Breaking News

Muhammad Solih yana AQShda


O’zbekiston muxolifati yetakchilaridan biri Muhammad Solih so'nggi o'n yildan ortiq vaqt ichida ikkinchi bor AQShga tashrif buyurdi. 24 iyul kuni Muhammad Solih Vashingtonda joylashgan Karnegi Jamg’armasida chiqish qildi.

"Erk" partiyasining asoschisi va rahbari o’tgan yili Andijon voqealaridan so’ng AQSh Kongressida o’tkazilgan tinglovda ishtirok etgan edi. 25 iyul kuni ham Kongress qoshidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasida Muhammad Solih, "Birlik" harakatining raisi Abdurahim Po’latov va “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasi raisi Sanjar Umarovning to’ng’ich o’g’li G’ulom Umarov O’zbekistondagi vaziyatga nisbatan o’z qarashlarini bildiradilar.

Muhammad Solih nazarida, O’zbekiston muxolifatining ahvoli o'tgan yillardagiga qaraganda ancha yaxshi va ayni damda muxolifat nafaqat mamlakat tashqarisida va hattoki ichkarisida ham faol ish olib bormoqda. Unga ko'ra, O'zbekiston hukumati, armiyasi va Ichki ishlar vazirligidagi ba'zi odamlar muxolifatga xayrihohdir.

Xalqaro tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasidagi chiqishida Muhammad Solih, prezident Karimov G’arb tomonidan yakkalanib bormoqda va prezidentga bu yakkalanish yoqmayapti, dedi. Muxolifatchi nazarida, Karimov xalqaro hamjamiyat oldida Andijondagi qirg’in vaqtidagi o’z harakatlarini oqlashga urinmoqda. Yaqinda AQShdan O’zbekistonga qaytib borgan 12 nafar qochqin, Muhammad Solihning aytishicha, hukumat tomonidan ana shu maqsadda foydalaniladi va Andijonda diniy kuchlar aralashgan degan fikr qochqinlar tomonidan hukumat bosimi ostida o’z tasdig’ini topadi.

Muhammad Solih G’arb va AQSh O’zbekiston hukumatiga kerakli ravishda bosim o’tkazmayotganidan noroziligini bildirdi. G’arb O’zbekistondagi demokratik kuchlarni qo’llab-quvvatlashini rasmiy tarzda bayon qilishi kerak, dedi u.

Tadbirda ishtirok etgan AQSh Xalqaro Respublikachilar Institutining Markaziy Osiyo bo’yicha dasturi rahbari Lora Grexemning aytishicha, O’zbekistondagi islohotlar tarafdorlari bo’lgan guruhlar oldida turgan asosiy vazifalardan biri prezident Karimov hokimiyatdan ketib, o’zgarishlar davri kelgan mahalda keng islohotlarni o’z ichiga olgan umumiy dasturni ishlab chiqarish.

"Turli sabablarga ko’ra tuzum o’zgargudek bo’lsa, mamlakat bo’shliqqa tushib ketmasligi yoki hokimiyat tepasiga islomiy kuchlarning kelmasligi uchun O’zbekiston muxolifati qanday takliflarni olg’a surishi mumkin? Mana shu – asosiy savol," - dedi Lora Grexem.

Diniy kuchlar tahdidi Karimov tuzumi yaratgan afsona, deb bildirgan Muhammad Solih uning yetakchiligidagi kuchlar hokimiyat tepasiga tinch yo’l bilan kelishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

"Biz xalq tayyor bo'lgandagina, muxolifatga xayrihoh rasmiylar xalqni qo'llab-quvvatlagandagina, hozirgi tuzumga qattiqroq ta'sir o'tkaza olamiz. Busiz xalqni ko'chaga chiqarmaymiz. Biz qonli namoyishlarga qarshimiz," - dedi Muhammad Solih.

XS
SM
MD
LG