
LG