O'zbekiston muxolifati tarqoqligicha qolmoqda


25 iyul kuni, AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, ya'ni Xelsinki Komissiyasi o’tkazgan maxsus brifingda O’zbekiston muxolifatining rahbarlari O’zbekistondagi ahvol, muxolifatning bugungi kuni va Karimov tuzumiga munosabat haqida so’zladilar.

Xelsinki Komissiyasi uyushtirgan brifingda O’zbekiston muxolifati ichidagi munosabatlar 10 yildan oshiq vaqt o’tib ham o’zgarishsiz ekani ko’zga tashlandi. Ikki kun oldin Karnegi Jamg’armasida so’zlagan “Erk” partiyasining asoschisi va yetakchisi Muhammad Solih bu masalaga ancha ijobiy yondashgan edi.

“Muxolifatning bugungi ahvoli o’tgan yildagiga nisbatan yaxshi deb bilaman. O’tgan yil “Birlik” yetakchilari bilan birga majlis qildik. Ularga agar orada hafagarchilik va xato o’tgan bo’lsa meni avf etinglar deb, harakatimizni yangidan jonlatirishga kirishgan edik”, - dedi Muhammad Solih.

Biroq “Erk” partiyasining azaliy raqibi “Birlik” harakatining raisi Abdurahim Po’latov Kongressdagi brifingda erkchilar bilan hamon murosaga kelmaganini namoyish qildi.

“O’zbekistondagi qiyinchiliklarga qaramay, “Birlik” kelasi yilga mo’ljallangan saylovlarda qatnashishga harakat qiladi. Muxolifat bugun bir haqiqatni anglab yetgan – saylovlarga umumiy nomzod bilan chiqish kerak, chunki nomzodlarning ko’pligi aniq mag’lubiyatga olib keladi. Biroq Muhammad Solih boshchiligidagi juda kichik sonli “Erk” partiyasi biz bilan bugun hamkorlik qilishga tayyor emas”, - dedi Aburahim Po’latov.

Abdurahim Po’latov Muhammad Solih o’z nashrlarida G’arb va AQShni yomonlaydi, biroq AQShga tashrif buyurgach, Amerika demokratiyasini maqtay ketadi, deb uni tanqid ostiga oldi va uni ikki yuzlamachilikda aybladi. Muhammad Solih o’z chiqishida Po’latov ayblovlariga javob qaytarmadi, biroq so’zga chiqqan va AQShga O’zbekistondan kelgan “Erk” partiyasining Bosh kotibi Otanazar Oripov “Birlik” raisini hukumatga nisbatan xushomadgo’ylikda aybladi.

“Hukumat va prezidentni tanqid qilish mumkin, biroq tanqidning qaysi pozitsiyadan turib qilinishi juda muhimdir. Men “Birlik” va Abdurahim Po’latovning hukumatni to’g’ri tanqid qilib kelishini anchadan beri kuzataman, biroq ular hukumat pozitsiyasidan turib tanqid qiladilar va shu bilan o’zlarini hokimiyat doiralari bilan bir pozitsiyaga qo’yadilar”, - dedi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripov.

O’zbekiston siyosiy sahnasida yaqindagina paydo bo’lgan “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasi ham respublikada amalga oshirilishi kerak o’zgarishlarga o’zgacha qarashi borligini bildirdi. Ma’lumki, koalitsiya raisi Sanjar Umarov ayni damda O’zbekistonda qamoq muddatini o’tamoqda. Helsinki Komissiyasi brifingida uning o’g’li G’ulom Umarov so’zga chiqdi.

“Muxolifat ichida turlicha qarashlar mavjud. Agar “Erk” va “Birlik” o’rtasida ziddiyatlar bo’lmaganida edi, bugun barchamiz bir partiyaning a’zosi bo’lar edik. “Erk” va “Birlik” Gorbachevning “qayta qurish” jarayonida paydo bo’lgan fahriy partiyalardir va shuning uchun ham ularning bugungi O’zbekiston muammolariga qarashlari o’sha davrga taqaladi. Biroq O’zbekiston boshdan kechirayotgan inqiroz “qayta qurish” zamonidagi muammolardan katta farq qiladi”, - dedi G’ulom Umarov.

Brifingda kuzatuvchi sifatida qatnashgan va chiqishlar so’nggida o’z xulosalarini keltirgan Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Marta Brill Olkot ham O’zbekiston muxolifatining tarqoq ekanini tan oldi.

“Men kecha bugungi brifingga tayyorlanayotganimda O’zbekiston muxolifati tarqoq degan xulosaga kelgan edim. Bugungi hol buni yana bir tasdiqladi”, - dedi tahlilchi Abdurahim Po’latovning tanqidlariga ishora qilib.

Biroq shunga qaramay, Olkot xonim nazarida, ushbu tarqoqlik muxolif guruhlar muvaffaqiyati yoki mag’lubiyatiga katta ta’sir ko’rsatmaydi.

XS
SM
MD
LG