O'shda Andijon voqealarida ayblanib bir necha kishi qamoqqa olingan


O'shda qo'lga olingani xabar qilingan o'zbekistonliklardan biri Qirg'iziston rasmiylariga boshpana so'rab murojaat qilgan qochqin ekani va yana biri "Akromiya" diniy guruhi rahbari ekani da'vo qilinuvchi Akrom Yo'ldoshevning qizi ekani ma'lum bo'ldi.

Qirg’iziston rasmiylari Andijon voqealariga aloqador deya hibsga olingan besh o'zbekistonlik shaxsini ma’lum qilmagan. Ammo “Amerika Ovozi” radiosiga manbalarning xabar qilishlaricha, ayni paytda O’sh shahar militsiyasida besh nafar emas, olti nafar andijonlik tutib turilibdi. Ulardan biri – Rustam Sobitov BMT QiBOK O’sh vakolatxonasida va mahalliy idoralarda boshpana izlovchi shaxs sifatida ro’yxatga olingan.

Qo’lga olinganlardan yana biri 21 yoshli Gulmira Maqsudova, O’zbekiston hukumati “Akromiya” diniy guruhining yetakchisi deya da’vo qiladigan Akrom Yo’ldoshevning qizidir. Gulmira Maqsudova qo’lga olingan uy egasi Sohiba Yoqubovaning aytishicha, Gulmira 13 may voqealaridan keyin Andijondan O’shga kelgan.

Gulmira noqonuniy ravishda O’shda yashayotgani va qalbaki pasportdan foydalangani uchun militsiya xodimlari tomonidan hibsga olingan. Uning 1,5 yoshli emizikli qizchasi Mahdiya Nurullayeva va 14 yoshli singlisi Muyassar Yo’ldosheva O’shdagi Mamadalievlar oilasida yashayapti. Mamadalievlar oilasi a’zolaridan biri qizchani O’sh shahar militsiya yerto’lasida yotgan Gulmiraning oldiga emizish olib borayotganini aytadi.

O’sh shahar militsiyasi 6 nafar O’zbekiston fuqarosidan tashqari yana o’shlik aka-uka Akrom va Akmal Mamadalievlarni ham hibsga olgan. O’zbekistonliklar Mamadalievlar uyida ustachilik bilan shug’ullangan. Tintuv paytida topilgan trotil va avtomat o’qlarini esa, Akmal Mamadalievning ayoli Muqaddam Uraimovaning aytishicha, militsiya xodimlari tashlab qo’ygan.

O’zbekiston rasmiylari “Akromiya” diniy guruhining rahbari ekanini da’vo qiladigan Akrom Yo’ldoshev hozir turmada, uning ayoli Yodgora Yo’ldosheva 13 maydan keyin Andijonni bir qizi bilan tashlab chiqqan va hozir AQShning Aydaho (Idaho) shtatida yashaydi. O’shda qo’lga olingan Gulmira Maqsudovaning kuyovi Omonullo Maqsudov 13 may voqealaridan keyin Germaniyadan panoh topgan.

XS
SM
MD
LG