Qochqinlar xavfsizlik kafolatlangan taqdirda vatanga qaytmoqchi


Qirg’iziston rasmiylariga ko’ra, O’shda Andijon voqealariga aloqadorlikda gumon qilingan besh kishi qo’lga olingan. Ulardan 400 gramm trotil va avtomat o’qlari topilgan.

Kuni kecha AQShdan O’zbekistonga qaytgan 12 nafar andijonlik qochqinlar ortidan boshqa qochqinlar ham O’zbekiston prezidenti Islom Karimov xavfsizlik kafolatini bergan taqdirda, O’zbekistonga qaytishlari mumkinligini ma’lum qilgan.

13 may voqealaridan keyin avval Qirg’izistonga, keyin BMT Qochqinlar agentligi ko’magida g’arb davlatlariga ko’chirilgan qochqinlar O’zbekistonga qaytish taraddudida.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, AQShda yashayotgan 12 nafar andijonlik qochqin o’z xohishi bilan, O’zbekiston rasmiylarining moliyaviy ko’magi bilan Andijonga qaytgan.

Aniqlanishicha, bu qochqinlarning 13 may kuni hukumat ta’biri bilan aytganda Andijonda sodir bo’lgan terrorchilik amaliyotlariga aloqasi yo’q. Qochqinlar aldov yo’li bilan chet-elga olib chiqib ketilgan. Endi ular Andijonga qaytib, tinch va osuda hayot kechirmoqdalar.

Vatanga qaytgan qochqinlar ortidan, endi g’arb davlatlarida yashayotgan qochqinlarda ham qaytish umidi paydo bo’lgan. O’shda yashayotgan qochqinning aytishicha, xavfsizlik kafolati berilsa, 13 may voqealaridan keyin dunyo davlatlariga tarqalgan andijonlik qochqinlar ommaviy ravishda O’zbekistonga qaytadilar:

Qochqin: Biz qo’rqib, Andijondan O’shga qochib chiqqanmiz. Qamamaymiz, hech narsa qilmaymiz desa, tinchlik-xotirjamlik bo’ladigan bo’lsa, qaytib ketamiz. Xavfsizlik kafolati berilsa, Andijonga qaytib, o’z ishimiz bilan mashg’ul bo’lamiz.

Muxbir: Xavfsizlik kafolatini sizningcha, kim berishi mumkin?

Qochqin: Prezident berishi mumkin. Boshqa birov berolmaydi. “Kelavering, o’g’lim” desa, qaytib boramiz. Yurtning egasi prezident bo’lgandan keyin, unga ishonamiz. Biz terrorist emasmiz. Qurol ko’tarib yurganimiz yo’q, birovni otib-chopmadik. 13 may kuni ham nohaq qamalganlarning tarafini olib, maydonga chiqqanmiz.

Muxbir: Qochqinlar O’zbekistonga qachon qaytishlari mumkin endi?

Qochqin: Kim yo’lkiraga pul topsa, qaytaveradi. Qachon qaytishi noma’lum. Agar O’zbekiston prezidenti “kelaveringlar, mana sizlarga sharoit” desa, bir kunda bir samolyot bo’lib kelishlari ham mumkin. Biz-ku endi O’shdamiz, Andijonning yonginasida, shunday tushib ketaveramiz.

Muxbir: Huquq himoyachilari, muxolifatga ko’ra, Andijonda 13 may kuni yuzlab namoyish ishtirokchilari hukumat qo’shinlari tomonidan otib tashlangan. Siz xalqni otib tashlagan tuzumni kechirishga tayyormisiz?

Qochqin: Bo’lar ish bo’lib, o’tib ketdi. O’lgan o’ldi, qochgan qochdi, qamalgan qamaldi. Hozir endi yarashish bo’lyapti. Hukumat ham otdi, buyoqdagilar ham otdi. Xullas, davlat bilan xalq urishdi-da endi. Agar prezident kechirsa, biz ham kechirishga, yarashishga tayyormiz. Endi bundan keyingi hayotni chiroyli yashamoqchimiz.

XS
SM
MD
LG