O'zbekiston-Tojikiston munosabatlari Moskvada muhokama qilinadi


O`zbekiston huquq-tartibot organlari O’zbekistonda tojikistonlik yana bir josusning qo`lga olingani haqida ma’lum qilmoqda. Moskvaga jo`nab ketgan O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Hamdo`stlik davlatlarining norasmiy sammitida Tojikiston rahbari bilan ikkala davlat o’rtasidagi aloqalarni muhokama qilishi kutilmoqda.

Milliy xavsizlik xizmatidagi manbaning mahalliy axborot agentligiga bergan ma`lumotiga ko`ra, xavfsizlik xizmati tomonidan qo`lga olingan Tojikiston fuqarosi Furqat Tuyg`unov Tojikiston maxsus xizmatlariga yollanganligini va O`zbekiston hududida qo`poruvchilik harakatlarini olib borishni maqsad qilganini tan olgan.

Bundan bir muncha avval O`zbekiston huquq-tartibot organlari Surxandaryo viloyatida Tojikiston fuqarosi Murodilla Jo`rayev qo`lga olingani haqida ma`lum qilishgandi.

Murodilla Jo`rayev ham O`zbekistonda qo`poruvchilik harakatlarini amalga oshirish, O`zbekiston fuqarolarini Tojikiston maxsus xizmatlariga jalb qilish kabi harakatlarni maqsad qilganiga, Tojikiston maxsus xizmatlari topshirig`iga ko`ra faoliyat yuritayotganligiga iqror bo`lgan.

Ikki davlat o`rtasidagi keskinliklar O`zbekiston tomonidan Tojikistonga sotilayotgan gazni to`liq ravishda hisob-kitob qilinmaganligi tufayli to`xtatib qo`yish bilan davom etdi.

Bunga javoban Tojikiston tomoni mamlakat hududidan O`zbekistonning Farg`ona vodiysiga o`tayotgan gaz ta`minotini to`xtatdi. Avvalroq Tojikiston tomoni ham O`zbekiston maxsus xizmatlariga ishlash aybi bilan bir nechta fuqarolarni turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, respublikalar o`rtasidagi munosabat tobora keskinlashib bormoqda. Buning uchun har ikki tomondan maxsus amaliyotlar yuritilmoqda.

Ayniqsa, Tojikiston prezidentining Yevrosiyo hamjamiyati sammiti doirasida rasmiy Toshkentni tanqidga olishidan so`ng ikki o`rtadagi ziddiyat yanada ortgan.

Tojikiston prezidenti rasmiy Toshkentni Yevrosiyo hamjamiyati doirasidagi majburiyatlarni bajarmayotganlikda, xususan fuqarolar qatnovi uchun chegaralardagi viza tartibini bekor qilmayotganlikda ayblagan edi.

Moskavada MDH davlatlarining norasmiy sammitda muhokama qilinishi kutilayotgan masalalar haqida aniq ma`lumotlar yoq.

Norasmiy sammit natijasida O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi munosabatlar aniq bir tomonga o`zgaradimi yo`qmi bu ham noma`lum. Bu uchrashuv doirasida MDH davlat rahbarlarining ikki tomonlama muzokaralari rejalashtirilgan, shu jumladan O`zbekiston va Tojikiston prezidentlarining ham.

XS
SM
MD
LG